Ma’muriy oldini olish choralari ma’muriy huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik niyatida qo‘llaniladi. Xususan, bu guruhda odamlar yoki hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar paydo bo‘lganda shu hududda karantin e’lon qilinishi; davlat chegaralarini yopish; yo‘l harakatini cheklash va to‘xtatish; transport ustidan texnik nazorat o‘tkazish; sanitariya nazorati; yong‘inning oldini olish nazorati; hujjatlarni tekshirish; olib ketilayotgan yoki olib kelinayotgan mollarni tekshirish; ichki ishlar organlariga fuqarolarni olib kelish, ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiy ogohlantirish (agar fuqaroning huquqbuzarlik yo‘liga kirmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida axborot bo‘lsa); jazoni ijro etish muassasalaridan bo‘shatilgan shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatish va hokazolar kiradi.
Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish. O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 289-moddasiga asosan, shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlarining, harbiy soqchilik, havo transportining, bojxona organlari va chegara
qo‘shinlarining vakolatli shaxslari, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, shunga vakolati bo‘lgan boshqa organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ko‘rikdan o‘tkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda bo‘lgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikki nafar xolis ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Ashyolarni ko‘zdan kechirish ichki ishlar organlarining, har- biy soqchilik, havo transportining, bojxona organlarining, chegara qo‘shinlarining, soliq organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalarining, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlarining, O‘zbe- kiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, tegishli vakolati bo‘lgan organlarning boshqa vakolatli shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Ashyolarni, ov qilish va baliq tutish qurollarini, qo‘lga kiritil- gan mahsulotlar va boshqa buyumlarni ko‘zdan kechirish, odatda, shu ashyo va buyumlar kimning mulki yoki egaligida bo‘lsa, o‘sha shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, mazkur ashyolar, buyumlarni mulkdorsiz (egasisiz) ikki nafar xolis ham ko‘zdan kechirib chiqilishi mumkin.
Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga yoxud ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish to‘g‘risidagi bayonnomaga tegishincha yozib qo‘yiladi.
Bojxona muassasalarida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolar- ni ko‘zdan kechirish bojxonaga doir qonun hujjatlari bilan belgilan- gan tartibda amalga oshiriladi.
Sanitariya nazorati. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi 1992-yil 3-iyul qonuniga asosan, davlat sanitariya nazorati sanitariya qonunlarining buzilishini oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishga qaratilgan sanitariya- epidemiologiya xizmatining faoliyatidir. O‘zbekiston Respublika- sining davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati qaysi idoraga bo‘ysunishidan va mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar, O‘zbe-
kiston Respublikasi hududida joylashgan davlat idoralari, korxo- nalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etishlari ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi.
Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi ushbu Qonunga hamda ular to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ish ko‘ruvchi tibbiy profilaktik muassasa hisoblanib, sanitariyaga doir va epidemiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari majmui uyushtirilishini va o‘tkazilishini ta’minlaydi hamda davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari- ning, Milliy xavfsizlik xizmatining va Markaziy Osiyo temir yo‘li- ning ishlatilayotgan va qurilayotgan obyektlarida idoraviy sanitariya nazoratini tegishli vazirliklar va idoralarning sanitariya-epidemiolo- giya stansiyalari amalga oshiradilar.
Sanitariya militsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlagan Nizomga muvofiq sanitariya tekshiruvini amalga oshiradi.
Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati idoralari, muassasalari va mansabdor shaxslari qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib rahbarlik qiladilar, uni uyg‘unlashtirib va tekshirib boradilar.