Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi. - Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Senat aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish (sharhlanayotgan moddaning 11-bandi). Senatorlar ham daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Albatta, biror senator jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi lozim boʻlsa, u toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Senatga maʼlum qiladi va ushbu masala Senat majlisida koʻrib chiqilib, muhokama etilib, haqiqatdan ham senator faoliyatida jinoiy yoki maʼmuriy koʻrinishdagi huquqbuzarlik mavjud deb topilsa, javobgarlikka tortilishi mumkin.
- Oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlarni qabul qilish (sharhlanayotgan moddaning 13-bandi). Xuddi Qonunchilik palatasi kabi Senat ham oʻz faoliyatini tashkil etish va tartibga solish yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Misol uchun, Senat qoʻmitalarini tuzishga oid, Senatning komissiyalarini tuzishga oid, Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini saylashga oid va h.k. masalalarda Senat qarorlar qabul qiladi.
- Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek, davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish (sharhlanayotgan moddaning 14-bandi). Senat ijtimoiy hayotning bir qator oʻziga tegishli boʻlgan masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Misol uchun, mamlakatning ichki siyosatiga doir masalalar: xavfsizlikni taʼminlash, ikki bozorni tartibga solish, amnistiya aktini eʼlon qilish, markaziy saylov komissiyasini tuzish va h.k.larga oid hamda davlatning tashqi siyosatiga doir masalalar: boshqa davlatlar bilan turli yoʻnalishlar hamkorlik qilish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va h.k.lar boʻyicha qarorlar qabul qilishi mumkin.
Ikkinchi guruh – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan turli lavozimlarga saylash, tayinlash va lavozimidan ozod etish bilan bogʻliq vakolatlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Oliy xoʻjalik sudini saylash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisini, Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish.
Senatning ushbu yoʻnalishdagi vakolatlarini biz “Senatning kadrlar masalasiga oid vakolatlari” deb atashimiz mumkin. Chunki yuqoridagi barcha vakolatlar Oʻzbekiston Respublikasida turli soha kadrlarini muayyan lavozimlarga saylash, tayinlash hamda lavozimidan ozod etish bilan bogʻliq. Aynan Senat tomonidan mamlakatning muhim muassasalari rahbarlarining saylanishi yoki tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi yuqori palataning davlat apparatidagi mavqeini yuksaltiradi. Bu, ayni vaqtda, demokratiyaning muhim koʻrsatgichlaridan biri hisoblanadi.
Uchinchi guruh – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mansabdor shaxslarni turli lavozimlarga tayinlashga oid farmonlarini tasdiqlash bilan bogʻliq vakolatlari: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlarini, Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash.
Ushbu guruhda davlat uchun oʻta muhim ahamiyat kasb etuvchi lavozimlarga mansabdor shaxslarni tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish boʻyicha Prezidentning farmonlarini tasdiqlash bilan bogʻliq Senatning mutlaq vakolatlari oʻz aksini topgan.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolat doirasida farmon, qaror va farmoyishlar chiqaradi. Koʻplab bunday mustaqil qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boshqa organ tomonidan tasdiqlanmaydi. Ayrim, oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlganlarigina, boshqa organ tasdigʻiga kiritiladi. Bu guruhda aynan shunday masalalar xususida fikr yuritilmoqda.
Bizga maʼlum, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari mamlakatda qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat olib boruvchi organga rahbarlik qiladi.
Milliy xavfsizlik xizmati raisi esa mamlakatning hududiy yaxlitligi, tinchligi, fuqarolarimizning tinch va osuda hayoti uchun masʼul boʻlgan tizimga rahbarlikni amalga oshiradi.
Yuqoridagi ikki davlat organining respublika uchun ahamiyati beqiyos. Bu, ushbu lavozimlarga kadrlarni joylashtirish masalasining ham nechogʻlik muhimligini anglatadi. Albatta, ushbu masala yuzasidan chiqarilgan Prezident farmonlari Senat tasdigʻiga kiritilishi lozim.
Toʻrtinchi guruh – Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy hayotidagi muhim masalalarni hal etishga oid vakolatlari: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish.
Ushbu guruhda, mamlakat hayotiga oid muhim masalalarni Senat tomonidan hal etiladigan turlari xususida soʻz boradi. Ulardan biri – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilishdir.
Ushbu masala, yaʼni amnistiya aktlarini qabul qilish muqaddam (Parlament ikki palatali tizimga oʻtgunga qadar) faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hal etilardi. Qonunchilikning takomillashuvi ushbu vakolatni Senatning mutlaq vakolatlari sirasiga qoʻshdi.
Maʼlumki, amnistiya – jinoyat sodir etgan shaxslarni toʻla yoxud qisman ozod qilish yoki ilgari sud tayinlagan jazoni oʻtagan shaxslarning sudlanganligini olib tashlashdan iborat faoliyatdir. Amnistiya akti normativ xususiyatga ega, yaʼni amnistiya aktida koʻrsatilgan shartlarga javob beruvchi barcha shaxslarga nisbatan joriy etiladi. Amnistiya eʼlon qilinishi bilan tergovda boʻlgan ishlar yoki tergovi tugagan, ammo hali sud tomonidan koʻrib chiqilmagan ishlar ham yurituvdan toʻxtatiladi. Jazoni oʻtayotgan shaxslar uni oʻtashdan ozod qilinadilar yoki jazo muddati qisqartiriladi. Agar ayblanuvchi ishning amnistiya boʻyicha toʻxtatilishiga eʼtiroz bildirsa, ushbu ishning tergovi va sudini yuritish davom ettiriladi. Sud ayblanuvchini aybdor deb topsa, ish amnistiya aktida koʻrsatilgan asoslarga koʻra toʻxtatiladi.
Bu mamlakatimizda hukm surayotgan insonparvarlik tamoyilining nafaqat nazariy, balki amaliy ifodasidir. Bunday davlat ahamiyatiga molik masalada Oliy Majlis Senati faol ishtirok etishi lozim.
Beshinchi guruhga davlat hayotiga oid muhim masalalar: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining, Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitishkabi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mutlaq vakolatlari kiradi.
Respublika Bosh prokurori har yili bir marta prokuratura faoliyati toʻgʻrisida hisobot beradi. Unda mamlakatda qonunga amal qilish borasidagi muammolar, korrupsiya va jinoyatchilikning darajasi, dinamikasi, uning oldini olish masalalari, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash va h.k. masalalar xususida Senatga hisobot taqdim etadi. Ushbu hisobotni eshitish va muhokama qilish, tegishli xulosaga kelish, muayyan chora-tadbirlarni belgilash Senatning vakolatidir.
Xuddi shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining, Markaziy bank boshqaruvi raisining hisobotlari ham davlatning ijtimoiy-iqtisodiy masalalari bilan uzviy bogʻliq. Shundan kelib chiqqan holda ushbu vakolatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga berilgan.
96-modda. Vakolat muddati tugagach, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.