98
Qon singdirish
usulida chatishtirishning samaradorligiga ta‘sir etuvchi
omillar.
Yaxshilanuvchi zotni yaxshilovchi zotga o‘zgartirish tezligi birqancha
sabablarga bog‘liq. Shulardan eng muhimlariga: yaxshilanadigan belgilarning irsiy
jihatdan mustahkam o‘rnashib qolganligi, yaxshilanuvchi va yaxshilovchi
zotlarning o‘zaro o‘xshashligi, chatishtiriluvchi hayvonlarning sifati (xususan
erkak vakillari), boqish sharoiti, tanlash talablariga qat‘iy amal qilinishi,
avlodlarning almashinish tezligi va h.k.
Yaxshilanuvchi va yaxshilovchi zotlar bir-biriga qancha yaqin va o‘xshash
bo‘lsa, yaxshilovchi belgilarning singdirilish jarayoni shuncha tez kechadi.
Hayvonlarni oziqlantirish va boqish sharoiti, aksariyat hollarda, qon singdirish
jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Yaxshilanuvchi hayvonlarni yaxshilovchi hayvonlarning irsiy belgilari bilan
o‘zgartirish o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Bu ijodiy jarayon bo‘lib, talab
darajasida tanlash, saralash va shularga mos ravishda parvarish qilish hamda
olingan nasldan oqilona foydalanishni taqoza etadi.
Qon singdirish usulida chatishtirishning maqsadi – yaxshilovchi zotga xos
bo‘lgan ijobiy belgi va irsiy xususiyatlarni, iloji boricha qisqa vaqt mobaynida,
to‘laligicha o‘zgartirilayotgan zot qoniga singdirish bilan birga, shu belgilarning
yaxshilanuvchi zot ko‘paytirilayotgan mintaqada mustahkam qaror topishi, nasldan
naslga o‘tishi va moslashish qobiliyatiga egaligini ham ta‘minlash kerak.
O‘zbekistonda mahalliy sigirlar shu usulda go‘shtdor santa-gertruda, aberdin-
angus, qozoqi oqbosh va gereford zotli buqalar bilan qochirilgan va ijobiy
natijalarga erishilgan. Bunday chatishtirish ishlari Jizzax viloyatining tog‘li
hududlarida va Qoraqolpoqistonda olib borilgan.
Dostları ilə paylaş: