BIRINChI BO’LIM.
FALSAFANING JAMIYaTDAGI O’RNI,
BAHS MAVZULARI VA ASOSIY VAZIFALARI
1-mavzu. Falsafaning asosiy mavzulari va muammolari
Reja:
1. «Falsafa» atamasining mohiyati va mazmuni.
2. Falsafaning bahs mavzulari va asosiy muammolari.
3. Falsafiy muammolar bilan bog’liq oqim va ta’limotlar.
4. Falsafaning milliy va umuminsoniy tamoyillari.
5. O’zbek falsafasi, uning zamonaviy rivojlanish muammolari.
Bashariyat milodiy XX asr bilan xayrlashib, uchinchi ming yillikka qadam qo’ymoqda. Insoniyat bugungi kunga
kelib, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Fan va texnika, madaniyat va maorif beqiyos
rivojlandi. Odamzod o’zining aql-zakovati va mehnati bilan juda ko’p yangiliklar yaratdi. Dunyoning ko’plab sir-asrori
kashf etildi, buyuk ixtirolar qilindi.
Ma’naviy boyliklar orasida falsafa ilmida to’plangan hikmatlar xazinasi eng muhim o’rin tutadi. Har bir davrning buyuk
donishmandlari bo’ladi. Ular o’z yurti va xalqining tafakkuri, ruhiyati hamda orzu-intilishlarini falsafiy ta’limotlarida, muayyan
darajada, ifoda etganlar, jamiyat farovonligi va millat ravnaqi uchun xizmat qiladigan yuksak g’oyalarni o’rtaga tashlaganlar.
Xalqni buyuk maqsadlar sari etaklovchi bayroq sifatida namoyon bo’ladigan bu g’oyalarning muayyan davr mafkurasiga
aylanishida falsafiy bilimlar katta ahamiyat kasb etadi.
Avvalo,
falsafa o’zi nima,
degan masalaga to’xtalib o’taylik. U insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardandir.
Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning o’zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi,
rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo’qlik kabi ko’plab muammolar haqida bahs
yuritadigan fandir.
Falsafa asoslari bayon qilingan aksariyat darsliklarda ushbu atama qadimgi yunon tilidagi «filosofiya» so’zidan
olingani va u «donishmandlikni sevish» («filo» — sevaman, «sofiya» — donolik) degan ma’noni anglatishi
ta’kidlanadi. Bu — ushbu so’zning, atamaning lug’aviy ma’nosi bo’lib hisoblanadi. Asrlar davomida filosofiya
so’zining ma’no-mazmuniga xilma-xil qarashlar, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o’rniga nisbatan turlicha
munosabat va yondashuvlar bo’lgan, bu atamaning mohiyat-mazmuni ham o’zgarib borgan.
«Filosofiya» atamasi va u ifoda etadigan bilimlar majmui Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII-III
asrlarda yuz bergan buyuk yuksalish natijasi sifatida yuzaga kelgan edi. O’sha davrda endigina shakllanib kelayotgan
nazariy fikrning ifodasi falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda «Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum bo’lgan,
buyuk alloma Pifagor ishlatgan. Evropa madaniyatiga esa, u buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan.
Shu tariqa, u avvalo, qadimgi Yunonistonda alohida bilim sohasiga, to’g’rirog’i, «fanlarning otasi», ya’ni asosiy fanga
aylangan.
Qadimgi dunyoda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug’ullanishidan qat’i nazar, filosofiya
deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, ham tabiat to’g’risidagi ilm hisoblanar edi. Shu ma’noda, dastlabki filosofiya
olam va unda insonning tutgan o’rni haqidagi qarashlar tizimi bo’lib, dunyoni ilmiy bilish zaruratidan vujudga kelgan
edi. Bundan tashqari, qadimgi Yunonistonda yuz bergan buyuk uyg’onish davri o’ziga xos falsafiy mafkurani ham
yaratganligi shubhasiz. Uning eng asosiy qadriyati erkinlik tushunchasi ekanini, ana shu erkin hayot to’g’risidagi
qarashlar buyuk madaniy yuksalishga asos bo’lganini aksariyat olimlar alohida ta’kidlaydi.
Sharqda «Ikkinchi Arastu», «Ikkinchi muallim» deya e’tirof etilgan buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy filosofiya
so’zini «Hikmatni qadrlash» deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida «donishmandlikni sevish»
degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va
hikmatlarni e’zozlash ma’nosida ishlatilgan.
Hayot qonuniyatlarini yaxshi biladigan, umrning o’tkinchi ekani, abadiyat insonga emas, olamga xosligini yaxshi
anglab etgan, o’zi va o’zgalar qadrini to’g’ri tushunadigan kishi hech qachon «Men — donishmandman» deya ochiq
e’tirof etmaydi. Ayniqsa, Sharq xalqlari hayotida bu hol yaqqol ko’zga tashlanadi. Ammo, Farobiy ta’kidlaganidek,
hikmatni qadrlash, olam va odam hamda hayotning qadriga etish — boshqa gap. Shu ma’noda, bizda qadim zamonlarda
faylasuf deganda, ko’pdan-ko’p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va
mutafakkir kishilar tushunilgan.
XIX asr nemis qadriyatshunosi I. Rikkert ham shunga o’xshash fikrni quyidagicha bayon qilgan: «Odamzod olam
va odam hamda hayotning qadrini anglab, ular omonat bir narsa ekanini tushuna boshlagan davrlardan falsafiy
fikrlashga kirishgan. Binobarin, birinchi faylasuf, kim bo’lganidan qat’i nazar, hayotni qadrlaydigan kishi bo’lgani
shubhasiz».
Falsafa, avvalo, muayyan ilmiy bilimlar tizimidir. U, bir tomondan, insonning voqelikni aql vositasida idrok etishi,
ikkinchi tomondan, ongning afsona va rivoyatlar asosidagi shakllardan uzil-kesil ajralish jarayoni natijasidir. Bu ikki
jihat bir-biri bilan uzviy bog’liq. Chunki behuda xayolparastlik, havoyi va afsonaviy fikrlash tarzidan xalos bo’lish
ilmiy bilimlarni egallash orqali ro’y beradi. Eng muhimi, falsafa kundalik turmushda uchrab turadigan eskilik asoratlari,
bid’at va cheklanishlarga muxolif bo’lgan hurfikrlikdir. Falsafa aynan ana shunday yangi dunyoqarashning shakllanishi
uchun asos bo’ldi.
«Falsafa» atamasi «filosofiya»ning Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Odatda u tushuncha sifatida tor va keng
ma’nolarda qo’llanadi. Xususan, keng ma’noda uni antik — qadimiy falsafada «donishmandlikni sevish» deb
tushunilganini aytib o’tdik. Ayrim faylasuflar va falsafiy oqimlar, chunonchi, ingliz faylasufi T. Gobbs (1588—1679)
uni «to’g’ri fikrlash orqali bilishga erishish», nemis faylasufi Hegel «umuman predmetlarga fikriy yondashish»,
Lyudvig Feyerbax «bor narsani bilish», pragmatizm ta’limoti namoyandalari esa, «foydali narsalarni bilish jarayoni»
deya talqin etgan.
«Falsafa» tushunchasi tor ma’noda madaniyat, san’at, aqliy yoki hissiy bilish usuli, vositasi tarzida ta’riflanadi.
Falsafaga bo’lgan munosabatning xilma-xilligiga asoslangan holda, unga yaxlit, umumlashgan ta’riflar ham berilgan.
Falsafaga ijtimoiy ong shakli bo’lgan madaniyat, san’at, qadriyat nuqtai nazaridan qaraydigan bo’lsak, uning milliyligini
aks ettirish imkoniyati tug’iladi. Ammo ontologiya, gnoseologiya, naturfilosofiya, antropologiya kabi fan sohalari nuqtai
nazaridan qaralsa, ushbu ta’rifda umuminsoniylik va universallik falsafaning asosiy xususiyati ekanini ta’kidlash lozim
bo’ladi.
Haqiqiy falsafa tafakkur mahsuli bo’lgan narsalarni oliy darajadagi haqiqat sifatida mutlaqlashtirmaydi. Bu borada
Suqrotning «Men hech narsani bilmasligimni bilaman» degan e’tirofi haqiqat mezonidir. Holbuki, Suqrot qadimgi
Yunonistonning eng bilimli faylasufi bo’lgan. U bilimdon, bahs-munozara chog’ida har qanday suhbatdoshni ham mot
qilib qo’ya olgani haqida tarixda misollar ko’p. Falsafiy bilimlar rivoji uzluksiz jarayon bo’lib, u insoniyatning tafakkur
bobida ilgari erishgan yutuqlarni tanqidiy baholashni taqozo etadi. Biroq bu — ularni tamoman rad etish, ko’r-ko’rona
tanqid qilish lozim degani emas, balki ularga xos barcha xato va kamchiliklarni anglab, yaxshi va ijobiy jihatlaridan
foydalanish demakdir. Ana shunday tanqidiy yondashuv va vorislik falsafaning muhim xususiyatlaridan biridir.
Bu fanning oldiga qo’yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o’rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida
unga bo’lgan munosabat ham o’zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo’lib va ularning ba’zilari
falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.
Falsafaning ijtimoiy ong tizimida tutgan o’rni, jamiyat va shaxs hayotidagi ahamiyati nimadan iborat, degan masala
hamma davrlarda ham dolzarb bo’lgan. Ayniqsa, tarixiy taraqqiyotning tub burilish davrlarida falsafaning asl
mohiyatini bilish, uning usul va g’oyalari kuchidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan.
Falsafa, sirasini aytganda, ijtimoiy tafakkur rivoji yutug’i va insoniyat ma’naviy taraqqiyoti mahsulidir. U kishilarning
olamni bilish, o’zlashtirish, farovon hayot kechirish va o’z insoniy salohiyatlarini namoyon etish ehtiyojlari bilan uzviy
bog’liqdir. Falsafiy ta’limotlar hamma davrlarda ham insoniyatning ilg’or tajribalarini o’zida mujassamlashtirgan va insoniyat
madaniyatini yanada yuksakroq bosqichga ko’tarishga xizmat qilgan.
Har bir falsafiy g’oya, mafkura, bilimlar tizimi asosan o’z davri xususiyatlarini aks ettirgan. Ular zamon ruhi va
ma’naviyatini o’zida mujassamlashtirgan, davr muammolarini hal etishda qo’l kelgan. Shuning uchun Aflotun, Forobiy
va Beruniy, Navoiy va Xegelning asar va ta’limotlarida ular yashab o’tgan davr g’oyalari aks etgan.
Kishilik jamiyati hech qachon bir tekis va silliq rivojlanmagan. Taraqqiyot ortidan inqirozlar, yutuqlar ketidan
mag’lubiyatlar, farovonliklar izidan zavolga yuz tutishlar ta’qib etgan. Muayyan jamiyat iqtisodiy-siyosiy, axloqiy-diniy,
badiiy-estetik taraqqiyot borasida inqirozga duch kelar ekan, undan chiqib ketish uchun ilg’or falsafiy ta’limotlarga ehtiyoj
sezadi.
Shuning uchun ham buyuk falsafiy ta’limotlarni, bir tomondan, madaniy-intellektual rivojlanish samarasi, ikkinchi
tomondan, tub ijtimoiy o’zgarishlar taqozosi deyish mumkin. Muayyan tarixiy burilish davrida «Falsafa nima o’zi?»
degan masala dolzarb ahamiyat kasb etishi ham shundan. Ana shunday davrlarda kishilar falsafaning mohiyati, uning
maqsad va vazifalarini yangicha idrok etganlar.
Qadimgi Yunoniston va Rim davridan buyon o’tgan ikki ming yildan ziyodroq vaqt mobaynida «Falsafa endi yo’q
bo’ldi, uni o’rganishning hech bir zarurati qolmadi» qabilidagi gaplar ko’p bo’lgan. Lekin zamonlar o’tishi bilan
odamzod baribir falsafaga ehtiyoj sezgan va u insonning ma’naviy kamolotida beqiyos ahamiyat kasb etishiga qayta-
qayta ishonch hosil qilgan.
Bu jihatdan quyidagi rivoyat juda ibratlidir. Miloddan oldingi birinchi asrda yashab o’tgan buyuk faylasuf
Lukretsiyning shogirdlaridan biri unga qarab, «ustoz, fanning boshqa sohalariga oid ilmlar juda ko’payib ketdi. Endi
falsafani o’rganishning hojati bormikan?» debdi. Shunda ulug’ faylasuf bamaylixotir gap boshlab, «Falsafani Suqrot,
Aflotun, Arastu kabi buyuk allomalar yaratgan. Lekin endilikda insoniyatning ana shunday buyuk mutafakkirlari
yaratgan bu fanni o’rganmaslik har qaysi nodonning ham qo’lidan keladigan ish bo’lib qoldi», degan ekan.
Falsafa kishilarga olam to’g’risida yaxlit tasavvur beradi, boshqa fanlar esa, uning ayrim jihatlarini o’rganadi.
Masalan, biologiya o’simlik va hayvonot dunyosini, turlarining kelib chiqishi, o’zgarishi va takomillashib borishi kabi
masalalarni o’rganadi. Bu sohaga oid fanlar ushbu yo’nalishdagi jarayonlarning ba’zi xususiyat va jihatlarini chuqurroq
tadqiq etishga harakat qiladi. Binobarin, biolog har qanday rivojlanish jarayoni bilan emas, balki faqat jonli tanadagi
rivojlanish jarayoni bilan qiziqadi. Umuman, rivojlanish jarayonining o’zi nima, uning mohiyati qanday? Masalaning
aynan shu taxlitda qo’yilishi ilmiy muammolarni falsafiy masalaga aylantiradi. Ya’ni, shu tariqa muayyan mavzu oddiy
ilm sohasidagi yo’nalishdan falsafiy muammo tusini oladi.
Endi
Dostları ilə paylaş: |