5.4.
Soliq tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish hamda
soliq yukini kamaytirish yo‘llari
69
Respublikamiz mustaqilligining dastlabki yillarida davlat soliq siyosatining
asosiy yo‘nalishi bozor munosabatlarini qaror toptirishga qaratilgan qator ilmiy
asoslangan soliqlarni joriy etish va shu orqali mavjud soliq tizimini tubdan qaytadan
tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Soliq siyosatining keyingi yo‘nalishi esa joriy etilgan
soliqlarni samarali amal qilishini ta’minlash maqsadida soliq munosabatlarini amalga
oshiruvchi tegishli muassasalarning tashkil etishga qaratildi. Xususan, dastlab
Vazirlar Mahkamasi qoshida Soliq bosh boshqarmasi tashkil etilgan bo‘lsa, 1994-
yilga kelib bu boshqarma Davlat Soliq qo‘mitasiga aylantirildi va uning hududiy
bo‘linmalari tashkil etildi. Bundan ko‘rinadiki, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning
birinchi bosqichida soliq siyosatida asosan tashkiliy jihatlarga e’tibor qaratildi, ya’ni
soliqlarni joriy etish va soliq siyosatini bevosita amalga oshiruvchi tegishli
muassasalar shakllantirildi.
Bu davrdagi soliq siyosatining asosiy xususiyatlaridan biri soliqlarning ko‘proq
fiskal ahamiyat kasb etishida, ya’ni ko‘proq e’tibor davlat budjeti daromadlarini
shakllantirishga qaratildi.
Bugungi kunda respublikamiz soliq siyosatini isloh qilishning asosiy
yo‘nalishlari sifatida soliq qonunchiligini yanada soddalashtirish, soliqlar va boshqa
majburiy to‘lovlarni unifikatsiya qilish, soliq yukini yengillashtirish, soliq
boshqaruvini erkinlashtirish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishni soliq
instrumentlari vositasida rag‘batlantirish va boshqa yo‘nalishlar belgilab olindi.
Respublikamizda soliq tizimini takomillashtirish jarayonida xo‘jalik yurituvchi
subyektlarga nisbatan soliq yukini izchil kamaytirishga alohida e’tibor qaratish
lozimligi
ko‘p
bora ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi navbatda ularning
daromadlaridan undiriladigan bevosita soliqlarning salmog‘ini kamaytirish lozimligi
alohida ahamiyatga ega. Buning natijasida, korxonalar ixtiyorida qoladigan
mablag‘lar ulushining ko‘payishi evaziga uning aylanma mablag‘lari miqdorini
ko‘paytirib
borish
va
optimal
darajasini
saqlash,
ishlab
chiqarishni
modernizatsiyalash, uning samaradorligini oshirish maqsadida ko‘proq investitsiya
kiritish, xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish imkonini beradi.
70
Bevosita soliqlar bo‘yicha soliq yukini izchil kamaytirish soliq siyosatining
samaradorligini YaIM ga nisbatan ular tushumining barqaror kamayishi tendensiyasi
ham isbotlaydi. Soliq tizimini takomillashtirishda ustuvor ahamiyat bilvosita soliqqa
tortishga qaratilgan. Bilvosita soliqlar tovarlarga nisbatan qo‘shimcha bo‘lgani holda,
pirovard natijada ishlab chiqaruvchining moliyaviy holatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir
ko‘rsatmaydi hamda ishlab chiqarishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Soliqqa tortish tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri soliq
tizimini tartibga solish, soliq turlarini kamaytirish, hisob-kitob mexanizmini
soddalashtirish va ular bo‘yicha to‘lov davriyligini kamaytirish hisoblanadi.
Soliqqa tortishning ham qandaydir chegarasi borligi to‘g‘risida dastlabki
tushunchalar paydo bo‘lgandan hozirgi kungacha yaratilgan qiymat yoki olingan
daromadning qancha qismini davlat olishi kerag-u, qanchasi soliq to‘lovchining
o‘zida qolishi lozimligi to‘g‘risida bosh qotiriladi, soliq yukining optimal darajasini
topishga harakat qilinadi, lekin shu bugungacha bu borada aniq bir to‘xtamga erishib
bo‘lmagan. Davlat o‘z daromadlarini maksimallashtirishga harakat qilsa, soliq
to‘lovchilar aksincha, o‘z soliq majburiyatlarini minimallashtirishga, soliq bosimi
ularning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘ymasligiga harakat qiladilar. Soliq
undirishda davlatning “adolatliligi” susayib borgani sayin, soliq to‘lovchilarning
“rostgo‘yligi” ham kamayib boraveradi. Zamonaviy davlatchilikda soliqqa tortish
bilan bog‘liq mazkur oddiy haqiqatni aksariyat polisimeykerlar allaqachon anglab
yetishgan. Bunda esa soliq yukini optimallashtirishning klassik va zamonaviy ilmiy
konsepsiyalari roli benihoya kattadir.
Soliqqa tortishni optimallashtirishning klassik prinsiplariga asoslangan
zamonaviy ilmiy-nazariy konsepsiyalar ichida amerikalik iqtisodchi olim Artur
Lafferning mashhur “egri chizig‘i” alohida o‘ringa ega.
A.Laffer soliq yuki darajasi va budjetga tushumlar o‘rtasidagi miqdoriy
bog‘liqlikni parabolik egri chiziq ko‘rinishida tasvirlab, shuni xulosa qilib aytadiki,
soliq tushumlarini faqat soliq stavkasi oshirilganda emas, balki soliq yuki maqbul
darajagacha pasaytirilganda ham oshirib borish mumkin.
71
Soliq stavkalarining ma’lum bir chegaragacha ko‘tarilishigina davlat budjetiga
soliq tushumlarining barqaror o‘sib borishi va ularning mumkin bo‘lgan maksimal
darajasini ta’minlaydi. Keyin esa soliq tushumlari o‘sishdan to‘xtaydi.
Soliq to‘lovchilar, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari iqtisodiy faolligini
bo‘g‘magan holda davlat budjetiga soliq tushumlarining barqaror o‘sib borishini
ta’minlash imkonini beradigan soliq stavkalari hududi soliqqa tortishning “sog‘lom
hududi” deb hisoblanadi. Budjetga tushumlarning mumkin bo‘lgan maksimal
darajasini ta’minlaydigan soliqning chegaraviy optimal stavkasidan keyin esa soliqqa
tortishning “taqiqlangan hududi” boshlanadi.
Shunday qilib, soliq stavkasi ma’lum bir darajaga yetganda tadbirkorlik
tashabbusi o‘ladi, ishlab chiqarishni kengaytirishga yoki uni davom ettirishga bo‘lgan
istak yo‘qoladi, soliqqa tortiladigan daromadlar va, o‘z-o‘zidan, soliq bazalari
qisqaradi. Oxir-oqibatda soliq to‘lovchilarning bir qismi (ilojini topganlari)
iqtisodiyotning xufiyona sohasiga ko‘chib o‘tadi, boshqa qismi esa o‘z faoliyatiga
nuqta qo‘yadi.
Laffer nazariyasiga ko‘ra, soliq yukining og‘irlashuvi yashirin iqtisodiyotning
rivojlanishiga olib keladi. Uning fikricha, daromadlarni soliqqa tortishning eng
yuqori darajasi 30 foizdan oshmagani ma’qul. Mana shu stavkagacha budjet
daromadlari ko‘payib keladi. Agar daromadlarning 40-50 foizi olina boshlansa, ya’ni
soliq yuki darajasi “taqiqlangan hudud”ga o‘tib ketsa, u holda aholi jamg‘armalari
qisqaradi, o‘z navbatida, iqtisodiyotga investitsiya qilishdan manfaatdorlik susayadi
va soliq tushumlari kamayib ketadi. Aksincha, soliq yukini kamaytirish
iqtisodiyotning rivojlanishini rag‘batlantiradi.
Soliq yukining optimal darajasidan keyin nafaqat haqiqatda soliq to‘lanayotgan
soliq bazalari, ya’ni rasman deklaratsiya qilingan daromadlar, balki haqiqiy soliqqa
tortilishi lozim bo‘lgan, lekin soliqdan yashirilgan daromadlar ham kamayib ketadi.
A.Laffer konsepsiyasining qisqacha mohiyati shundaki, davlat budjetining
daromadlari soliq stavkalari va soliq yuki darajasini oshirish hisobiga emas, balki
soliq solish bazalarining kengayishi hisobiga ko‘payadi.
72
Soliqqa tortishning umumiy qonuniyatlari shuni ko‘rsatadiki, keng soliq bazasi
soliq yukining nisbatan pastroq darajasiga yo‘l beradi, tor soliq bazasi esa aksincha,
yuqori soliq stavkalarini ko‘zda tutadi. Biroq yuqori yoki past soliq stavkalari soliq
to‘lovchilarning iqtisodiy faoliyatiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Yuqori soliqqa tortish
darajasi mamlakat iqtisodiyotining yomonlashuviga, mos ravishda soliq bazalarining
qisqarishiga olib keladi. Bu esa, davlatni o‘z moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun
soliq stavkalarini yanada oshirishga majbur qiladi. Oshib boruvchi soliq yuki esa
investitsiyalarni qisqartiradi, mos ravishda ishlab chiqarish, talab va bandlik ham
qisqaradi. Shu tariqa soliq solish bazalarining yanada qisqarishi davom etadi, soliq
tushumlari kamayib boradi. Og‘ir soliq bosimi, talabning qisqarishi, ishsizlikning
ortishi iqtisodiyotni yanada izdan chiqaradi, tadbirkorlikdan manfaat yo‘qoladi,
yashirin iqtisodiyot rivojlanadi, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasi pasayib,
korxonalarning soliq qarzlari oshadi. Davlat iqtisodiy siyosatining vazifasi esa mana
shunday salbiy vaziyatga tushib qolishning oldini olish, agar shunday holatga tushgan
bo‘lsa, undan chiqib ketishni ta’minlash hisoblanadi.
Biroq, zamonaviy moliyaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatayaptiki, soliq yukining
ma’lum bir darajasini barcha iqtisodiyotlar uchun ham birdek maqbul deb
bo‘lavermaydi. Iqtisodiyoti yuksak darajada rivojlangan mamlakatda maqbul deb,
topilgan soliq yuki darajasi rivojlanayotgan yoki o‘tish iqtisodiyotida bo‘lgan
mamlakatlar uchun og‘irlik qilishi mumkin. Shuning uchun, soliq yuki iqtisodiyot
darajasiga qarab har xil baholanadi.
Soliq yukining darajasi bozor iqtisodiyoti taraqqiyot yo‘lining tanlangan
modeliga ham bog‘liqdir. Erkin bozor iqtisodiyoti xo‘jalik yurituvchi subyektlarga
soliq yukining yengilroq bo‘lishini taqozo etsa, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor
iqtisodiyoti uning aksidir. Chunki bozor iqtisodiyotining ijtimoiy yo‘naltirilganligi
qanchalik kuchli bo‘lsa, davlat budjeti xarajatlarining oshishini taqozo etadiki, o‘z
navbatida, soliq yukini oshirishga ehtiyoj tug‘iladi.
Soliqlarning YaIMdagi salmog‘i sifatida makrodarajadagi soliq yuki
ko‘rsatkichlarini qator mamlakatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, darhaqiqat,
73
yuqori darajada ijtimoiy himoya yo‘lga qo‘yilgan davlatlarda soliq yukining eng
yuqori darajalarini kuzatish mumkin.
Iqtisodiyoti
rivojlangan
davlatlar
ichida
makroiqtisodiy
soliq
yuki
ko‘rsatkichining eng yuqori darajalari Skandinaviya va G‘arbiy Yevropa
mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatlarda soliq tushumlarining YaIMdagi
salmog‘i 40 foiz va undan yuqori darajani tashkil qiladi. Buning sababi shundaki,
aynan ushbu mamlakatlarda fuqarolarning ijtimoiy himoyasi yuqori darajada
ta’minlangan, soliqlardan sezilarli miqdorlarda standart va o‘zgaruvchan ijtimoiy
chegirmalar mavjud bo‘lgani holda, yuqori soliqqa tortish darajasi kuzatiladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, soliq yukining yuqori darajasi albatta, shu davlatda
kuchli ijtimoiy himoya yo‘lga qo‘yilganligidan dalolat bermaydi. Mamlakatdagi
yuqori
fiskallik,
aksincha,
ayrim
davlatlarda
yashirin
iqtisodiyotning
kuchayganligidan bo‘lishi ham mumkin. Chunki, iqtisodiy faoliyat turlari, oborotlar,
daromadlar, mulklar va boshqa soliqqa tortish mumkin bo‘lgan obyektlarning to‘liq
hisobga olinmasligi oxir-oqibatda yalpi soliq bazalarining torayishiga olib keladi. Tor
soliq bazasi esa, yuqorida ta’kidlanganidek, yuqori soliq stavkalarini talab qiladi.
Zimbabve va Kuba kabi davlatlarda soliq yukining darajasi iqtisodiyoti yuksak
bo‘lgan qator mamlakatlarnikidan ancha yuqori. Bundan tashqari, davlatlar bo‘yicha
soliq yuki darajalarining qiyosiy tahlilidan xulosa qilish mumkinki, soliq yuki
ko‘rsatkichi iqtisodiyotlarning qay darajada rivojlanganligi yoki mamlakatlarda
ijtimoiy himoyaning qay darajada ta’minlanganligiga baho berishga asos bo‘la
olmaydi. Bu ko‘rsatkichning darajasi mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy siyosatlarining
xususiyatlari, ularda tabiiy resurslar holati, aholisining zichligi, geografik joylashuvi
va boshqa qator omillar ta’sirida shakllanadi.
Dostları ilə paylaş: |