HOKIMIYAT VAKILI – davlatning biror bir organining nomidan ish ko‘rib,
muayyan vazifalarni doimiy yoki vaqtincha amalga oshiruvchi va o‘z vakolatlari
doirasida ko‘pchilik yoxud barcha fuqaro yoki mansabdor shaxslar uchun
majburiy bo‘lgan harakatlarni sodir etish yoki farmoyishlar berish huquqiga ega
bo‘lgan shaxs.
HOKIMIYATLAR BO‘LINISHI – davlat nazariyasining asosiy prinsiplaridan
biri bo‘lib, unga ko‘ra yagona davlat hokimiyati mustaqil va bir-biriga
bo‘ysunmaydigan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linadi
(ular bilan bir qatorda ba’zan ta’sis etuvchi, saylovchi va nazorat hokimiyati
ham ajratiladi).
HUKUMAT – davlatning oliy kollegial ijro etuvchi organi. Hukumat turli
mamlakatlarda turlicha nomlanishi mumkin: Vazirlar kengashi (Fransiya, Italiya,
Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, O‘zbekiston), Davlat kengashi
(XXR) va boshqalar. Hukumat partiyasiz, bir partiyali va koalitsion bo‘lishi
mumkin. Prezidentlik respublikalarida (shunday organ konstitutsiyada nazarda
tutilganlarida) Hukumatni prezident tuzadi, bunda u tayinlagan Hukumat
a’zolaridan har biri qator mamlakatlarda (Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston,
Qirg‘izistonda) parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.