Takrorlash uchun savol va topshiriqlar
Moliyaning iqtisodiy mazmunini tushuntiring va uning iqtisodiy vazifalarini bayon qiling.
Jamiyat va davlat moliya tizimlari asosiy bo‘g‘inlarining tavsifini bering. Moliya tizimida davlat budjetining o‘rni qanday?
Davlat budjeti milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlashda qanday rol o‘ynaydi? Bunda qanday usullardan foydalaniladi?
Budjet taqchilligi nima? Ijobiy va salbiy budjet taqchilligini tushuntiring.
Soliqlarning iqtisodiy mohiyatini tushuntiring va uning turlarini, asosiy vazifalarini ko‘rsating.
Moliyaviy siyosat va fiskal siyosatning umumiy va farqli jihatlarini tavsiflang.
Davlatning ichki va tashqi qarzlari manbalarini izohlab bering.
Soliq yuki nima? Uning iqtisodiyotga ta’sirini ko‘rsatib bering.
Laffer egri chizig‘ining mazmuni nimadan iborat?
Keyingi yillarda O‘zbekistonda budjet va soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni gapirib bering.
BOB. PUL-KREDIT TIZIMI. BANKLAR VA ULARNING BOZOR IQTISODIYOTIDAGI ROLI
Pulning harakati bozor iqtisodiyotining moliyaviy asoslaridan biri bo‘lib, barqaror pul tizimi, daromadlar va xarajatlar aylanishiga hayotiy tus bag‘ishlaydi, butun iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlab beradi, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishga imkon tug‘diradi va to‘la bandlikka erishishni ta’minlaydi. Aksincha, beqaror pul tizimi ishlab chiqarish, bandlik va narx darajasining keskin tebranishiga asosiy sabab bo‘lib, iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘lishi mumkin. Mazkur bobda pul muomalasi va uning amal qilish qonuniyatlarining mazmuni yoritiladi. Pulga bo‘lgan talab va taklif tahlil qilinib, inflyatsiyaning mohiyati ochib beriladi. Shuningdek, kredit tizimi, banklar va ularning bozor iqtisodiyotidagi roli, respublikada milliy valyutani mustahkamlash vazifalari tahlil qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |