Statistik ma’lumotlar bilan ishlash. Statistik ma’lumotlar geografiya ta’limida ikki xil maqsadda ishlatiladi:
aniq geografik ma’lumot sifatida. Bularga materik va okeanlarning maydoni, quruqlikning eng baland va past nuqtasi, materiklarning chekka nuqtalari, davlatlarning maydoni, yirik dengiz, ko’llarning maydoni va chuqurligi, yirik daryolarning uzunligi va h.k. lar kiradi. Mazkur statistik ko’rsatgichlarni o’quvchilar yodlab olishlari lozim;
geografik bilimlar manbai sifatida. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kurslarida juda ko’p statistik ma’lumotlar jadval, diagramma va grafik sifatida berilgan. Ulardan o’quvchilar bilim olish maqsadida foydalanishlari mumkin. Mazkur ma’lumotlarni tahlil qilish asosida o’quvchilar turli xulosalar chiqarishlari mumkin.
Shuning uchun o’qituvchilar o’quvchilarni statistik ma’lumotlar bilan ishlashga o’rgatishlari va tegishli ko’nikmalarni hosil qilishga erishishlari lozim.
Geografiya ta’limida qo’llaniladigan statistik ma’lumotlarni shartli ravishda uch guruhga bo’lishimiz mumkin:
yakka holdagi guruhlashtirilgan sonli ma’lumotlar;
chizmalarda ifodalangan sonli ma’lumotlar (diagramma, grafik, kartogramma, kartodiogramma);
jadvallarda ifodalangan sonli ma’lumotlar.
Yakka xoldagi statistik ma’lumotlardan foydalanish.Mazkur guruhdagi sonli ma’lumotlar guruhlashtirilmagan bo’ladi. Ularni har biri bilan ishlaganda fikrlash talab qilinadi ayrimlari bilan ishlaganda ularni esda saqlab qolish talab qilinadi. Sonlarni esda saqlab qolish va ular haqida fikr yuritishda ular butun son xoliga keltiriladi, ya’ni kasr son butun sonlarga aylantiriladi. Ayniqsa yodda saqlab qolinadigan sonlar albatta yaxlitlanishi lozim. O’quvchilar o’z jadvallarida yaxlitlangan sonlarni aytishlari lozim. Masalan, Afrikaning maydoni 30 mln. km2, O’zbekiston maydoni deyarli 0,5 mln km2 va h.k.
Dars jarayonida ishlatiladigan har bir son izoxlanishi lozim. Masalan, daryoning uzunligini so’rayotganda uni kema qancha vaqtda bosib o’tishini, davlatlarni maydonini tushuntirayotganda uni g’arbdan sharqqa tomon, shimoldan janubga tomon qancha masofaga cho’zilganligi va ushbu masofalarni po’ezdda yoki avtomobilda qancha vaqtda bosib o’tishini tushuntirilsa, o’quvchilarda maydon tushunchasi tez va oson shakllanadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy ko’rsatkichlar jon boshiga hisoblanadi. Masalan, jon boshiga bug’doy yetishtirish, jon boshiga sanoat mahsulotlari yetishtirish va h.k.
Statistik ma’lumotlar bilan ishlashning muhim usullaridan biri qiyoslash xisoblanadi. Bunda sonlarni yodlab qolish shart emas. Masalan, Turkmanistonning maydoni O’zbekistonnning maydoni bilan deyarli bir xil yoki bo’lmasa Balxash va Ladoga ko’llarining maydoni deyarli bir xil va h.k.
Bundan tashqari o’quvchilarga sonlarni qiyoslash bo’yicha topshiriqlar ham berish mumkin. Masalan, O’zbekiston aholisi Osiyodagi qaysi davlatlar aholisidan ko’p yoki O’zbekistonning maydoni Osiyodagi qaysi davlatlar maydoni bilan deyarli bir xil.