Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish
qoidalarini buzish (90-m.). Ov qilish, baliq tutish yoki baliq zaxiralarini muhofaza etish qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish, — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki usullar bilan ov qilish yoki baliq tutish, shuningdek, ov qilish yoki baliq tutishning boshqa qoidalarini muntazam ravishda buzish, — shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga, yoxud shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, uch yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladi.
Ov qilish va baliq tutish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi- ning «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-aprel qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilik-baliqchilik xo‘jaligini yuritish to‘g‘risidagi nizomi bilan belgilab berilgan.
«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 18 va 19-moddalariga muvofiq, tabiiy erkinlikda yashaydigan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, tutish maqsadida izlash, iziga tushish va quvlab borish, tutishga intilish yoki tutish (otish, tutib olish) shaklida amalga oshirilishi mumkin. Respublika hududida ov qilish va ovchilik-baliqchilik xo‘jaligini yuritish to‘g‘risidagi nizomning 14-moddasiga muvofiq, tabiiy erkinlik holatidagi yovvoyi hayvonlar ov qilishning obyekti bo‘lib hisoblanadi.
Ov qilish hayvonot dunyosidan maxsus foydalanish hisobla- nib, faqat maxsus ruxsatnoma — hayvonlar, qushlarni otish yoki
tutishga litsenziya yoxud yo‘llanma asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ov qilish uchun shaxs ovchilik jamiyatining a’zosi bo‘lishi talab etiladi. Baliqlarni qayta ishlash, sotish maqsadida baliq tutish faqat maxsus ruxsatnomalar — litsenziyalar asosida amalga oshiriladi, sport yoki havaskorlik tarzida baliq tutish tabiatdan umumiy foydalanish tartibida, ya’ni biron-bir ruxsat- siz, lekin taqiqlanmagan muddatlarda, belgilangan miqdorda va taqiqlangan qurollar, kimyoviy dorilar, to‘r va hokazolar ishlat- masdan amalga oshiriladi.
Ov qilishga litsenziyalar berilishi, ov qilishga ruxsat etilishi (ovchilik mavsumining boshlanishi) yoxud baliq tutishni taqiqlash muddatlarini belgilashni O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari amalga oshiradi. Bundan tashqari, ov qilish uchun litsenziyalar o‘rmon xo‘jaligi organlari va ovchilik xo‘jaliklari tomonidan ham berilishi mumkin. Baliqchilik xo‘jalik- lariga biriktirib qo‘yilgan suv havzalarida sport yoki havaskorlik tarzidagi baliq tutishni faqat shu xo‘jaliklarning ruxsati bilan, ro‘yxatga olingan suv havzalarida esa, — jamiyatning yo‘llanmalari bilan amalga oshirish mumkin.
90-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklarning obyekti tabiiy erkinchlik holatida bo‘lgan hayvonot dunyosidan foydala- nishning belgilangan tartibi hisoblanadi. Moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar qonun talablarini buzgan holda amalga oshiriladigan ov qilish yoki baliq tutish vaqtida sodir etiladi. Masalan, umumiy tarzda foydalaniladigan suv havzalarida besh kilogrammdan ortiq baliq tutish shunday huquqbuzarlikka kiradi.
Foydalanishning boshqa turlarini buzishlarga yovvoyi hayvon- larning qismlarini (shoxini, junini va hokazo), tuxumini, uvuldi- rig‘ini va shu kabilarni ovlash qoidalarini buzish kiradi.
90-moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzar- liklar yuqorida sanab o‘tilgan huquqbuzarliklardan farqli o‘laroq, ov qilish va baliq tutish qoidalarini qo‘pol ravishda buzish bilan sodir etiladi. Ovchilik jamiyatining a’zosi bo‘lmagan shaxsning ov qilishi yoki litsenziyasiz ov qilishi va baliq tutishi (garchi litsenziyaning bo‘lishi shart hisoblansa-da) tegishli ruxsatnomasiz ov qilish yoki baliq tutish hisoblanadi. Davlat qo‘riqxonalarida,
milliy tabiiy bog‘larning qo‘riqxona zonalarida, shaharlar va posyolkalardan bir kilometrdan yaqinroqda, boshqa aholi punkt- laridan 300 metr, avtobuslar qatnaydigan yo‘ldan 150 metrdan yaqinroqda va boshqa taqiqlangan joylarda ov qilish taqiqlangan joylarda ov qilish hisoblanadi.
Taqiqlangan muddatlarda ov qilish O‘zbekiston hududida ov qilish va baliq tutish qoidalarining 6-bandida nazarda tutilgan muddatlarni buzgan holda ov qilish hisoblanadi. Shu qoidalarning 11-bandida nazarda tutilgan muddatlarda (baliqlarning ko‘payish mavsumlarida) baliq tutish taqiqlangan muddatlarda baliq tutish deb e’tirof qilinadi. Taqiqlangan qurollar va usullar bilan ov qilish yoki baliq tutishga falokatga yo‘liqqan yovvoyi hayvonlarni ov qilish (suvdan suzib o‘tish vaqtida, yong‘indan himoya qilish vaqtida, boqilmay qolgan vaqtda va hokazo vaqtlarda ov qilish) hayvonlarni muzlikka, o‘rmon ichkarisiga, suvga haydash, ya’ni mazkur muhit turiga xos bo‘lmagan muhitga, yovvoyi hayvonlarni umumxavfli va qiruvchi qurollar hamda usullar bilan ovlash (miltiqlarni, qo‘ndoqli kamonlarni tayyor holda saqlash, ovlanadigan chuqurlar qazish, ilgaklar, qarmoqlar, juft tuyoqlilarga qopqonlar qo‘yish, portlovchi, kimyoviy va biologik zaharlovchi va behush qiluvchi moddalar ishlatish, elektr toki, to‘rlar va hokazolarni qo‘llanish), hayvonlarni jalb qilish uchun ovoz chiqaruvchi apparaturalarni ishlatish, jonivorlarni tunda yoritish asboblari bilan, mexanizatsiyalashgan transport vositalarini qo‘llangan holda ovlash va hokazolar kiradi.
Ov qilish va baliq tutishning boshqa qoidalarini muntazam
ravishda buzishlarga moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ko‘p marta sodir etish yoxud ov qilish va baliq tutishning boshqa qoidalarini buzishlar kiradi.
Huquqbuzarliklar fuqarolar va mansabdor shaxslar tomoni- dan qasddan sodir etilishi mumkin.
Hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini (ov qilish va baliq tutishdan tashqari) o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish MJTKning 60-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sifatida baholanishi kerak.