Yog‘ miqdorini aniqlash — toza sut jiromeriga (yog‘ o‘lchagichga), bo‘g‘zini namlamasdan, 10 ml sulfat kislotasi (zichligi 1,81—1,82) quyiladi, ustiga ohista pipetka bilan uchini jiromer bo‘g‘ziga tirab, burchak ostida 10,77 ml sut qo‘shiladi (pipetkadagi sutning sathi bo‘lakchaning pastki sathi bilan belgilanadi). Pipetkadan sutni puflashga yo‘l qo‘yilmaydi. So‘ngra jiromerga 1 ml izoamil spirti (zichligi 0,810 — 0,813) qo‘shiladi.
Jiromer quruq rezina tiqin bilan, bo‘g‘ziga tiqinning yarmidan ko‘proq qismi tiqiladi, so‘ngra jiromer 4-5-marta oqsil moddalarning to‘liq erib bir tekisda aralashishigacha qadar to‘ntariladi, shundan so‘ng 5 daqiqa 65 + 2°S haroratdagi suv hammomiga uni tiqinini pastga qaratib qo‘yiladi.
Jiromerlarni hammomdan chiqarib sut tsentrifugasining patronlariga (stakanlariga) tiqinini markazga qaratib, bir-biriga qarama-qarshi simmetrik holda joylashtiriladi. Jiromerlar toq miqdorda bo‘lsa muvozanatni saqlash uchun, tsentrifugaga suv bilan to‘ldirilgan jiromer qo‘yiladi. Sentrifuganing qopqog‘i yopilib 5 daqiqa davomida bir daqiqada 1000-marta aylanish tezligida tsentrifugada aylantiriladi. So‘ngra har bir jiromer tsentrifugadan olinadi va rezina tiqinini harakatlantirib jiromerdagi yog‘ ustunini shkalali trubkada bo‘lishiga erishiladi. So‘ngra jiromerlar takroran tiqini pastga qaratilib 65±2° S haroratdagi suv hammomiga qo‘yiladi. 5 daqiqadan so‘ng jiromerlar hammomdan chiqariladi va darhol yog‘ miqdori hisoblanadi. Buning uchun jiromer to‘ntarilgan tik holatda ushlanadi, yog‘ chegarasi ko‘z sathida bo‘lishi shart. Tiqinni yuqoriga va pastga harakatlantirgan holda yog‘ ustunining pastki chegarasini jiromer shkalasining butun bo‘lagiga o‘rnatiladi va undan yog‘ ustuni yuzasining pastki sathigacha bo‘laklar miqdori hisoblanadi. Yog‘ va kislota bo‘linmalarining chegarasi aniq, yog‘ ustuni esa tiniq bo‘lishi shart.
Jiromerning ko‘rsatkichi sutdagi yog‘ning foizdagi miqdoriga to‘g‘ri keladi. Sut jiromeri shkalasining 10 ta mayda bo‘laklari mahsulotdagi 1 foiz yog‘ga to‘g‘ri keladi. Yog‘ni hisoblash jiromerning bitta mayda bo‘lagigacha aniqlikda o‘tkaziladi. Parallel aniqlashlar o‘rtasidagi farq 0,1 % yog‘dan oshmasligi shart. Ikki parallel aniqlashdagi o‘rtacha arifmetik ko‘rsatgich eng so‘nggi natija sifatida qabul qilinadi.
Qo‘ylar sutidagi yog‘ miqdorini aniqlash uchun o‘lchash chegarasi 0 dan 10 gacha bo‘lgan jiromer qo‘llaniladi.
Analizlar o‘tkazilishida texnika xavfsizligiga rioya etish zarur. Sulfat kislotasini eritishda idish devoridan uni asta-sekin oz-ozdan suvga quyiladi (suvni kislotaga quyish mumkin emas), bunda kolbadagi suyuqlik aylana harakat bilan aralashtirilib boriladi. Jiromerlarni to‘ntarish paytida ro‘molcha yoki sochiq bilan o‘rash kerak.