II. Bob. Boshqaruv psixologiyasida liderlik masalalarining o‘ziga xos xususiyatlari 2.1. Yoshlarda liderlik qobiliyatini shakllantirish va rivojlantirish xususiyatlari Insonni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash bashariyatning azaliy orzusi
bo‘lib, ajdodlarimiz yosh avlodlarga ma'rifat va madaniyatni o‘rgatish, ularni
komillikka yetaklash yo‘llari, qonun-qoidalarini izlaganlar. Aristoteldan keyin,
Sharq va G‘arbda “Muallimi soniy”, ya'ni “Ikkinchi muallim” nomi bilan mashhur
bo‘lgan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri”, “Yaxshi hulqlar”, “Baxtsaodatga
erishish haqida” kabi asarlarida sardor, yetakchiga xos xislatlar haqida
yozadi. Forobiy bunday fazilatlar deganda, bilimdonlik, donolik, mulohazalilik va
vijdonlilik, kamtarlik, jamoa manfaatlarini yuqori qo‘yish, haqiqiy ma'naviy
komillikka intilish, adolatli bo‘lish kabi xislatlarni tushungan.
Masalan, fozillar shahrining (davlat nazarda tutilgan) tarkib topishi va unda
qanday axloqiy sifatdagi shaxsning rahbar bo‘lishi tasniflari bugungi demokratik
jamiyat qurishning bevosita nazariy talablari bilan uyg‘un keladi.
Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida yetakchiga xos bo‘lgan 12
ta xislat haqida quyidagilarni ta'kidlaydi:
Birinchidan, to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lib, o‘ziga yuklangan vazifalarni
bajarishda biror a'zosidagi nuqson halal bermasligi lozim, aksincha, u sog‘-
salomatligi tufayli bu vazifalarni oson bajarishi lozim;
Ikkinchidan, tabiatan nozik farosatli bo‘lib, suhbatdoshining so‘zlarini,
fikrlarini tez tushunib, tez ilg‘ab olishi, shu sohada umumiy ahvol qandayligini
aniq tasavvur qila olishi zarur;
Uchinchidan, u anglagan, ko‘rgan, eshitgan, idrok etgan narsalarni xotirasida
to‘la-to‘kis saqlab qolishi, barcha tafsilotlarni unutmasligi zarur;
To‘rtinchidan, zehni o‘tkir, zukko bo‘lib, har qanday narsaning bilinarbilinmas
alomatlari va u alomatlari nimani anglatishini tez bilib, sezib olishi zarur;
Beshinchidan, u fikrini aniq tushuntirish maqsadida, uni chiroyli so‘zlar bilan
ifodalay olishi zarur;
Oltinchidan, u (ustozlardan) ta'lim olishga, bilim, ma'rifatga havasli bo‘lishi,
o‘qish-o‘rganish jarayonida sira charchamaydigan, mashaqqatlardan
qochmaydigan bo‘lishi zarur;
Yettinchidan, yeb-ichishda ochofat bo‘lmasligi, aksincha, o‘zini tiya olishi,
(qimor yoki boshqa) o‘yinlardan zavq, huzur olishdan uzoq bo‘lishi zarur;
Sakkizinchidan, u haq va haqiqatni, odil va haqgo‘y odamlarni sevadigan,
yolg‘on va yolg‘onchilarni yomon ko‘radigan bo‘lishi zarur;
To‘qqizinchidan, u o‘z qadrini biluvchi va nomus-oriyatli odam bo‘lishi,
pastkashlardan yuqori turuvchi, tug‘ma oliyhimmat bo‘lishi, ulug‘, oliy ishlarga
intilishi zarur;
O‘ninchidan, bu dunyo mollariga, dinor va dirhamlarga qiziqmaydigan (moldunyo
ketidan quvmaydigan) bo‘lishi zarur;
O‘n birinchidan, tabiatan adolatparvar bo‘lib, odil odamlarni sevadigan,
istibdod va jabr-zulmni, mustabid va zolimlarni yomon ko‘ruvchi, o‘z odamlariga
ham, begonalarga ham haqiqat qiluvchi, barchani adolatga chaqiruvchi, nohaq
jabrlanganlarga madad beruvchi, barchaga yaxshilikni va o‘zi suygan go‘zalliklarni
ravo ko‘ruvchi bo‘lishi zarur. O‘zi haq ish oldida o‘jarlik qilmay, odil ish tutgani
holda har qanday haqsizlik va razolatlarga murosasiz bo‘lishi zarur;
O‘n ikkinchidan, o‘zi zarur deb hisoblagan chora-tadbirlarni amalga
oshirishda qat'iyatli, sabotli, jur'atli, jasur bo‘lishi, qo‘rqoqlik va hadiksirashlarga
yo‘l qo‘ymasligi zarur.
Yetakchilik va boshqaruv haqida so‘z ketganda, buyuk tarixiy shaxs, o‘rta
asrning yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, kuchli va markazlashgan davlat
asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Sohibqiron Amir Temur xususida alohida
to‘xtalib o‘tish joiz.
Tarixdan ma'lumki, Amir Temur 7 yoshga to‘lgach, otasi uni o‘qishga beradi.
U yoshlik chog‘laridanoq chavandozlik, ov qilish, kamondan o‘q uzish kabi turli
mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishni yoqtirar edi. Shu asnoda Amir
Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir
sifatida voyaga yetadi. Uning atrofida bolalikdagi do‘stlari va maktabdoshlari
to‘planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin
harbiy guruhga birlashib, shakllana borishadi. Bu guruh orasida Abbos Bahodir,
Jahon Shohbek, Kimori Inoq, Sulaymon Shohbek, Sayfuddinbek va boshqalar
bo‘lgan. Keyinchalik ular Amir Temurning safdoshlariga aylanib, uning qo‘shinida
lashkarboshilik darajasiga ko‘tarilganlar. Amir Temur tabiatan og‘ir, bosiq, teran
fikrli va idrokli, turli fikrni tezda fahmlab oladigan yetakchilik qobiliyatiga ega
inson bo‘lgan. Shu tufayli o‘spirinlik chog‘laridayoq tengqurlaridan sadoqatli
do‘stlarni atrofiga jalb qila olgan.
U odob-axloq, iymon-e'tiqod ta'lim-tarbiya sohasida yuksaklikka erishgan
buyuk siymolardan biridir. Jahonga mashhur bo‘lgan «Temur tuzuklari»da uning
ibratli, hayotiy pand-nasihatlari va purma'no o‘gitlarining teranligi, ta'sirchanligi
yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu asarni davlat boshqaruvida, yoshlarda liderlikka xos
xislatlarni va boshqaruv mahoratini shakllantirishda beqiyos xazina - qo‘llanma,
deya olamiz.
Sohibqironning davlat boshqaruv tajribasi, yetakchilik haqidagi ilg‘or
g‘oyalari, pand-nasihatlaridan hozirgi kunda ham dasturilamal sifatida foydalanish
mumkin. Bu borada Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma'naviyat -
yengilmas kuch” asaridagi quyidagi so‘zlar alohida e'tiborga molik: “Sohibqiron
Amir Temur haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki tengsiz azmu shijoat,
mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo
etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmufan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma'naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.
Shaxsan men “Temur tuzuklari”ni har gal o‘qir ekanman, xuddiki o‘zimga
qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. O‘z ish faoliyatimda bu kitobga
takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma'naviyati
uchun bugun ham oziq bo‘ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga
ko‘p bor ishonch hosil qilganman”.
Shaxsning yetakchilik imkoniyatini rivojlantirishning zamonaviy
yondashuvlaridan biri insonda shakllangan qobiliyatga suyanish va qobiliyatni
imkoniyatga qarab namoyon etishdir. Bunday yondashuv «vaziyatli yetakchilik»
deb ataladi, unda yetakchi deb tan olingan shaxsning umumiy maqsadga erishish
yo‘lida muammoli vaziyatda o‘z qobiliyatini namoyon eta olishi tushuniladi1. Bu
nazariyaga binoan, guruh bir necha yetakchiga ega bo‘lishi mumkin, kezi
kelganda, har bir jamoa a'zosi muammoli vaziyatni hal etish borasida o‘z qobiliyat
va imkoniyatini namoyish eta oladi. Samarali faoliyat olib boruvchi rahbar o‘z
jamoasida aynan shunday muhitni yaratishi kerakki, har bir xodim zarur vaziyatda
o‘z imkoniyatini ishga solish orqali muammoli vaziyatni hal etishda faol
qatnashishi va boshqaruv jarayonida ishtirok etayotganini anglasin. Buning uchun
jamoa har qanday vaziyatni hal etishda mas'uliyatni his qiluvchi va professional
xodimlarga ega bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, guruhda shunday xodimlar ham
borki, ular yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarni hal eta oluvchi universal
qobiliyatga ega.
Yoshlar yetakchilariga xos xususiyatlarni quyidagi toifalarga bo‘lish mumkin:
- ishonch - o‘z bilim va tajribasini qo‘llash;
- faollik - g‘ayrat bilan harakat qila olish;
- tashabbuskorlik - faollikning ijodiy namoyon bo‘lishi, g‘oyalar, takliflarni
ilgari surish;
- bilimdonlik - ishni chuqur bilish orqali namoyon qilish;
- kirishimlilik - o‘zgalar bilan muloqotga tez kirishish, samimiy bo‘lish,
insonlararo muloqotga ehtiyoj;
- zehnlilik - voqea-hodisaning mohiyatini tezda anglash, uning sabab va
natijasini oldindan ko‘ra bilish, eng muhimini aniqlay olish;
- qunt-matonatlilik - iroda kuchini namoyon qila olish, qat'iyatlik, ishni
yakuniga yetkaza olish;
- dadillik - his-tuyg‘u va harakatlarini, ayniqsa, qiyin vaziyatlarda nazorat qila
olish;
- mehnatkashlik - bardoshlilik, murakkab vazifalarni bajara olish qobiliyati;
- kuzatuvchanlik - ishni ko‘ra bilish, yo‘l-yo‘lakay muhimini ajratish, maydachuyda
narsalarni fahmlay olish;
- tartiblilik - o‘z xatti-harakatlarini rejalashtira olish, ketma-ketlikni aniqlay
olish;
- mustaqillik - mulohaza yuritishda mustaqillik, mas'uliyatni o‘z zimmasiga
olish.
Yoshlar yetakchisining o‘ziga xos xususiyatlari, ya'ni yetakchilik
iste'dodining boshqalardan farqli ko‘rsatkichlari qatorida yana quyidagilarni qayd
etish mumkin:
- tashkilotchilik ziyrakligi - o‘zgalarni tushunish, ularning ichki olamiga kira
olish, individual fazilati, kayfiyatini inobatga olgan holda masalaga yondashish;
- faol psixologik ta'sir kuchiga egalik - yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan
holda, ularning xususiyatidan kelib chiqib, insonlarga turli usullar bilan ta'sir
o‘tkaza olish;
- yetakchilik mas'uliyatini o‘ziga olish.
Yetakchining asosiy xususiyatlaridan biri - yoshlar orasida “bir qadam
oldin”da bo‘lish. U yangiliklardan doimo xabardor, boshqalar uchun ochiq
bo‘lmagan axborotga ega bo‘lishi kerak. Barcha jabhada yoki sohada axborotga
egalik qilish boshqalardan ustun bo‘lish imkonini beradi. Yetakchi bunday
manbani qayerdan, qanday topishni yaxshi biladi. Bunday axborotga ega
bo‘lmagan o‘spirinlar uning o‘rnini xayol, gumon va shubha bilan to‘ldiradi. Ular
hayotidagi unutilmas kun yoki umuman bo‘lmagan voqealar bilan o‘rtoqlashadilar,
bunday narsalarni yaxshi qabul qiladilar. Shu tariqa o‘spirinning yetakchilik
xususiyatlari o‘z fikrini erkin bildirishida namoyon bo‘ladi. Yoshlar yetakchisi
aniq dalil va isbotlar bilan o‘z bilimini boyita oladi. Bunday holatda yetakchiga
nisbatan ishonch ortadi.
Yosh yetakchining yana bir xususiyati shundaki, u o‘ziga xos va takrorlanmas
fikrlarni dadil bildira oladi. U fikrlarini qiziqarli tarzda ifodalaydi va boshqalardan
ham dadillik kutadi. Bunday xususiyatga ega bo‘lgan yetakchiga yoshlar ishonadi
va unga ergashadi. Shuning uchun yoshlarga yetakchilik xususiyatlari bilan birga
axloqiy qoidalar asosi va ko‘nikmalarini singdirish hamda har bir xatti-harakatning
natija va oqibatlarini anglashni o‘rgatish kerak. Bu, o‘z navbatida, barkamol, yetuk
insonni shakllantirish imkonini beradi. Yoshlar va o‘spirinlar ichida turli ijtimoiy
guruhlar, harakatlarga a'zo bo‘lish alohida ahamiyat kasb etadi.
Rahbar uchun zarur xususiyatlardan yana biri - shaxsning o‘ziga bo‘lgan
ishonchi. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan rahbar vaziyat o‘zgarishi sababli o‘z qarorini
o‘zgartirishi tabiiy. Bunday jamoada xodimlar o‘z rahbarini suyanchiq sifatida
ko‘rmaydilar. Yetakchi ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy holatlarda sherigi yoki
hamkorida ishonch uyg‘otishi, ishning muvaffaqiyatiga kafolat berishi,
mas'uliyatni his etishi zamonaviy rahbar uchun muhim fazilat ekanini anglashi
lozim. Bu jarayonda “ishonch” tushunchasi asosiy o‘rin egallaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yetakchi shaxs tug‘ma qobiliyatining yetarli
darajada shakllanganligi bilan harakterlanadi. Yuqorida aytganimizdek,
yetakchining asosiy xususiyatlaridan biri - guruh manfaati haqida g‘amxo‘rlik.
Shuning uchun “yetakchi” ta'rifidagi asosiy ma'no shaxsning vaziyatni
muvaffaqiyatli hal eta olish qobiliyati va guruh maqsadi yo‘lidagi jonbozligi deb
tushunilishi mumkin.
Yetakchilikni rivojlantirish aniq maqsadga yo‘naltirgan holda tegishli
ko‘nikmalarni shakllantirish hamda mustahkamlashdir. Yoshlar tashkilotida
yetakchilik bilan boshqarish muammosining ushbu jihati yetakchilik qobiliyatini
o‘rgatish hamda o‘zi ham o‘rganish, motivlashtirish, treninglar va amaliy tajriba
orqali yanada rivojlantirish imkonini hisobga oladi.
Yoshlar tashkilotida yoshi, jinsi, millati va mavqei turlicha bo‘lgan yetakchi
ijodkorlar uchraydi, masalan:
- harakatga keltiruvchi tashkilotchilar (rasmiy) yetakchilar;
- ruhiy kayfiyatga chorlovchi (da'vatkor) yetakchilar;
- tashabbuskor (ijodkor) yetakchilar;
- bilimdon (ilmiy salohiyatli) yetakchilar;
- mohir, ishbilarmon, ishni hammadan yaxshi (sifatli) bajara oladigan
yetakchilar.
Yoshlar toifasining “o‘quvchi yoshlar” guruhiga 14 yoshdan 21 yoshgacha va
undan katta bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim-maktab, akademik litsey va kasb-hunar
kolleji o‘quvchilari hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari kiradi.
Yoshlar psixologiyasida ushbu davr o‘smirlik hamda qadriyatlarni
anglashning shakllanishi, o‘zligini anglashi va shaxsning mavqei shakllanishi davri
sifatida qaraladi. O‘spirin bolaning o‘zini anglashi o‘ziga xos beriluvchanlik,
axborotlarni qayta ishlash va o‘zlashtirish qobiliyati bilan harakterlanadi. Ushbu
davr tanqidiy nigohdagi tafakkur, turli jarayonlarni o‘z nuqtai nazari bilan
baholash, turli dalillar izlash va original fikrlash vaqtidir. Shu bilan birga, ushbu
yoshda oldingi avlodga xos bo‘lgan hayot tarzi saqlanib qoladi. O‘spiringa faol
harakat vaqtida hayot tajribasi yetishmay qoladi, bu uning ijtimoiy munosabatlar
tizimiga to‘la kirishmaganligi bilan bog‘liq.
Demak, zamonaviy yetakchi guruhda yetakchilik qobiliyati, umumiy va
o‘ziga xos xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turadi.