«Avesta»dagi falsafiy g’oyalar Xalqimizning eng qadimgi yozma yodgorliklarida ham milliy qadriyatlarga katta e’tibor berilgan. Milliy qadriyatlarimizning ko’p qirralarini o’zida mujassamlashtirgan eng muhim yozma yodgorlik «Avesta» kitobidir. Miloddan avvalgi VI asrdan boshlab Markaziy Osiyoda zardushtiylik paydo bo’lib, milodiy III asrgacha hukmronlik qiladi. Zardushtiylikning vatani sifatida Markaziy Osiyo (Baqtriya, Xorazm) va Eronni (Midiya) ko’rsatadilar. Zardushtiylikda eng qadimgi davrlardan boshlab (miloddan oldingi III-II-mingyilliklar) miloddan oldingi I-mingyillik o’rtalarigacha bo’lgan Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining diniy tasavvurlari aks etgan.
Uning ilk sahifalari bundan uch ming yil ilgari Xorazmda yaratila boshlagan. Miloddan avvalgi VII asrga kelib, uni Amudaryo sohilidagi tuya boquvchi qabilalardan etishib chiqqan Zaratushtira qayta ishlab chiqqan. Zaratushtira yoki sodda qilib aytganda Zardusht «Avesta»ning qadimgi qismi bo’lgan «Yashtlar»dagi ko’pxudolik aqidalariga zid o’laroq, uning «Gohlar» qismida yakkaxudolik g’oyalarini targ’ib etgan.
Qadimgi yunon donishmandi Pliniy ta’biri bilan aytganda «bir million qo’shiqdan iborat» bo’lgan «Avesta»da din nazariyasi, amaliyoti bilan bir qator Movarounnahr va qadimgi Eron xalqlarining tarixi, madaniyatiga oid qimmatli dalillar mavjud. «Avesta» ning «Vendidot» qismida huquqshunoslikka oid fikrlar keng va batafsil bayon etilgan.
«Avesta»da yurtimiz zaminida yashagan xalqlarning islomgacha bo’lgan davrdagi tabiiy-ilmiy, axloqiy qadriyatlarining rivojlanishi tarixiga oid g’oyat qiziqarli ma’lumotlar bor.
«Avesta» kitobiga binoan, Koinot, er, okean, osmon, nurli doira va jannatdan iborat. Er dumaloq bo’lib, atrofi okean bilan o’ralgan va obu-havo, yil fasllari bilan bog’liq bo’lgan etti qismdan iboratki, bu bobilliklarning etti shamollar haqidagi qadimgi tasavvurlaridan iqtibos qilingan. Osmon to’rt doiradan tashkil topgan: yulduzlar doirasi, Oy doirasi, Quyosh doirasi va jannat doirasi yoki nur makoni. Yulduzlar, Oy va Quyosh xudo Axura Mazdaning badani sifatida tasvirlanadi.
Zardushtiylikning jamiyat tarixi haqidagi tasavvurlari Injil va Qur’ondagi afsonalar bilan o’xshab ketadi. Avesta bo’yicha birinchi odam Yimadir. Barcha odamlar undan kelib chiqqan. Bu davr oltin asr sifatida tasvirlanadi: insonlar abadiy hayotga ega edilar, xudo Axuramazda abadiy bahor yaratgan bo’lib, kishilar farovonlik va baxt-saodatda yashar edilar. Ammo kunlardan bir kun ular gunohga botdilar: ular ta’qiqlangan mol go’shtini eb qo’ydilar. Ziyonkor ruh Anxra Maynyu ularga sovuq va qor yubordi. Yima odamlarni sovuqdan qotib qolishlaridan saqlash uchun uy qurib, unga barcha tirik jonzotlardan bir juftdan yashirdi. Bu afsona Shumer, Bobil, Injil va Qur’ondagi Butun dunyoni tufor bosganligi haqidagi afsonaga o’xshashdir. Tarixning birinchi davri bo’lgan – oltin davr shunday tugallanib, ikkinchi davr bo’lgan-yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi kurash davri boshlanadi. Uchinchi davr, ya’ni insoniyat kelajagi Avestada qadimgi davr kishilarining baxt-saodat haqidagi orzulari sifatida tasvirlanadiki, unda yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi kurashda xudo Axuramazda g’alaba qiladi va o’shanda yaxshilik saltanati barqaror bo’ladi. Unda o’liklarning tirilishi va mashhar kuni haqidagi tasavvurlar ham mavjud.