Abdurahmon Jomiyning tasavvufga munosabati Jomiy o’zining mutasavvuflik faoliyatida Bahovuddin Naqshband g’oyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda bo’lgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman u o’zini kundalik hayotda “Malomatiya” tariqatiga mansub, deb hisoblasa-da, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland edi. U o’zining “Lujjat ul-asror” qasidasida so’fiy xulq-axloqi, inson tarbiyasi haqida gap borganda ta’magirlikni qoralab, qanoatli kishilarning oliyjanobliklarini, ularning ma’naviy jihatdan podshoh va vazirlardan ham ustun ekanliklarini madh etib, quyidagi satrlarni bitgan edi:
Tome’on az bahri tu’ma peshi har xas sar nihad, Qone’onro xanda bar shohu vaziri kishvar ast.
Mazmuni:
Ta’magirlar bir luqma uchun boshini xasga qo’yishga tayyor,
Qanoatlilar esa, mamlakat shohi va vaziri ustidan ham kula oladi.
Shoir fikricha, inson halol va pok yashashi, buning uchun esa, u bir kasbga ega bo’lishi, o’z mehnati hisobiga kun ko’rishi zarur:
Mardi kosib k-az mashaqqat mekunad kafro durusht, Bahri nohamvoriyi nafsi dag’al suxongar ast.
Mazmuni:
Kosib odam mehnat tufayli qo’lini qavartiradi,
Bu qo’ldagi dag’al esa, nafs g’adir-budurini tekislovchi randadir.
Jomiyning tasavvufga bo’lgan e’tiqodi sof va mukammal bo’lib, u Xudoni yorug’ nur ko’rinishida tasavvur etar edi.
Jomiy “Nafahot ul-uns” asarini yaratish bilan tasavvuf tarixini o’rganishga katta hissa qo’shdi. Unda 616 mutasavvuf hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilgan bo’lib, ulardan 34 tasi ayollardir. Jomiy vafotidan keyin bu asarni Navoiy ma’lum to’ldirishlar bilan o’zbek tiliga tarjima qilishi bejiz emas edi.
Jomiy she’riy merosining yirik tadqiqotchisi A. Afsaxzod u to’g’risida yozgan edi: “Jomiydagi so’fiyona kayfiyat, uning ijodiy yo’lining eng ibtidosidan boshlangan edi”37.
Jomiy lirik she’riyatida real hayot bilan tasavvufiy xayolot shoirning ijodiy fantaziyasi orqali birlashib ketgan.