GLOSSARIY Abjad hisobi – arab alifbosidagi harflarning har biri ma’lum songa tengligi asosida yuritiluvchi hisob. Ya’ni arab harflarining har biri alifbo tartibida ma’lum sonni ifodalaydi. Oson eslab qolinishi uchun sonlarni ifodalayotgan harflarni qat’iy alifbo tartibida biriktirish orqali sakkizta sun’iy so’z hosil qilingan bo’lib, ular hech qanday lug’aviy ma’noga ega emas. Abjad, havvaz, hutti, kalaman, sa’fas, qarashat, saxxaz, zazag’. Abjad hisobi atamasi mazkur so’zlarning birinchisi nomidan kelib chiqqan. Bu harflar 1 dan 1000 gacha sonlarni bildiradi. Sharq mumtoz she’riyatida abjad hisobidan ta’rix yozish, chiston va muammolarda keng istifoda etiladi.
Avtobiografik asar–(yun. Autos-o’zim, bios–hayot, grafo–yozaman)–muallifning o’z hayoti haqida izchil hikoya qilishiga asoslangan adabiy janr. Avtobiografik asar muallifi o’z hayotini qaytadan yashab ko’radi, uni bir butun sifatida idrok etishga intiladi. A.a. aksar hollarda mualliflarning ijodiiy yetuklik pallalarida, umrlari nihoyasida yoziladi. (mas. Oybekning “Bolalik” qissasi.) u memuar, kundalik va sayohatnomalarga o’xshab ketsa-da, ulardan tubdan farq qiladi. Shuningdek, A. a. avtobiografik xarakterdagi asarlar hamda turli munosabatlar bilan yoziladigan tarjimai hollardan tafovutlanadi.
Adabiyot – (ar. adab–go’zal xulq) – keng ma’noda, inson tafakkurining mahsuli o’laroq dunyoga kelgan, o’qish uchun mo’ljallab yozilgan asarlar jami. Tor ma’noda – so’z san’ati, badiiy adabiyot.
Adabiyotshunoslik– (ar. –adab, fors. tanish, o’rganish)– badiiy adabiyotning kelib chiqishi, mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarni o’rganuvchi fan. A.ning ob’yekti bo’lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko’lami-predmeti juda keng. Zamonaviy A. fani uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid. Uning matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya singari yordamchi sohalari ham mavjud.
Allegoriya–( yun. allos-o’zgacha, agoreuo- gapiraman)– 1) mavhum tushuncha yoki hodisani konkret narsa orqali ifodalashga asoslangan ko’chim turi. Mas. tulki–ayyorlikni ifodalaydi.
Alliteratsiya– (lot.al- yonida, litera–harf) – she’riy nutqda (nasrda nisbatan kam) bir xil undosh tovushlarning takrorlanishiga asoslangan ifodaviylikni kuchaytiruvchi vosita, takrorning fonetik sathdagi xususiy ko’rinishi. Mas. sochilgan sochingdek sochilsa siring (Cho’lpon).
Annotatsiya– (lot. annotatio- izoh, sharh) – asar mazmunining qisqacha bayoni. Noshirlik amaliyotida kitoblarning ichki muqovasida, ilmiy maqolalarning sarlavhasidan keyin beriladi. A. asarning o’ziga xos pasporti bo’lib, u bilan umumiy tarzda tarzda tanishtiradi.
Antologiya– (yun. guldasta)– biror milliy adabiyot, davr, adabiy yo’nalishga mansubligi jihatidan tanlangan ijodkorlar asarlaridan namunalarni jamlovchi to’plam.