Qadimgi Misr va Bobil falsafasi. Eramizdan avvalgi to’rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida
qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya,
matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki
yo’nalishda borgan. Birinchi yo’nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan
bog’liq ekanini, ikkinchi yo’nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog’liq bo’lganini ko’rsatadi.
Birinchi holda, asosan, tabiiy bilimlarga tayanilgan, kundalik hayotda duch kelinadigan voqea-hodisalar aniq dalillar
asosida tahlil etilgan, o’rganilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarilgan. Bu – o’sha davr uchun tabiiy hol edi, ya’ni u –
davrning inson ongida aks etishi, kundalik turmush hodisalarining oddiy bir tarzda ifodalanishi edi. Aynan ana shu hol
tabiiy bilimlar rivojiga, garchand sodda tarzda bo’lsa-da, aksariyat hodisalarning falsafiy asosda izohlanishiga sabab
bo’lgan.
Ikkinchi holatda esa, hali tabiat kuchlarining qarshisida nihoyatda ojiz bo’lgan odamzod, albatta, tevarak atrofdagi
voqea-hodisalarni mifologik izohlashi tabiiy bir hol edi. Shu bilan birga, odamning mavjudlik xossalarini va olam
qonuniyatlarini ilmiy tushunish ko’nikmasi hali shakllanib ulgurmagan o’sha qadim zamonlarda, afsona hamda
rivoyatlarga asoslanib fikr yuritmaslikning imkoni ham yo’q edi. Bu – o’sha davrlardan qolgan yozma manbalarda,
xususan, «Xo’jayinning o’z quli bilan hayotining mazmuni haqida suhbati», «Arfist qo’shig’i», «O’z hayotidan
hafsalasi pir bo’lgan kishining o’z joni bilan suhbati» kabi bitiklarda yaqqol namoyon bo’lgan. ularda hayotning,
umrning mazmuni, o’sha davrdagi odamlarga xos tuyg’ular bayon qilingan.
Qadimgi Misr va Bobilda shakllangan falsafaning eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, ularda, bir tomondan,
xudolarga ishonch, ilohiy kuchlarning tabiat va jamiyatga ko’rsatadigan ta’sirini mutloqlashtirish xususiyati ustuvor
bo’lgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, afsona va rivoyatlar tarzida bo’lsa-da, dunyoviy bilimlar, ilmiy qarashlar ham asta-
sekin shakllana boshlagan. umuman, bunday xususiyatni, qadim zamondagi barcha tsivilizatsiyalarga xos deyish
mumkin.