O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan



Yüklə 3,37 Mb.
səhifə30/74
tarix07.01.2024
ölçüsü3,37 Mb.
#205016
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   74
Arxeologiyaga kirish O\'UM

TAYANCH SO'ZLAR VA IBORALAR Arxeologiya, xronologiya, makon, manzilgoh, ov qopqoni, g'or,
qoyatosh rasmlar, qishloq, shahar, ibodatxona, qabr-qo'rg'onlar, harbiy istehkomlar, sardoba, karvonsaroy va h. k.

ANNOTATSIYA


O'rta Osiyo hududida insoniyat tomonidan qilingan moddiy madaniyat yangiliklari. (Paleolit davridan ilk temir davrigacha) Yangilik kuzatilgan yodgorlik. Davriy sana.


Arxeologik yodgorliklar va ularning turlari. Arxeologik yodgorliklar turlicha ko‘rinishda bo‘lib, ularning tasniflashda ham ma’lum bir qiyinchiliklar yuzaga keladi. An’anaviy yondashuvga ko‘ra, yodgorliklar ikkita asosiy guruh, ya’ni aholi manzilgohlari va qabristonlarga ajratiladi. Yodgorliklarning katta qismi ayni shu ikki guruhga oid bo‘lib, qolgan yodgorliklar esa diniy inshootlar, hunarmandchilik ustaxonalari va boshqalarga oid. Mazkur turdagi inshootlar aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan bo‘lishi mumkin.
Tosh davriga oid yodgorliklar asosan ochiq va yopiq turdagi yodgorliklar guruhini tashkil etadi. Ushbu davrda ibtidoiy ajdodlar flora va faunasi boy bo‘lgan, tabiiy muhofaza ega va suv manbai yaqinida joylashgan g‘orlardan panohgoh sifatida foydalanishgan. G‘orlar mavjud bo‘lmagan hududlarda esa ochiq turdagi makonlar yoki ustiga va yon tomonlariga hayvon suyaklari terilib, uning ustidan esa hayvon terisi yopilgan yerto‘la, yarim yerto‘la yoki chayla shaklidagi panohgohlar barpo etishgan. O‘rta Osiyo hududidan ham tosh davriga oid ko‘p sonli yodgorliklar aniqlangan. Ular sirasiga quyidagi yodgorliklarni kiritishimiz mumkin.
Selungur makoni. Oloy tog‘ tizmasining So‘x daryo vohasi, Chashma qishlog‘i yaqinida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan tosh davri g‘or-makoni hisoblanadi. G‘or-makon qalinligi 8,5 metrni tashkil etib, unda beshta madaniy qatlam aniqlangan. Makondan 5 mingga yaqin tosh qurollar, tosh qurollar tayyorlash jarayonida hosil bo‘lgan tosh chiqindilari, ibtidoiy ajdodlar hamda yovvoyi hayvonlar suyaklari qoldiqlari aniqlangan.
Ko‘lbuloq g‘or-makoni. Mazkur g‘or-makon Toshkent viloyati Angren shahridan 5- 6 km masofa uzoqlikda, Qizil olma soyining chap sohilidagi shu nomdagi buloq yonida joylashgan. Ushbu g‘or-makon qalinligi 19 metrdan iborat bo‘lib, 49 ta madaniy qatlam aniqlangan. Bu yerda kam sonli tosh qurollar va hayvon suyaklari topilgan. Shuningdek, Yaqin va O‘rta Sharq hududida keng tarqalgan obsidiandan ishlangan yagona tosh qurol namunasi ham qayd etilgan.
Janubiy Qozog‘istonning Takali joy-makonlari. Mazkur makonlar majmuasi Qoratog‘ tizmasi yonbag‘ridagi Takali degan joyda joylashgan. Mazkur joy-makonlar majmuasidan 300 dan ortiq tosh qurollar namunalari qayd etilgan. Kichik Qoratog‘ning janubi-g‘arbiy tomonidagi qiyalikda esa Bo‘riqazigan va Tanirqazigan joy makonlari joylashgan. Ushbu makonlar majmuasidan chaqmoqtoshdan ishlangan qo‘l chopqilari, uchrindilar va har xil shakldagi nukleus tosh qurollari topilgan.
Teshiktosh g‘or-makoni. Mazkur tosh davri yodgorligi Boysun tog‘ining janubiy yonbag‘rida, dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan. Teshiktosh makonining madaniy qatlami qalinligi 1,5 metrni tashkil etib, unda beshta madaniy qatlam aniqlangan. Ushbu madaniy qatlamlardan neandertal bola tana suyaklari, 3000 ga yaqin tosh qurollar va hayvon suyaklari namunalari topilgan.
Yevropaning tosh davri mashhur g‘or-makonlari sirasiga Ispaniyadagi Altamir va Fransiyadagi Lasko yodgorliklarini kiritishimiz mumkin.
Altamir g‘or-makoni Ispaniyaning shimolidagi Kantabriya provinsiyasi hududidagi Santilyana-del-Marda joylashgan. G‘or-makonning uzunligi 270 metrni tashkil etib, bir nechta bo‘limlardan iborat. Eng katta bo‘limning uzunligi 18 metr va balandligi esa 2-6 metrni tashkil etadi. Tadqiqotlar natijasida g‘or devorlaridan ko‘p sonli yovvoyi hayvonlar tasvirlari aniqlangan.
Lasko g‘or-makoni Fransiyaning Dordonna departamenti hududida, Perigyo shahridan janubi-sharqiy tarafda, 40 kmlar chamasi masofa uzoqlikda joylashgan. G‘or-makonning o‘lchamlari katta emas va bir nechta bo‘limlardan tashkil topgan. Bo‘limlarning umumiy uzunligi 250 metr va balandligi esa o‘rtacha 30 metrni tashkil etgan. Mazkur g‘or-makon devorlaridan ham yovvoyi hayvonlar, odamlar va ov marosimi jarayoni tasvirlari aniqlangan.
Mezolit davri Mochay g‘or-makoni. Ushbu yodgorlik Hisor tog‘ tizmasining tarmoqlaridan biri – Ketmonchopti tog‘ining janubiy yonbag‘rida, Machay daryosining o‘ng sohilidagi Yuqori va O‘rta Machay qishloqlari oralig‘ida joylashgan. U daryo sathidan 70 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, kirish qismi janub tomonga qaragan. Kengligi 20 metr, chuqurligi 11 metr va balandligi esa 3,5-5 metrni tashkil etadi. Mochay g‘ori ko‘p qatlamli yodgorlik bo‘lib, toshdan yasalgan 800 dan ortiq buyumlar va qurollar qayd etilgan. Aholi manzilgohlari keng tushuncha bo‘lib, davriy sanasi, vazifasi va me’moriy tarhi tuzilishiga ko‘ra ma’lum bir guruhlarga ajratiladi. Ular sirasiga qishloqlar, shahar turkumidagi qishloqlar, shaharlar, harbiy istehkom-qal’alar, diniy inshootlar-ibodatxonalar, qo‘rg‘onlar va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Neolit davriga kelib tog‘li hududlarda toshlardan, tekistliklarda esa loy xom ashyosidan yasalgan guvala yoki quritilgan g‘ishtlardan, o‘rmon hududlarda yog‘och konstruksiyalardan barpo etilgan yerto‘la yoki yarim yerto‘la va cho‘l zonalarida esa loy va qamishlardan iborat chayla shaklidagi aholi
manzilgohlari paydo bo‘ladi. Masalan: Yaqin Sharqda joylashgan Iyerixon madaniyatiga oid Tell as-Sulton (Sulton tepaligi) manzilgohi. Shuningdek, mazkur yodgorlik Tel Iyerixon yoki Qadimgi Iyerixon nomlari bilan yuritiladi. Ushbu yodgorlik Iyerixon markazidan shimoliy tarafda, taxminan 2 km masofa uzoqlikda joylashgan. Eng qadimgi manzilgoh hisoblangan Sulton tepaligi umumiy maydoni 40 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Turar joylar aylanasimon shaklda bo‘lib, quyoshda quritilgan loy va somonli loy g‘ishtlardan barpo etilgan va rejali tarhga ega emas. Uylar devorlari loy suvoq qilingan. Har bir aholi turar joylari kengligi 5 metrni tashkil etib, uy ichida va tashqarisida o‘choqlar mavjud bo‘lgan. Manzilgoh yirik tosh devorlari bilan muhofazalangan bo‘lib, balandligi 3,6 metr va kengligi esa 1,8 metrni tashkil etgan. Mazkur arxeologik madaniyatning ikkinchi bosqichida esa manzilgoh to‘g‘riburchakli inshootlardan tashkil topgan bo‘lib, inshootlar tosh asos ustida barpo etilgan xom g‘ishtlardan barpo etilgan. Inshootlar xonalari o‘lchamlari 6,5x4; 7x3 metrni tashkil etadi. Aholi turar joylari markazida hovli joylashgan bo‘lgan. Marhumlar esa turar joylar poli ostiga yoki tashlab ketilgan turar joylarda kuzatuv buyumlari bilan birga dafn etilgan.
Mil. avv. III ming yillikning ikkinchi yarmida zamonaviy Afg‘oniston, Pokiston va qisman Hindiston hududida o‘troq dehqonchilik madaniyati, ya’ni Xarappa sivilizatsiyasiga asos solinadi. Mazkur madaniyatga oid ko‘p sonli aholi manzilgohlari aniqlangan bo‘lib, ularning eng yirik markazlari Rakxigarxi (350 gektar), Moxendjo-Daro (300 gektar), Xarappa (150 gektar), Lotxal (60 gektar) va Dxolavira (47 gektar) hisoblanadi. Markaziy shahri Moxendjo-Daro (marhumlar tepaligi)ning madaniy qatlami qalinligi 20 metrni tashkil etadi. Mazkur yodgorlik ikki qismdan, ya’ni to‘g‘rito‘rtburchak tarhiga ega sitadel va quyi shahardan tashkil topgan. Har ikkala qism devorlar bilan muhofazalangan. Ark qismda ko‘p sonli ustunlarga ega katta inshoot va diniy marosimlarda poklanish uchun mo‘ljallangan hovuz joylashgan. Shuningdek, arkda majlislar zali, bilim yurti, hammom, don saqlash uchun mo‘ljallangan omborxona va aholi turar joylari mavjud bo‘lgan. Mahallalarni ko‘chalar bilan ajratib turgan va ko‘chalar tagidan esa sopol quvurlar o‘tkazilgan bo‘lgan. Quyi shahar aholi boy qatlami turar joylari mavjud bo‘lib, murakkab suv ta’minoti tizimi va kanalizatsiya uchun sopol quvurlar izlari kuzatilgan. Bronza davrining so‘nggi bosqichida O‘rta Osiyoda ilk shahar madaniyati, ya’ni shahar turkumidagi qishloq Jarqo‘ton yodgorligi shakllanadi. Mazkur yodgorlik Surxondaryo viloyatining Sherabod tumani Bo‘stonsoy etaklarida joylashgan. Umumiy maydoni 100 gektardan oshiqroq bo‘lib, ark, shahar va qabriston qismdan iborat bo‘lgan. Ark qismi maydoni 3 gni tashkil etgan bo‘lib, yodgorlikning shimoli- g‘arbiy qismida joylashgan. Qalinligi 1,5 metr bo‘lgan mudofaa devori bilan o‘ralgan. Devorlar esa, o‘z navbatida, xom g‘ishtlardan barpo etilgan. Ark hududida saroy va aholi turar joylari mavjud bo‘lgan. Saroy o‘ziga xos monumental inshoot bo‘lib, markazida hovli joylashgan yo‘laklar, ularning atrofida esa yo‘laklar bilan kirish qismi orqali bog‘langan xonalar joylashgan bo‘lgan. Asosiy kirish qismi inshootning g‘arbiy qismi markazida bo‘lib, o‘z navbatida, uning yon tomonlarida minoralar mavjud bo‘lgan. Ibodatxona qism tarhi to‘g‘rito‘rtburchak shaklida bo‘lib, o‘lchamlari taxminan 60x44,5 metrni tashkil etgan. Shuningdek, yodgorlik hududidan
turar joylar va xo‘jalik qismdan iborat ko‘pxonali uylar, qabriston qismidan esa bronza (jez) davriga oid 2000 dan ortiq qabrlar qazib ochilgan.
Tarixiy o‘lka Baqtriya hududida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida Sherabod, Boysun, Surxon, Kofirnixon, Vaxsh, Panj, Qizilsuv, Dashtli, Furukobod, Oltin-Dilyor va Naibobod dehqonchilik o‘lkalarida joylashgan Qadimgi Baqtriya madaniyatiga oid bir nechta yodgorliklar o‘rganilgan. Qadimgi Baqtriya madaniyati yodgorliklarini quyidagi tiplarga ajratish mumkin:

  1. Shaharlar. Ular har bir dehqonchilik o‘lkasida bittadan joylashgan bo‘lib, ikki qismdan (ark va shahardan) iborat. Umumiy maydoni 22 gektargacha yetadi. Ark va shahar qism mudofaa devorlari bilan muhofaza qilingan (Qiziltepa, Hayitobodtepa, Jondavlattepa va boshqalar). Mudofaa devorlar 6-8 metr qalinlikda bo‘lib, Hayitobodtepada mudofaa devorining sahn ustida qurilganligi kuzatilgan. Hamma mudofaa devorlar burjlar bilan mustahkamlangan. Huddi shu davrda Baqtriyada mudofaa devorlar va burjlarga shinaklar o‘rnatish boshlangan. Shinaklar to‘g‘rito‘rtburchak shaklga ega.

  2. Arkli qishloqlar. Shu toifadagi qishloqlarning faqat ark qismi mudofa devorlari bilan o‘ralganligi bilan xarakterlanadi (Kuchuktepa).

  3. Arksiz qishloqlar. Tarqoq holda joylashgan tepaliklar majmuasidan iborat bo‘lgan yodgorliklar (Bandixon II yodgorligi atrofida joylashgan yodgorliklar majmuasi).

  4. Harbiy istehkomlar. Doira va kvadrat shaklida qurilgan qal’alar. Ushbu tipga oid yodgorliklar kuchli mudofaalanganligi va harbiy xarakterga egaligi bilan ifodalanadi. (Talashqontepa I, Bandixon I, II). Qal’aning ichki qismi ochiq hovlidan iborat bo‘lib, yashash uylari faqat mudofaa devorlari bo‘ylab qurilganligi kuzatilgan.

Qo‘rg‘onlar. Shaharlar va qishloqlar atrofida joylashgan kichik yodgorliklar (Qizilcha I, VI).
Aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan ustaxonalar sirasiga masalan: Xo‘ja Gulsuyar – Burgutlar makoni yodgorligi kiritishimiz mumkin. Tarmita-Termizning Kushon podsholigi davri inshootlarining qurilishi va bezatilishida qo‘llanilgan toshtaroshlik namunalari Termizdan 30 kilometr masofa uzoqlikda, Oks-Amudaryo bo‘ylab joylashgan Xo‘ja Gulsuyar mavzeidan qazib olingan. Kushon podsholigi davriga oid ushbu yodgorlik bu davrda oqtoshni qayta ishlaydigan ustaxona vazifasini o‘tagan.
Aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan diniy inshootlar sirasiga, shuningdek, Surxondaryo viloyati Eski Termiz yodgorligidan shimoli-sharqiy tarafda joylashgan Zo‘rmola yodgorligini kiritishimiz mumkin. Mazkur yodgorlik buddaviylik stupasi, ya’ni diniy inshoot hisoblanadi. Yodgorlik o‘lchamlari 32- 33x32-33x12 sm bo‘lgan xom g‘ishtlardan barpo etilgan inshoot. Inshoot tana qismi xom g‘ishtlardan qurilgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi, o‘lchamlari 22x16 m va balandligi 1,40 m bo‘lgan asos-sahn ustida barpo etilgan. Sahn ustida esa yodgorlikning balandligi 13 m va diametri 14,50 m bo‘lgan silindrsimon tana qismi joylashgan. Stupaning poydevor qismi oqtoshdan ishlangan blok va plitalar bilan
qoplangan bo‘lgan. Tadqiqotchining fikriga ko‘ra, XI-XII asrlarga oid termizshohlar saroyi poydevorida topilgan buddaviylikning jataka (jātaka – “tug‘ilgan”, Buddaning turli siymolarda yerda kechirgan ibratli hayoti haqidagi qadimgi hind masallari to‘plami. Mazkur to‘plam taxminan 547 ta masallarni o‘z ichiga olgan) mavzularidan biriga oid bo‘lgan tosh gorelyef Zo‘rmola stupasini bezatishda qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Yon-atrofdan aniqlangan topilmalarga ko‘ra, stupaning yuqori qismi qizil rangdagi pishiq g‘ishtlar bilan qoplanganlini aniqlangan. Janubiy qismida unga olib boruvchi zinalar joylashgan, yuqori qismida esa muqaddas buyumlar yoki xarmika (“xarmika” - sanskritcha “xarmya” - “qoya”, “saroy”, “qala” so‘zidan kelib chiqqan. Xarmika stupaning yuqori qismida o‘rnatilgan oqtoshdan ishlangan konstruksiya bo‘lib, unda buddaviylik ta’limotining asoschisi xoki yoki unga tegishli muqaddas hisoblangan buyumlar saqlangan) o‘rnatilgan ichki konstruksiya mavjud bo‘lgan deb taxmin qilingan.
Mahobatli Zo‘rmola stupasi G.A. Pugachenkovaning fikriga ko‘ra, parinirvana ramzini ifodalaydi. Zo‘rmola stupasi buddaviylikdagi 8 ta stupadan biri bo‘lgan Parinirvana stupasi guruhiga oiddir.
Bundan tashqari, XX asrning 90-yillaridan boshlab o‘zbek-fransuz ekspeditsiyasi tomonidan Eski Termiz qal’asi hududida tizimli ravishda arxeologik tadqiqot ishlari olib borilishi natijasida qal’adan shimoli-g‘arbiy tarafda joylashgan bandargoh hamda qal’a vazifasini bajargan Chingiztepa yodgorligi o‘rganiladi. Mazkur yodgorlik qal’a, shuningdek, turli davrga oid A va B, ya’ni saroy hamda shahar ichida joylashgan buddaviylik ibodatxonasi qismlaridan iborat inshootlar majmuasidan tashkil topganligi qayd etiladi. Shuningdek, bunday turdagi yodgorliklarga Tarmita-Termiz hududida joylashgan Qoratepa, Fayoztepa hamda Muhammad Hakim Termiziy maqbarasi yaqinida joylashgan buddaviylik xarakteridagi g‘orsimon inshootlar majmuasini ham keltirib o‘tishimiz mumkin.
  1. mavzu. Moddiy madaniyat namunalarining tarixni o‘rganishdagi o’rni





Yüklə 3,37 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin