27-MA’RUZA FE’L ZAMONLARI, ULARNING TURLARI (O’TGAN, HOZIRGI VA KELASI ZAMON FE’LLARI) REJA: 1. Zamon kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot.
2. Otgan zamon fe’llari va ularning turlari.
3. Hozirgi zamon fe’llari va ularning turlari.
4. Kelasi zamon fe’llari va ularning turlari.
Ish-harakatning voqe bo`lishi (yoki bo`lmasligi) mantiqan zamon bilan bog`liq bo`ladi. Fe’llardagi zamon nutq so`zlanib turgan paytga nisbatan qiyoslangan holda aniqlanadi, ya’ni ish-harakat nutq so`zlanib turgan paytdan oldin, nutq so`zlanib turgan paytda, nutq so`zlanib turgan paytdan so`ng bajarilishi yoki bajarilmasligi mumkin. Shunga ko`ra, fe’l uch zamon ko`rinishiga ega: 1. O`tgan zamon. 2. Hozirgi zamon. 3. Kelasi zamon. Fe’llarda zamon ma’nosi fe’l tarkibida qo`llangan grammatik ko`rsatkichlar orqali belgilanadi. Masalan: 1. Nodira ezgu ishlar bunyod etdi va o`tar dunyoda yaxshi nom qoldirdi. (R.Shog`ulomov). 2. Ko`nglini kichik tutgan, kamtarlik yo`lidan yurgan kishi ulug`likka yetadi (Yusuf Xos Hojib). 3. Ilm ko`pga yetkazar, hunar esa ko`kka (Maqol). Keltirilgan misollarning birinchisida bunyod etdi, nom qoldirdi fe’llari tarkibidagi –di o`tgan zamonni, ikkinchisida yetadi fe’li tarkibidagi –a ko`rsatkichi hozirgi zamonni, uchinchisida yetkazar fe’lidagi –ar ko`rsatkichi esa kelasi zamon ma’nosini ifodalagan.
Har bir zamon o`z navbatida yana bir necha turga bo`linadi. Chunki har bir zamon vaqtning katta qismini ko`rsatish bilan birga o`zining ichki xususiy modal ma’nolariga (qo`shimcha ma’nolarga) ham ega. Masalan: o`qimoqchiman, o`qiydiganman fe’llari nutq so`zlanib turgan paytdan so`ng bajariladigan harakatni ifodalab, vaqtning katta qismini ko`rsatish bilan birga, bajarilishi maqsad qilib olingan harakatni anglatishi kabi o`ziga xos modal ma’noga ham ega.
O`tgan zamon Bu zamondagi fe’llar ish-harakatning nutq so`zlanib turgan paytdan oldin bajarilgan yoki bajarilmaganini ifodalaydi.
O`tgan zamon fe’li xususiy modal ma’nolariga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi:
1) yaqin o`tgan zamon fe’li; 2) uzoq o`tgan zamon fe’li; 3) o`tgan zamon hikoya fe’li; 4) o`tgan zamon davom fe’li; 5) o`tgan zamon maqsad fe’li.