Purim (qur’a) bayrami yahudiy bayramlarining ichida eng quvnoq hisoblanadi. Bu bayram yahudiylarning ularni qirib tashlamoqchi bo‘lgan Fors podshohi Homon zulmidan qutilganliklari sharafiga bahorda nishonlanadi. Ularni Homondan o‘z amakisi Mordexay qo‘lida tarbiyalangan Esfir ismli qizcha qutqargan. SHuning uchun bu kuni yahudiylar «Homonga la’natlar bo‘lsin», «Mordexayga Xudoning rahmatlari yog‘ilsin», deb qichqiradilar.
Yahudiylar O’rta Osiyoda
Ma’lumki, yahudiylar O‘rta Osiyoga qadim zamonlardan ko‘chib kelganlar. Ularning bu kelishlari haqida turli xil rivoyatlar mavjud. Ularning ichida umum e’tirof etilganlaridan biri shuki, yahudiylar bu mintaqaga Eron orqali kirib kelganlar. Bu xalqning O‘rta Osiyoga hijrati ko‘p asrlar mobaynida davom etdi. Taxminlarga ko‘ra, ular Assuriya quvg‘inlari paytida – er. av. VII-VI asrlarda Eronga ko‘chib kela boshlaganlar. Hatto e.r. av. VIII asrlarda ba’zi yahudiylar Isroilni tark etib, Misr, Eron kabi o‘lkalarda boshpana topganliklari haqida ham xabarlar bor. Fors davlati ma’lum muddat O‘rta Osiyoni o‘z hukmlari ostida tutib turgan va xuddi shu davrda yahudiylarning ko‘chib kelishi amalga oshgan. Bu fikrni mahalliy yahudiylarning fors lahjalaridan birida gaplashishlari ham quvvatlaydi. Ularning hayot tarzlari, urf-odatlari qadimiy yahudiy, fors va mahalliy - O‘rta Osiyo madaniyatlarining qorishmasidan iborat. Tarixning turli jarayonlarida bu uch madaniyatdan ba’zilarining ta’siri kuchayishi yoki aksincha susayishi kuzatilgan. XVIII asrning boshlarida O‘rta Osiyoda yuz bergan siyosiy jarayonlar tufayli yahudiylar Eron, Afg‘oniston, Xiva, Qo‘qon va Buxoro jamoalariga bo‘linib ketdi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Rossiya tomonidan O‘rta Osiyoning ma’lum bir qismining bosib olinishi yana yahudiylarning Turkiston Muxtoriyati va Buxoro Amirligi jamoalariga bo‘linib ketishiga olib keldi. Yahudiylik millat dini bo‘lganligi uchun yahudiylar qaerda bo‘lmasin, biri-ikkinchisidan qancha uzoq bo‘lmasin, o‘qiydigan kitobi – Tavrot, e’tiqod qiladigan dini yagona bo‘lib qolaverdi. XVIII asrda O‘rta Osiyo yahudiylari tushkunlik davrini boshdan kechirdilar. 1793 yili o‘zi G‘arbiy Afrikadan bo‘lib, Falastinning Sfat shahrida yashovchi Iosif Mamon Mag‘ribiy o‘z shahri yahudiylar uchun moddiy yordam to‘plash maqsadida Buxoroga keladi. U bu erlik yahudiylarning o‘z dinlaridan uzoqlasha boshlaganliklarini ko‘rib, shu erda qolishga va millatdoshlariga diniy ta’lim berishga ahd qiladi. Yahudiylar doimo tinch, kam aholili joylarda yashashni afzal ko‘rganlar. Agarchi O‘rta Osiyolik yahudiylarni Buxoro yahudiylari deyilsa ham, ular ko‘proq Samarqandda yashaganlar. XVIII asrning o‘rtalarida Nodir-shoh Samarqandni bosib olganida uning lashkarlari orasida turklar, lazginlar, afg‘onlar, eroniylar, shuningdek, yahudiylar bo‘lganlar. Ular Samarqandning Shoh-Kash, Chor-Raga, Novadon, Qo‘shhovuz kabi guzarlarida yashab qolganlar. Buxoro hukumati Nodir-shoh davrida yahudiylarga nisbatan yumshoq muomalada bo‘lgan.