142. Oybekning tarixga murojaat qilib yozgan ilk dostoni qanday nomlangan? Oybekning tarixga murojaat qilib yozgan ilk dostoni 1937-yilda yozilgan
“Navoiy” dostonidir. Shoir bu asarida birinchi marta tarixga murojaat etib, ulug’
o’zbek shoirining obrazini yaratdi. Oybek bu asarning yaratilish tarixi to’g’risida
so’zlab, bunday degan: “O’z xalqimning taqdiri haqida fikr yuritar ekanman, menda yangidan-yangi temalar tug’ilardi. Yoshligimda asarlari bilan tanishgan ulug’ o’zbek klassigi, buyuk, o’lmas Alisher Navoiy haqida yozishni ko’pdan beri orzu qilar edim. Ulug’ insonparvar obrazi o’rta asr tuni qorong’uligini yorituvchi mash’al kabi mening xayolimni egallab oldi. Men “Navoiy” poemasini yozdim”.
143. Oybek ijodida Alisher Navoiy siymosi qaytarzda ifoda etildi? Oybek butun umri davomida mumtoz o’zbek adabiyoti va uning cho’qqisi –
Alisher Navoiy ijodini sevib o’rgandi. Buyuk siymoning hayoti va ijodi haqida
qator ilmiy maqolalar, ko’plab she’rlar, dostonlar yaratdi. 1940-yilda “Navoiy”
romanini yozishga kirishdi. 1942-yilda esa romanni yozib tugatdi. Bu romanning
o’ziga xos poetik eskizi bo’lgan “Navoiy” lirik dostonini 1937-yilda yozdi.
Oybekning temuriylar davri madaniyati tarixi, xususan, Alisher Navoiy
ijodini o’rganishga bag’ishlangan ko’plab ilmiy ishlari uning 1943-yilda yangi
tashkil etilgan O’zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo bo’lib saylanishiga
to’la huquq berdi.
144. Oybekning “Navoiy” romanidagi voqealar qanday boshlanadi? Oybekning tarixiy-biografik xarakterdagi “Navoiy” romani (1944) o’zbek
adabiyoti tarixida faxrli o’rin tutadi. Roman voqeasi 18 yoshli yigit – Alisher
Navoiyning Samarqanddan Hirotga qaytishi bilan boshlanadi va Navoiy hayotining
eng samarali va eng sermazmun davrlarini qamrab oladi. Asar voqeasi Navoiyning
o’limini aks ettirish bilan tugaydi. Asarda Navoiyning olijanob fazilatlari, ajoyib
xislatlari, Vatan, xalq va adabiyot oldidagi buyuk xizmatlari birin-ketin ochila
boradi. Navoiy obrazi romanda el va xalq uchun qayg’uruvchi, yurtning baxt-
saodati haqida jon kuydiruvchi, adolat va haqqoniyat uchun astoydil intiluvchi
ulug’ siymo sifatida namoyon bo’ladi.