Najmiddin Kubro ta’limoti (1145-1221) Musulmon olamidagi eng zabardast mutasavvuf donishmandlardan biri buyuk vatandoshimiz shayx Najmiddin Kubrodir.
Ahmad ibn Umar Abul-jannob Najmiddin Kubro 540 hijriy yilda Xorazmning Xivak shahrida dunyoga keladi.
Ali Akbar Dehxudoning mashhur “Lug’atnoma”sida keltirilishicha, “u kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har qanday muammoli masalani so’ralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, g’olib chiqar edilar”24.
Najmiddin Kubroning Xorazmdagi so’nggi hayoti o’ta og’ir, shiddatli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda Turon o’lkasidagi Xorazm, Shosh, Buxoro va Samarqand hukmdorlarining noahilligi, tang nazarligi tufayli mo’g’ullarning Turkistonga qilayotgan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olishga muvaffaq bo’lganlar. 1221 yilning jumad ul-avval (iyul) oyida Chingizxon lashkarboshilaridan biri Xulaguxon o’zining yosh o’g’li, tumonat lashkari bilan Urganch qal’asini o’rab oladi. Urganch shahri qamal ichida qolib, aholi nihoyatda og’ir sharoitda azob chekayotgan bir asnoda munkillab qolgan, etmishdan oshgan Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar to’plab, qo’lida qurol bilan qal’ani bir necha kun davomida dushman hamlalaridan saqlab turadi.
Najmiddin Kubro yuksak obro’ga ega bo’lsa ham, kamtarona hayot kechirgan. Ammo u kishining ba’zi muridlari mamlakat miqyosida shunchalik nufuzga ega bo’lganlarki, hatto Faxriddin Roziy kabi faylasuf va sulton Muhammad Xorazmshoh ham ularning raqobatidan xavotirlanganlar. Masalan, “Sulton ul-ulamo” laqabiga ega bo’lgan Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad Balx shahrining uch yuzga yaqin faylasuf olimlari bilan bahs yurgizgan va ularni yunon falsafasi bilan ortiqcha shug’ullanishda ayblagan. Najmiddin Kubroning boshqa bir shogirdi, o’z navbatida shayx Farididdin Attorning murshidi bo’lgan xorazmlik Majiddin Bag’dodiy hokimiyatdagi ishlarni tanqid qilgani uchun qatl qilingan. Lekin uning minglab shogirdlari bo’lgan. Ba’zida sulton Muhammad Xorazmshohning o’zi ham shayxlarning huzuriga kelib, ularni ziyorat qilib turgan.
Najmiddin Kubro mo’g’ul bosqinchilariga qarshi o’z muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid bo’lgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edilar. Shahid bo’lganliklari haqidagi ma’lumotni hijriy (710) (1311) yilda yozilgan Rashididdin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar to’plami”) asarida uchratamiz.
Chingizxon shayx Najmiddin Kubroning mashhurliklarini eshitgan bo’lganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga chopar yuborib, “men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulug’vor shaxsni u erdan ketib, bizga qo’shilishingizni so’rayman”, degan. Ammo shayx unga javoban: “Men etmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yog’ilayotgan paytda qochsam, muruvvatdan bo’lmaydi”25, degan. Hijriy 733 (1334) yilda Xorazmga safar qilgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta Urganch shahridan chiqa berishdagi zoviyada Najmiddin Kubroning maqbarasi va boshqa ulug’larning mozorini ko’rganligini yozadi26.
Najmiddin Kubro bir necha ilmiy asarlar va ruboiylar yozganki, ular juda ko’p tazkiralarda uchraydi. U o’z qarashlarini arab tilida yozgan bir qator risolalarida bayon qilgan. Ulardan asosiylari “Favo’ix al-Jamol va favoix al-jalol”, “Al-Usul al-ashara”, “Risolat al-xo’if al-xa’im min laumon al-la’im” va boshqalardir.
Ma’lumki, Kubro haqiqat asroriga etishish maqsadida o’z tasavvuf maktabini yaratdi. Uning aqidasiga ko’ra, inson o’z mohiyati e’tibori bilan mikrokosm, ya’ni kichik olamni tashkil etadiki, u makrokosm, ya’ni katta dunyo bo’lgan koinotdagi barcha narsalarni o’zida mujassamlashtiradi. Ammo ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin o’ziga xos maqomlarda joylashganligidan, haqiqat yo’lini qidiruvchilar bunday yuksakliklarga ko’tarilib, ilohiy sifatlarga ega bo’lishi uchun, ya’ni kamolotga erishishi uchun, ma’lum riyozatli yo’llarni o’tishlari zarur. Buning uchun esa, har bir kishi o’n asosga tayanmog’i kerak (3-ilova):
Tavba – o’z xohishi bilan Haq taologa hech bir ko’rsatmasiz yuzlanishdir.
Tavakkal – xudoga ishonch jihatidan bu turmushdagi barcha ikir-chikirlardan voz kechishdir.
Qanoat – hayot kechirishni ta’minlaydigan oz narsa bilangina qanoatlanishdir.
Uzlat – tanholikla o’tirib, ruhni mustahkamlash, odamlar bilan muomalani to’xtatish: gaplashmaslik, eshitmaslik, qaramaslik va turli fe’l-atvordan aloqani uzishdir.
Mulozamat az-zikr (uzluksiz zikr) – o’z xohishicha Xudoning ismini fikrida yod qilib turish va butun qalbni u bilan to’ldirish.
Tavajjuh – butun ichki mohiyatni Xudoga qaratish, unga cheksiz muhabbat qo’yish, undan boshqa narsa borligini his etmaslikdir.
Sabr – o’z ixtiyori bilan nafs doirasidan mashaqqatlar chekib bo’lsa ham, o’zini olib qochishdir.
Muroqaba (tafakkurga g’arq bo’lish) – erishilgan darajada mushohada yuritish, qalbni arzimas his-tuyg’ulardan xoli qilib, tozalash va xotirjamlikka erishish.
Rizo – shaxsning nafs erkinligidan chiqib, Xudo xushnudligiga kirishi va azaldan nimaga ishongan bo’lsa, o’shani bo’yniga olishdir.
Najmiddin Kubro shahid bo’lgandan so’ng, uning ta’limotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyo Kubraviya maktabini vujudga keltirdilar. Bu birodarlik firqasi a’zolarini birlashtirgan narsa rasmiy tashkilot emas, balki ta’limotnin ruhi va maqsadi edi.
Kubraviya maktabi bir qator mustaqil shahobchalar vujudga kelishiga sabab bo’ldiki, ular musulmon dunyosi Sharqida keng tarmoq otdi. Bu tarmoq kelib chiqish manbaini Kubroning boshqa bir shogirdi bo’lgan Majiddin Bag’dodiy (Bag’dodak Xorazmdagi qishloq bo’lib, undan chiqqan Majdiddin 1219 yilda qatl etilgan) asos solgan tariqatdan, deb hisoblar edilar. Bular quyidagilar:
Firdavsiya – Sayfiddin Bahorziy shogirdining xalifasi bo’lgan, 1300 yillarda vafot etgan Najibiddin Muhammad tomonidan tashkil topgan va Hindistonda (Dehli, Bihar) tarqalgan;
Nuriya – 1317 yilda vafot etgan Abdurahmon al-Isfaroiniy tomonidan asos solingan bo’lib, Kubraviyaning Bag’dod shahobchasi hisoblanadi;
Rukniya – o’z kelib chiqishini 1261-1336 yillarda yashagan Rukniddin Alo’addavla as-Simnoniydan olgan birodarlik tariqati;
Hamadoniya oliya – Kashmirda islomni yoyishda faol ish ko’rsatgan Sayyid Ali binni Shahobiddin Hamadoniy (1314-1385) asos solgan, rukniyadan ajrab chiqqan birodarlik tariqati bo’lib, Kubraviya tariqati silsilasining boshqa shahobchalariga qaraganda eng mashhurdir;
Ig’tishoshiya – hamadoniya oliyaning Xuroson shahobchasi bo’lib, Ishoq al-Xuttaloniy (1423 yilda o’ldirilgan) tomonidan asos solingan. Uning ikki shogirdi esa, ikki mustaqil shia tariqatiga asos solishgan;
Zahabiya – asoschisi XV asr o’rtalarida vafot etgan Abdulloh Barzishobodiy Mashhadiy;
Nurbaxshiya – asoschisi Nurbaxsh (1392-1464) laqabli Sayyid Muhammad binni Muhammad.
Yuqorida aytilganlar shundan guvohlik beradiki, Najmiddin Kubro ta’limoti butun musulmon Sharqi mamlakatlarida keng tarqalgan bo’lib, hozirda ham uning ko’rinishlarini uchratish mumkin.
Kubroviyada quyidagi o’ziga xos jihatlar ko’zga tashlanadi:
Najmiddin Kubro “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” hadisi sharifiga amal qilgan. U diniy, ilohiy, laduniy ilmlar bilan birga dunyoviy ilmlarni ham o’rganishga erishdi. Diniylikni dunyoviylik bilan bog’lashga harakat qilish ushbu tariqatning asosiy xususiyatidir.