O’tkir Hoshimov qissa va hikoyalar yozib, qalamini ancha qayrab olgach, yirik
epik janr – roman janriga murojaat qildi. 1977-v yili yozuvchining birinchi romani
– “Nur borki, soya bor” bosilib chiqdi. Ammo yosh yozuvchini romanga murojaat
etishga undagan sabab – bu janrda kuchini sinab ko’rish ishtiyoqigina emas edi.
Buning ancha chuqur ijtimoiy ildizlari bor edi – hayotning o’zida o’sha kezlarda
shunday romanlarga ehtiyoj katta edi. 70-yillarning boshlaridayoq turg’unlik
davrining illatlari ko’rina boshladi, ijtimoiy illatlar tobora chuqurlashib bordi.
Bu davrda jamiyatda poraxo’rlik avj oldi, odamkar o’z ishini bajarish o’rniga
tamagirlik yo’liga o’ta boshladilar, savdo-sotiq xalqqa emas, ayrim shaxslarning
boyishiga xizmat qila boshladi, paxta yakkahokimligining dahshati ro’yi-rost
namoyon bo’la boshladi, qishloq aholisining moddiy turmushi yomonlashdi. Har
xil zaharli moddalarni me’yorsiz ishlatish oqibatida ekologiya fojiali ahvolga
tushdi, maktab o’quvchilari va ayollar oyoqosti qilindi, yolg’onchilik, hamma
narsani pardozlab ko’rsatish rasm bo’ldi, buning oqibatida iymon susaydi,
diyonatga putur yetdi, e’tiqod zaiflashdi. Jamiyatda ma’naviy chirish belgilari
yaqqol ko’rina boshladi. Vijdonli yozuvchi har xil taqiqlar va to’siqlarga qaramay,
xalq dilidagi dardlarni aytishga imkoniyat topdi va maqsadiga erishdi ham. To’g’ri,
romanda ayrim kamchiliklar ham bor, lekin asar muvaffaqiyatli chiqdi.
Dostları ilə paylaş: