1.2. Vatanparvarlik – eng ulug‘ ma’naviy fazilat
Hozirgi paytda dunyo xalqlarining aksariyatida milliy xarakter o‘zgarishi, mentalitet transformatsiyasi yuz bermoqda. Ayniqsa, millat o‘zligining asosiy o‘q ildizi bo‘lgan vatanparvarlik, siyosiy e’tiqod fazilatlari jiddiy talafot ko‘rmoqda. Xususan, hozirgi paytda Rossiya maktablarida maqsadli shakllantirilayotgan 12 ta ijtimoiy fazilatlar qatorida vatanparvarlik fazilati jamiyatda juda past, ya’ni ahamiyatiga ko‘ra 10-o‘ringa tushib ketganligi xususida ommaviy axborot vositalarida yozilmoqda. Xuddi shunday holat AQSH, Fransiya, Belgiya, Italiya va boshqa davlatlarda ham yuz berayotganligi xorijiy siyosatshunos va sotsiolog olimlar tomonidan qayd etilmoqda. Eng tashvishlanarlisi, vijdon, oriyat, to‘g‘rilik singari insoniy jihatlar shaxsning jamiyatda adaptatsiya bo‘lishi, ya’ni muvaffaqiyatli moslashib, hayotga kirishib ketishi uchun yordam beruvchi fazilatlar sifatida emas, balki xalal beruvchi xislatlar sifatida baholanmoqda11.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning aytgan quyidagi so‘zlar yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi: “Barchamiz bir haqiqatni chuqur tushunib, anglab olishimiz kerak: bugun gap xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi, jondan aziz bolalarimizning baxti va kamoli haqida bormoqda. Shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida barchamiz belimizni mahkam bog‘lab ishlashimiz, bor aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni, jonajon Vatanimizga farzandlik mehrimiz va sadoqatimizni safarbar etishimiz kerak”12.
Mustaqillik – ozod, obod Vatan garovidir. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimi shakllandi1314.
Alisher Navoiy shahzoda Badiuzzamonga yozgan maktublaridan birida maqsad xususida shunday ibratli fikrlarini bayon etgan: “Odamning murodmaqsadi bo‘lmasa, balolardan omon qolmaydi. Ammo har kishining murodu ko‘proq bo‘lsa, haq-taolo amriga itoati ko‘proq bo‘ladi”15. Vatani bor odamning g‘ururiftixori yuksak, maqsad-muddaosi aniq bo‘ladi. Vatani – tog‘dek tayanchi borligini his etgan inson har qanday sinovga, har qanday mashaqqatga doimo tayyor turadi. Shiroq, To‘maris, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi xalq qahramonlarining jasorati, dushmanga qarshi kurash, Vatan ozodligi yo‘lidagi mardligi va jonbozligi buning yorqin tasdig‘idir. Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘zining haqiqiy tarixi haqida gapirish huquqiga ega bo‘ldi, Vatan ozodligiga erishdi.
Vatan tuyg‘usi bo‘lgan kishida vatanparvarlik jo‘sh uradi. Vatanparvarlik deganda esa, yana quyidagilarni anglash joiz:
o‘z xalqini, tarixini yaxshi bilish va u bilan faxrlanish;
qadimiy obidalar, mislsiz imoratlar, ajdodlar yaratgan moddiy va ma’naviy meroslarni ko‘z qorachig‘iday asrash va avlodlarga taqdim etish;
xalqimizning, ajdodlarimizning go‘zal va ma’noli urf-odatlari, rasmrusum va udumlarini qadrlay bilish, ularni davom ettirish;
ajoyib vatandoshlar – ajdodlar nomi, ularning ulug‘ ishlari, ijodlari bilan faxrlanish, ularning ishlarini davom ettirish, ularga munosib voris bo‘lish;
shunday ajoyib xalqqa, yurtga, uning boy tili va madaniyatiga mansubligi bilan faxrlanish;
Turonzaminni himoya qilib, tomirida oxirgi qoni qolguncha
dushmanga qarshi kurashgan bahodirlarni, ayovsiz janglarda halok bo‘lgan qahramonlar nomini yod etish;
o‘tgan asrning yigirmanchi, o‘ttizinchi, qirqinchi, elliginchi va nihoyat saksoninchi yillarida xalqimiz, millatimizga qarshi uyushtirilgan qatag‘onlarda qamoq va surgun azoblarini boshidan kechirgan va halok bo‘lgan minglab millatimiz gullarini unutmaslik;
bu aziz va go‘zal Vatanimizda yuksak e’tiqod bilan yashash, unga hamisha sadoqatli bo‘lishdir16.
Vatanparvarlik hammamizning o‘z ishimizga mas’uliyat bilan qarash, uning boyliklarini ko‘z qorachig‘iday asrash, boyliklariga o‘z ulushimizni qo‘shish, ilmfan cho‘qqilari sari intilish kabi harakatlardir. Vatanparvarlik bir so‘z bilan aytganda, o‘z ijobiy ishlarimiz, bunyodkorlik harakatlarimiz bilan uning kuchqudratiga, gullab-yashnashiga imkon darajasida hissa qo‘shish. Ona yurtimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlashga intilish vatanparvarlikning belgisidir. Bugungi kunda yurtimizda mustaqillikni mustahkamlash, yurt taraqqiyotini ta’minlash uchun qahramon ajdodlarimiz jasoratidan kam bo‘lmagan jasorat, mardlik va shijoat talab qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |