Ijtimoiy-madaniy taraqqiyot mezoni. Hozirgi zamon tsivilizatsiyasi o’ziga xos xususiyatlar va muammolarga
ega. Bunda eng muhimi jahon tsivilizatsiyasini saqlab qolish va uni yanada rivojlantirishdir. Jahon tsivilizatsiyasini
tanazzulga olib keladigan qator tahdidlarni bartaraf etishda quyidagilar nihoyatda katta ahamiyatga molik:
- insonni oliy qadriyat sifatida e’tirof etish;
- tabiatni asrab-avaylash;
- ekologik xavfsizlikni ta’minlash;
- ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish;
- davlatlar, xalqlar o’rtasidagi nizolarni siyosiy yo’l bilan muzokaralar orqali hal etish;
- turli jinoiy uyushmalarga barham berish, xalqaro terrorchilik va giyohvandlikka, turli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish;
- kishilarda yangicha dunyoqarash va siyosiy tafakkurni shakllantirish.
Bunday muammolarni oqilona hal etish uchun turli mamlakat, mintaqa va xalqlar o’rtasida umumiy hamjihatlik va
hamkorlikka bo’lgan intilish tobora ortib bormoqda. Islom Karimovning qator asarlari va nutqlarida ta’kidlanganidek,
ayrim mintaqalardagi mojaro va ziddiyatlar o’z vaqtida oqilona hal etilmasa, jahon tsivilizatsiyasi rivojiga salbiy ta’sir
ko’rsatishi mumkin.
Turli falsafiy tizimlarda dunyoning ijtimoiy-madaniy taraqqiyot mezoni turlicha talqin etib kelindi. Xususan, ishlab
chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi, texnik va texnologik yutuqlar, tabiiy-geografik omilga ijtimoiy-madaniy
rivojlanish mezoni sifatida qaraldi. Hozirgi paytda qator falsafiy adabiyotlarda shaxs ma’naviyati va uning erkinlik darajasi
ijtimoiy-madaniy taraqqiyot mezoni sifatida ko’rsatilyapti.
Jamiyat taraqqiyotiga tsivilizatsiyaviy yondashuv. Falsafa tarixida jamiyat rivojiga turlicha yondashishlar
vujudga keldi. Bular — formatsiyaviy yondashuv, ko’pvariantli yondashuv, tsivilizatsiyaviy yondashuv kabilardir.
Ijtimoiy amaliyot, tarix tajribasi insoniyat jamiyati taraqqiyotiga formatsiyaviy yondashishning biryoqlama, sun’iy
ekanini ko’rsatdi. Hozirgi zamon G’arb falsafasida U. Rostouning iqtisodiy rivojlanish nazariyasi keng yoyildi. O.
Toffler nazariyasiga ko’ra, butun insoniyat tarixi uch katta davrga — agrar jamiyat, sanoat jamiyati va postindustrial
jamiyatga (axborot jamiyatiga) bo’linadi.
Ijtimoiy taraqqiyotga tsivilizatsiyali yondashish har bir xalq, mamlakat, mintaqa taraqqiyotiga noyob va
takrorlanmas jarayon sifatida qarashga asoslanadi. Bunday yondashish mohiyatan formatsiyaviy yondashishga ziddir.
Tsivilizatsiyali yondashish har bir milliy madaniyatning o’ziga xosligini, noyob va betakrorligini saqlagan holda
ijtimoiy rivojlanishning tadrijiy yo’ldan borishini e’tirof etadi va jahon tsivilizatsiyasi yutuqlariga tayanadi. Ijtimoiy
taraqqiyotga tsivilizatsiyali yondashishning mohiyati, xususiyatlari va mazmuni Prezident I.A.
Karimovning
«O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida...» va boshqa asarlarida o’z ifodasini topdi.