boshlanadigan joyda qolib ketardi. Kun sayin chuqurlashib, fan sirlarini bor murakkabligicha tushuntirishda davom
etayotgan o’qituvchi sanoqli talabalar bilan birga o’sha shaharga kirardi, ko’chalar, mahallalarni – falsafa dunyosini
kezishda davom etardi. Lekin qolgan talabalar esa bu xazinadan bebahra bo’lib, shaharga kirmasdan o’tadigan aylanma
yo’ldan borishga majbur bo’lar va shu tariqa falsafaning mohiyatini durustroq tushunmay,
diplom olardi hamda
amaliyotga ketardi.
Bundaylar nazarida falsafa tushunarsiz, mavhum va ortiqcha fan bo’lib qoladi, faqat baho olish uchun yodlangan
qonun va qoidalar tez orada unutiladi. Ularda falsafa qonunlarini hayotga tatbiq etib bo’lmaydi, bu — foydasiz bilim
sohasi, binobarin uni o’rganishga ketgan vaqt bekorga o’tdi, degan alamli qarash shakllanib qoladi. Agar falsafadan
bilim beruvchi o’qituvchining o’zi ham bu sohani bir mahallar chetlab o’tgan sobiq talabalardan biri bo’lsa, masala
yanada chigallashadi.
Hurmatli talabalar, ushbu so’zlarni falsafa bo’yicha tahsil tugab, imtihonlar yaqinlashgan onlarda diqqat bilan yana
bir marta o’qib chiqing. Falsafani o’qigan davringizga, demakki, siz mansub bo’lgan falsafiy voqelikka shu nuqtai
nazardan baho berishga harakat qiling. Ana shunda masala nihoyatda oydinlashgan va barchaning, u o’qituvchimi yoki
talabami, bundan qat’i nazar, qanday baho olgani aniq bo’lib qoladi.
Aslida, falsafaning asosiy vazifasi inson ongida sog’lom aqlga mos dunyoqarashni shakllantirishdan iborat.
Bunday
dunyoqarash biron-bir g’oyani zo’rlab singdirish yoki quruq yod oldirish orqali emas, balki ishontirish, xilma-xil
fikrlarni o’rtaga tashlash, muhokama qilish, zarur tushuncha, tamoyillarni aniqlash jarayonida shakllanadi va
rivojlanadi.
Ana shularni hisobga olgan holda, mazkur ma’ruza matnlarida quyidagilarga alohida e’tibor qaratildi:
— falsafani jahon madaniyati va tsivilizatsiyaning muhim tarkibiy qismi sifatida o’rganish;
- falsafiy g’oyalar, muammolar, oqim va yo’nalishlarni tavsiflashda umuminsoniy va milliy
qadriyatlarning
uyg’unligi tamoyiliga amal qilish;
- xilma-xil falsafiy ta’limot va turli qarashlarni bir butun jarayonning ifodasi bo’lgan ilmiy bilimlar tizimi sifatida
talqin etish;
- mavzularni aniq sharoit va jarayonlar bilan bog’lab tavsiflash, ularni izohlashda umumbashariy va milliy
miqyosdagi dalil va misollarga tayanish;
- har bir mavzuni istiqlol va O’zbekistonda amalga oshirilayotgan tub o’zgarishlar bilan uzviy bog’liq holda
tushuntirish.
Biz bu jarayonda biror bir g’oya, oqim, yo’nalish yoki falsafiy ta’limotni mutlaqlashtirib, boshqalarining
ahamiyatini kamsitish fikridan yiroqmiz. Aksincha, bizning maqsadimiz ularning barchasini xolis talqin etish,
talabalarda
falsafa fani, xilma-xil falsafiy oqimlar, ularga mansub faylasuflar va ularning ta’limotlari haqida to’g’ri va
xolisona tasavvurni shakllantirishdan iborat.
Respublika Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmasiga binoan, O’zbekiston faylasuflari milliy
jamiyatining bir guruh a’zolari tomonidan nashrga tayyorlangan ushbu ma’ruza matnlari falsafani yangi tamoyillar
asosida tavsiflash borasidagi ilk tajribalardan biridir. Shu sababli unda ayrim xato va kamchiliklarga yo’l qo’yilgan
bo’lishi mumkin. Matnlar, asosan, ijtimoiy fan sohalari uchun mutaxassis tayyorlamaydigan oliy o’quv yurtlari
talabalariga mo’ljallangan. Mazkur to’plamni qo’llash jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida ana shu talabalar
uchun yangi darslikni tayyorlash ko’zda tutilgan.
Ushbu ma’ruza matnlari turlicha fikr uyg’otishi shubhasiz. Bu boradagi taklif va mulohazalar uchun oldindan
minnatdorlik bildirgan holda, ularni respublika Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi yoki O’zbekiston faylasuflari milliy
jamiyatiga yuborilishini so’raymiz.