falsafiy kategoriyadir. Bu
kategoriya o’zida qadriyat ob’ektining nafaqat qimmatini, balki ijtimoiy ahamiyatini, falsafiy-aksiologik mazmunini,
jamiyat va inson uchun qadrini ham ifodalaydi.
Qadriyat, baho va qadr. Qadriyatlar muammosiga bag’ishlangan (asosan rus tilidagi) ilmiy-falsafiy manbalarning
ko’pchiligida qadriyat (tsennost) tushunchasini baho (otsenka) tushunchasi bilan qiyoslash, ularga bir xil daraja va ko’lamdagi
tushunchalar sifatida qarash hollari uchraydi. Bu ikki tushuncha qiyoslanayotganda, qadr tushunchasi e’tiborga olinmaydi.
Balki, bunday holga rus tilidagi «otsenka» va «tsena» so’zlarining o’xshash ma’noli (ko’proq iqtisodiy) tushunchalar ekanligi
sabab bo’lishi ham mumkin. Rus tilida qadr iborasi ishlatilmaydi, uning ruscha tarjimasi yo’q. Qadr tushunchasi o’zbek tilida
serqirra ma’no va mazmunga ega, u tilimizdagi ba’zi ibora va so’zlarda o’ziga xos sharqona falsafiy mazmun borligidan
dalolat beradi.
Qadriyatning mazmuni va ahamiyati «baho» tushunchasida to’la-to’kis aks etmasligi, turlicha ifodalanishi ham
mumkin. Qadriyatning haqiqiy qadrini, mazmuni va ahamiyatini bahosiga qarab aniqlash qiyin bo’ladigan hollar ham
uchraydi. Aslida qadriyatning qadrini bilish, uning ahamiyatini anglab olish va baholash bir-biri bilan uzviy bog’liq
jihatlarni tashkil qiladi. Qadriyatning ahamiyati anglab olinmasa, qadri to’g’ri tushunilmasa, unga to’g’ri baho berib
bo’lmaydi. Aynan shu ma’noda qadriyatni baholash unga bo’lgan munosabatni ham ifodalaydi, bu esa o’z navbatida
kishilarning talablari, ehtiyojlari va maqsadlari bilan bog’liqdir. Qadriyatni baholashda qancha xilma-xil maqsad va
ehtiyojga ega bo’lgan kishilar ishtirok etsa, uning haqiqiy bahosini aniqlash ham shuncha qiyinlashib boraveradi.
Qadriyatning ob’ekti va sub’ekti. Qadriyatshunoslikda qadriyat tushunchasi bilan bu tushuncha bog’langan
ob’ekt o’rtasida farq bor, deb qaraladi. Agar qadriyat berilgan qadrni ifodalaydigan falsafiy tushuncha sifatida
qaralmasa, unga ta’riflarning son-sanoqsiz bo’lishi aniq. Negaki, dunyoda qadrlanadigan narsalar, hodisalar, voqealar,
jarayonlar, joylar va sifatlar, ideal va maqsadlar nihoyatda ko’p. Qadriyat tushunchasi esa ularning birortasi uchun
to’g’ridan-to’g’ri ism, atama yoki bevosita nom bo’la olmaydi, balki ularning qadrini anglatadigan tushuncha sifatida
namoyon bo’ladi.