Buddaviylikning yo’nalishlari Buddaviylik ilk davrlardayoq bir necha yo’nalishlarga bo’linib ketgan edi. Aqidaviy qarama-qarshiliklarni oldini olish maqsadida umumiy majlis chaqirish zarur bo’lgan. Buddaviylik an’anasi to’rt marta umumiy majlis chaqirilganligidan guvohlik beradi: Radjachrixadagi majlis (er. ol. 477 yil), Vayshala majlis (er. ol. 367 yil), Patalaputra majlisi (er. ol. III asr) va Kashmirdagi majlis (eramizning II asrida).
Mamlakat sharqida “Katta jamoa” tarafdorlari yig’ildilarki, ular maktabini Mohayana (“Katta arava” yoki najotning “keng yo’li”) deb atadilar. Qolgan maktablar Xinoyana (“Kichik arava”) nomini olgan. Ashoka (er. ol. III asr) va Kushonlar (II-III asrlar) davrida buddaviylik Hindiston hududlaridan tashqariga chiqqan. II va III asrlarda buddaviylik Andxra imperiyasida hukmron mavqega ega bo’lgan. IV-V asrlar davomida buddaviylik falsafasi hind madaniyatining barcha sohalariga kirib borgan. V asrning birinchi yarmida shoh Kumaragupta I Nalandada buddaviylik universitetini ta’sis etgan. Bu universitet keyinchalik xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan.
I-V asrlar davomida to’rtta asosiy falsafa yo’nalishi uzil-kesil tashkil topgan edi: Vaybxashika, Sautrantika, Madxyamika, Yogachara. Keyingi vaqtda tashkil topgan vidjnyanavada-yogacharlar orasida Dignava va uning izdoshi Dxarmakirti tomonidan ishlab chiqilgan buddaviylik mantig’i va bilish nazariyasining kelib chiqishi muhim voqea bo’ldi. Dxarmakirtining “Pramanavartika” asari Hindiston, Xitoy, Tibet, Mo’g’uliston va Yaponiya falsafiy adabiyotini boshlab bergan edi. Gupta davrining oxiri va ayniqsa Pala sulolasi davrida (VIII-IX asrlar) buddaviylikning ta’siri zaiflashgan edi. Nalanda universitetining inqirozga yuz tutishi buning natijasi edi. Buddaviylik va braxmanlikning yaqinlashishi yangi din bo’lgan hinduviylikning paydo bo’lishiga olib keldi. Hindistonda o’z hukmronlik mavqeini yo’qotgan buddaviylik Tseylon, Birma, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarga keng yoyildi.
MAVZUGA OID KONSULTATIV MATERIALLAR