Dissertatsiyaning tuzilishi va xajmi. Magistrlik dissertatsiya ishiga kirish, 4 ta bob va xar bir bob bo’yicha xulosalar, xulosa va takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati, ilmiy ishlar ro’yxati va ilovalardan iborat. Dissertatsiya ishi, __ ta rasm, __ ta jadvaldan tarkib topgan bo’lib ish ___ betdan iborat.
I-BOB. ADABIYOTLAR SHARHI.
1.1. Danakli mevalarni tabiiy quritish usullari va uskunalari. O’rta Osiyo respublikalarida tabiiy sharoitning qulayligi meva-sabzavotlarni shamollatib va oftobda quritish imkonini beradi. Mevalarni quritishdan maqsad ularning namini qochirib, mikroorganizmlar rivojlana olmaydigan hamda har xil biologik jarayonlar ro’y bermaydigan holga keltirishdir. Quritishning shunday bir me’yori borki, namlik miqdori o’sha darajadan pasaysa, mikrooganizmlar rivojlana olmaydi. Bu minimal darajada bakteriyalar uchun 30% ni, achitqi bakteriyalar uchun 15 - 20% ni tashkil qiladi. SHu sababli quritishdan keyin mevalarning namligi 15 - 25% bo’lsa, ularni chiritmay sifatli saqlash mumkin [64,65,66].
Sifatli meva mahsulotlari olish uchun ularni tez va yaxshi quritishni ta’min etadigan sharoit yaratish lozim. O’rta Osiyoda mevalar asosan quyoshga yoyib quritiladi. Bu sharoitda arzon va sifatli mahsulot olish uchun quritish punktlarini to’g’ri tanlash va tashkil etish, belgilangan texnologiyaga amal qilish, xom ashyoni tayyorlashda ilg’or usullarni qo’llash lozim.
Mevalar quyoshda quritilishidan tashqari, sun’iy issiqlikdan foydalanib ham quritiladi. Bunday quritish shkaflaridan, tunnel, uzluksiz ishlaydigan tarmoqlardan fodalaniladi.
Mevalarni quritish ikki bosqichga bo’linadi - quritishga tayyorlash va quritish bosqichlaridan iborat. Birinchi bosqich-quyidagilarni o’z ichiga oladi:
o’lchamiga qarab saralash, yuvish, sifatiga qarab tanlash, tozalash, maydalash, blanshirlash yoki qaynatishdan iborat. Ikkinchi bosqich-esa mevalarni quritishdan iborat.
Mevalarni quritish faqat undan namlikni qochirish emas, balki murakkab fiziologik va biokimyoviy jarayonlarni o’z ichiga oladi. Quritish jarayonining davomiyligi ko’pgina omillarga, ya’ni quritish ob’ektining tabiatiga, xomashyoni maydalash shakli va darajasiga, uning quritish maydonchasidagi qalinligiga, quritishga tayyorlash usuliga, quritish temperaturasiga, havoning almashish tezligiga, namligiga va boshqa bir qator omillarga bog’liq [65,66].