CHervyakli asosiy uzatmalar tishli g’ildirakli uzatmalardan o’zining
ixchamligi va shovqinsiz ishlashi bilan farqlanadi. Ammo bu uzatmaning f.i.k.
konusli va gipoidli uzatmalarga nisbatan kichik va uni tayyorlashda qimmat metall
(bronza) ishlatilganligi sababli avtomobillarda deyarli qo’llanilmaydi.
3. Asosiy uzatma konstruktsiyasi va tuzilishi va ishlashi jarayoni. Gipoidli asosiy uzatma. Bunday uzatmalar, dvigateli oldida va yetakchi
ko’prigi orqada joylashgan barcha yengil avtomobillarda, shuningdek ayrim yuk
avtomobillarida (GAZ-53A) qo’llaniladi. Misol tariqasida Damas avtomobilining
asosiy uzatmasini ko’ramiz (12.1- rasm, b). Uzatish soni 5,125 bo’lgan bunday
uzatmada val bilan birga yasalgan yetakchi tishli g’ildirakning o’qi yetaklanuvchi
g’ildirakning o’qiga nisbatan 31,75 mm pastrok siljitilgan. Yetakchi tishli
g’ildirakning vali uzatma karterida ikkita konussimon rolikli podshipniklarda
o’rnatilgan. Podshipniklarning oralig’iga keruvchi vtulka o’rnatilgan. Keruvchi
vtulkaning o’ziga xos xususiyati bo’lib uzatmani yig’ish vaqtida podshipniklarni
gayka bilan tortilganda, ma’lum elastiklik xususiyatiga ega bo’lgan keruvchi
vtulka, o’rta qismida tashqi diametri tomon deformatsiyalanadi. Buning natijasida
podshipniklarning doimo ma’lum darajada tig’iz holda qisilib turishi ta’minlanadi
va valni o’q bo’ylab siljishiga imkon bermaydi. Yetaklanuvchi tishli g’ildirak
differentsial qutisiga boltlar bilan biriktirilgan. Differentsial qutisi esa ikkita
konussimon rolikli podshipniklarda uzatma karteriga qopqoqlar yordamida boltlar
bilan maxkamlangan. Bu rolikli podshipniklarning dastlabki tig’izligini gaykalar
bilan rostlanadi. Yetakchi tishli g’ildirakning yetaklanuvchiga nisbatan to’g’ri
turish holati rostlovchi halqa bilan bajariladi. Yig’ilgan asosiy uzatma karteri bilan
birgalikda yetakchi ko’prikning karteriga o’rnatiladi va boltlar bilan qotiriladi.