2.4.
Makroiqtisodiy siyosat vositalari
Makroiqtisodiy siyosatning bosh vositalari bo‘lib budjet-soliq (fiskal) va pul-
kredit (monetar) siyosati hisoblanadi.
21
Monetar siyosat
– bu davlatning pul-kredit siyosati bo‘lib, pul muomalasini
tartiblash, tovar va pul massasi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, iqtisodiyotdagi
pul oqimlarini boshqarib turish siyosati hisoblanadi. Uning maqsadi narxlarni va
shunga ko‘ra milliy pul birligi xarid qurbini, uning valyuta kursini barqarorlashtirish,
oxir-oqibatda pulga talab bilan uning taklifini muvozanatlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Monetar siyosatning uchta asosiy vositasi bor:
1. Qayta moliyalashtirish siyosati. Bunda davlat nomidan markaziy banklar
hisob stavkasini o‘zgartiradi. Stavka oshganda pul qimmatlashib, unga talab
qisqaradi. U pasaytirilganda pul arzonlashib, unga talab oshadi. Bu ayni paytda
kreditning arzon yoki qimmat bo‘lishini bildiradi. Bu esa iqtisodiyotga kredit
hisobidan yuboriladigan investitsiyalarni o‘zgartirib, uning o‘sishiga ta’sir etadi.
2. Ochiq bozorda operatsiyalar o‘tkazish siyosati. Bu davlat obligatsiyalarini
chiqarib, firmalar, banklar va aholiga sotish va vaqti kelganda ularni qaytadan sotib
olishni bildiradi. Bu obligatsiyalarni olish qulay bo‘ladi, chunki ularga qat’iy
belgilangan foizni davlat to‘laydi, bu bilan ularning daromadliligi kafolatlanadi.
Davlat obligatsiyalari sotilganda pul ularga bog‘lanib qoladi, natijada uning
muomaladagi miqdori qisqaradi. Aksincha, ular qaytadan sotib olinganda pul ulardan
bo‘shab, muomalaga keladi, u yerdagi pul miqdori ko‘payadi. Demak, bu usul bilan
ham pul miqdori tartiblanadi.
3. Majburiy zaxira siyosati. Bu siyosatga binoan markaziy banklar boshqa
banklar uchun kredit resursining majburiy zaxirasini kiritadi. Bu tartibga ko‘ra
banklar kreditga beriladigan pulning bir qismini markaziy banklar ixtiyoriga beradi.
Bu zaxira oshsa, kredit puli qisqaradi, agar u kamaysa, bu pul ko‘payadi.
Masalan, mamlakatda jami kredit resurslari 80 mlrd. dollar. Shundan 10 foiz
zaxira o‘tkazilsa, kredit uchun 72 mlrd. dollar qoladi. Bordi-yu bu zaxira 15 foizga
chiqarilsa, kreditga 68 mlrd. dollar qoladi. Bu bilan kreditga mo‘ljallangan pulning
taklifi oshadi yoki qisqaradi. Shunga qarab, kredit olish goh oshib, goh qisqarib
turadi. Monetar siyosatning aytilgan yo‘nalishlari shuni ko‘rsatadiki, unda turli
iqtisodiy vositalar qo‘llaniladi.
|