O‘zbekistonda budjet va soliq tizimini takomillashtirish iqtisodiy islohotlar va davlat iqtisodiy siyosatining markaziy masalalaridan biri hisoblanadi. Zero, izchil soliq-budjet siyosatining amalga oshirilishi, soliq yukini kamaytirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi, soliq to‘lovchilarda ishlab chiqarishni kengaytirishga sharoit yaratilishi, ishlab topilgan va ularning o‘zlarida qoldirilayotgan mablag‘larning reinvestitsiya qilinishi oqibatida qo‘shimcha soliq obyektining paydo bo‘lishi hisobiga nafaqat budjetdagi yo‘qotishlar o‘rnining qoplanishi, balki soliq to‘lovchilarning qo‘shimcha daromadlarga ega bo‘lib, ishlab chiqarish imkoniyatining oshishiga olib keladi.
Mamlakatdagi soliq tizimining soddalashtirilishi va unifikatsiya qilinishi, soliq yukining yanada kamaytirilishi quyidagi bir qator vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga moddiy zamin yaratadi:
soliq yukining kamaytirilishi orqali soliq imtiyozlarining kengaytirilishi xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi va iqtisodiyotni modernizatsiyalashni kengaytirishga imkon yaratadi;
soliq tizimini soddalashtirish va soliq stavkalarini pasaytirish o‘z navbatida xususiy mulkchilik tarmog‘ini kengaytiradi, biznes uchun qulay muhit yaratadi va uning kafolatlarini mustahkamlaydi;
soliq yukini kamaytirish hisobiga soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar reinvestitsiya qilinishiga hamda ishchi xodimlarning ish haqiga yo‘naltirilishiga tavsiya qilinishi, jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq stavkasining oraliq chegaralari bo‘yicha pasaytirilishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarining kengaytirilishi pirovardida aholi daromadlarining oshishiga hamda yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga olib keladi;
soliq yukini kamaytirish natijasida soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolgan mablag‘lardan samarali foydalanish aholi daromadi va bandlik darajasini oshirish orqali xarid talabining jadal o‘sishini ta’minlaydi;
soliq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va soliq yukini kamaytirish eksportni har tomonlama rag‘batlantirish va valyuta zahiralarini tejash, ulardan oqilona va samarali foydalanishni ham ta’minlaydi;
soliq tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish uy-joy kommunal xo‘jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda energiya resurslaridan foydalanishda tejamkorlikni ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, aholining real daromadlarini va iste’mol talablarini oshirishda muntazam ravishda soliq yukini kamaytirish choralarining keng qo‘llanilishi o‘z natijalarini bermoqda. Ayniqsa, soliqlar va to‘lovlarni
birxillashtirishga katta e’tibor qaratilishi soliqqa tortish mexanizmlarining oshkoraligiga, soliqlarni hisoblash va to‘lashga oid korxonalar faoliyatini soddalashtirishga, shuningdek, soliq majburiyatlarining bajarilishini samarali nazorat qilishga yordam beradi. Ayni paytda bu hol respublikada qo‘llaniladigan soliq tizimini xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirish zarurati bilan izohlanadi.
Soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash sharti bilan soliq tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-son Farmoni bilan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining quyidagilarni nazarda tutuvchi asosiy yo‘nalishlari belgilangan edi.
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12% miqdorida yagona stavkasini joriy qilish, fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini (mehnatga haq to‘lash fondidan 8%) bekor qilish, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini kichik korxonalar uchun 15% dan 12% gacha, hamda budjet tashkilotlari va davlat korxonalaridan boshqa yirik korxonalar uchun 25%dan 12%gacha kamaytirish hisobiga mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yukini kamaytirish;
foyda solig‘i stavkasini 14%dan 12%gacha pasaytirish;
dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini 10% dan 5% gacha pasaytirish;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 5%dan 2%ga pasaytirish;
sement, klinker, mis va polietilen granulalar bo‘yicha qo‘shimcha foyda solig‘ini bekor qilish;
o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish;
barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 137 trln. so‘mni (YaIMga nisbatan 26,1%) tashkil etgan, bu 2018 yildagiga qaraganda 27% ko‘p (2018 yilda daromadlar 108 trln. so‘mni yoki YaIMga nisbatan 26,5%ni tashkil etgan).
2019 yildagi daromadlar bo‘yicha Davlat budjeti ijrosi dastlabki yakunlarining ko‘rsatishicha, tushumlar 112,1 trln. so‘mni tashkil etib, 2018 yildagiga (79,1 trln. so‘m) nisbatan 1,4 baravar oshgan.
Bunda YaIMga nisbatan Davlat budjetining daromadlari YaIMga nisbatan 19,4%dan 21,4%gacha yoki 2 foiz bandiga oshgan.
Ma’lumot uzatish, statistika, moliya va soliq hisobotlarining elektron shakli va tarmoqlari hayotimizga izchil va tizimli asosda joriy etilmoqda. Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 89 foizdan ortig‘i soliq hisobotlarini, qariyb 86 foizi statistik hisobotlarni elektron shaklda topshirmoqda.
Respublikada 2009-2019 yillarda turli soliq stavkalarining o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatadiki, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, dividend (foizlar) shaklida olinadigan daromadlardan foyda solig‘i, aksiz solig‘i, yagona soliq to‘lovi, yagona ijtimoiy to‘lovlarda ayrim o‘zgarishlar vujudga keldi (21.4-jadval).