2-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya to’g’risidagi qonunchilik Maktabgacha ta’lim va tarbiya to’g’risidagi qonunchilik ushbu qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida maktabgacha ta’lim va tarbiya to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
alohida ta’lim olish ehtiyojlari bo’lgan bolalar — nogironligi bo’lganidan yoki bo’lmasligidan qat’i nazar, oila, pedagoglar, mutaxassislar, jamiyat va davlatning alohida e’tiboriga muhtoj bo’lgan individual ehtiyojlarga ega bolalar;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti — davlat tomonidan moliyalashtiriladigan va bosh’ariladigan hamda maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartiga muvofiq maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlari ko’rsatuvchi tashkilot;
inklyuziv ta’lim va tarbiya — bolalarning alohida ta’lim olishga bo’lgan ehtiyojlarini hamda individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta’lim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarni ta’minlaydigan jarayon;
maktabgacha bo’lgan yosh — bolalarning tug’ilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy o’rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish boshlangan paytga qadar bo’lgan yoshi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya — bolalarga ta’lim va tarbiya berishga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy o’rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz ta’lim turi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat standarti — ta’lim-tarbiya jarayonining hajmiga, mazmuniga va sifatiga, maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek maktabgacha yoshdagi bolalarning sog’lom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir majburiy talablar majmui;
maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi — bola tomonidan o’zlashtirilishi lozim bo’lgan asosiy bilimlarning, mahorat va ko’nikmalarning hajmini hamda mazmunini belgilovchi, shuningdek ta’lim va tarbiya mazmunining o’ziga xosligini, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning o’ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi hujjat;