Vedalarda oriy qabilalarining dunyoqarashi aks ettirilishi Qadimgi hind jamiyatining hayot tarzi haqida ta’limot beruvchi birinchi manba Vedalardir. Veda so’zining sanskrit tilidagi lug’aviy ma’nosi “bilim” deganidir. Vedalar kitobi diniy mazmunda bo’lsa ham, iqtisodiy yuksalish va jamiyatning tarkibi, dunyo to’g’risidagi bilimlarni ham o’z ichiga oladi. Vedalarda oriylarning ibtidoiy dunyoqarashi aks etgan.
Veda adabiyotining ikkinchi qatlami braxmanlar bo’lib, unda dunyoning paydo bo’lishi va hamma narsaning asosida birinchi ibtido sifatida suv turishi haqidagi rivoyatlar uchraydi. Braxmanlarda mukammal diniy-falsafiy tizim bo’lmasa ham, keyinchalik Upanishadlarda asosiy mavzu bo’lgan ba’zi tushunchalar birinchi marta ifodalangan.
Vedalar eramizdan oldingi II mingyillik oxiri va I mingyillikning birinchi yarmida paydo bo’lgan qadimgi hind (veda) tilida yozilgan. Vedalarning eng qadimgi qismi to’rtta yirik hajm dagi madhiya, duolar va alqovlardan iborat bo’lib Rigveda, Samaveda, Yadjurveda, Atxarvaveda, deb atalgan (2-ilova). Rigveda 1028 madhiyani o’z ichiga olgan bo’lib, matnlarni sakkiz qismga, ya’ni ashtakaga bo’lingan. Rigvedada asosiy o’rinni yuksak badiiy ifodalardagi qofiyalarda bayon qilingan Agni, Indra, Mitra, Varuna, Soma, Ushas, Ashvinam, Marutam va boshqa xudolarga murojaat, tabiatning turli tomonlarini o’zida mujassamlashtiruvchi kuchlarni maqtash yotadi.
Upanishadlarda falsafiy muammolarning qo’yilishi Vedalar bilan aloqasi borligiga qaramasdan Upanishadlargina mohiyatan falsafiy va diniy fikrlar rivojiga yangi yo’nalish berib, keyingi vujudga keladigan tizimlarga asos bo’lgan. Agar Upanishadlarda asosiy e’tibor falsafiy muammolarga qaratilgan bo’lsa, Vedalar bilan bog’liq sutralar (Shtrautasutra, Prxyasutra, Dxarmasutra) avvalo diniy marosimlarga va qisman huquq muammolariga (Dxarmasutra) bag’ishlangan.
Qadimgi Hindiston falsafasi, dini va madaniyati tarixini o’rganish bo’yicha birinchi darajali ahamiyat kasb etgan Vedalarni o’rganishga qiziqish zo’r bo’lib, bu sohada Hindistonni o’zida 25 asrlik an’ana mavjud. Rigvedaning mashhur sharhchilari Panini, Shankara, Sayanilardir.