Diqqat. Agar kichik maktab davrida ixtiyorsiz diqqat ustunlik qilsa, o‘smirlik davrida bola o‘z diqqatini o‘zi boshqara oladi. Dars davomida intizomning buzilishi aksariyat hollarda o‘quvchilar diqqatsizligidan emas, balki ijtimoiy sabablar bilan belgilanadi. O‘smir o‘z diqqatini to‘la ravishda o‘zi uchun ahamiyatli bo‘lgan va yuqori natijalarga erishishi mumkin bo‘lgan faoliyatlarga qarata oladi. O‘smirning diqqati yaxshi boshqariladigan va nazorat etiladigan darajada rivojlangan bo‘lishi mumkin. Bolaning rivojlanayotgan ixtiyoriy diqqati o‘qituvchi tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanishi juda zarurdir. Pedagogik jarayonda ixtiyorsiz diqqatni ixtiyoriy diqqat darajasiga ko‘tarish uchun bir qancha uslublar ishlab chiqilgan. Shuningdek, o‘smirning dars jarayonida o‘z tengdoshlari orasida o‘zini ko‘rsatishi uchun sharoitni yaratilishi ham o‘smirdagi diqqatni ixtiyorsizdan ixtiyoriyga aylanishida zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Lekin, o‘smirlik davrida juda qattiq charchash holatlari ham bo‘ladi. Aynan 13-14 hamda 16 yoshlarda charchash chizig‘i keskin ko‘tariladi. Bunday holatlarda o‘smir atrofdagi narsa va voqealarga to‘liq diqqatini qarata olmaydi, diqqatning ko‘rinishlariga o‘smirlik erishish va yo‘qotish bo‘yicha to‘la qarama-qarshi bo‘lgan davr hisoblanadi.
O‘smirlik davrida nazariy tafakkur yuqori ahamiyatga ega bo‘la boshlaydi. Chunki bu davrdagi o‘quvchilar atrof-olamdagi bog‘lanishlar mazmunini yuqori darajada bilishga harakat qiladilar. Bu davrda o‘smirning bilishga bo‘lgan qiziqishida progress sodir bo‘ladi. Ilmiy nazariy bilimlarning egallab olinishi tafakkurning rivojlanishiga olib keladi. Buning ta’sirida isbot, dalillar bilan fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Unda deduktiv xulosalar chiqarishga qobiliyat paydo bo‘ladi.
Maktabda o‘qitiladigan fanlar o‘smir uchun o‘z taxminlarini yuzaga keltirish yoki tekshirish uchun sharoit bo‘lib xizmat qiladi. J.Piajening ta’kidlashicha, “Ijtimoiy hayot uch narsaning ta’siri - til, mazmun, qoidalar asosida shakllantiriladi». Bu borada o‘zlashtirilgan ijtimoiy munosabatlar o‘z-o‘zidan tafakkurning yangi imkoniyatlarini yaratadi.
11-12 yoshdan boshlab o‘smir endi mantiqiy fikrlab harakat qila boshlaydi. O‘smir bu yoshda xuddi kattalar singari keng qamrovli tahlil etishni o‘rgana boshlaydi. O‘smir tafakkurning nazariy darajaga qanchalik tez ko‘tarila olishi, o‘quv materiallarini tez va chuqur egallashi uning intellektini ham rivojlanishini belgilab beradi. O‘smirlik davri yuqori darajadagi intellektual faollik bilan farqlanadi. Bu faollik o‘ta qiziquvchanlik hamda atrofdagilarga o‘z layoqatlarini namoyish etish, shuningdek, ulardan yuqori baho olish ehtiyojining mavjudligi bilan belgilanadi. O‘smirning kattalarga beradigan savollari mazmunli, mulohazali va aynan o‘sha masala doirasida bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalar turli farazlarni keltira oladilar, taxminiy fikr yuritib, tadqiqot o‘tkaza oladilar hamda ma’lum bir masala bo‘yicha muqobil variantlarni taqqoslay oladilar. O‘smir tafakkuri ko‘pincha umumlashtirishga moyil bo‘ladi. Respublikamizning bozor iqtisodiyoti sharoitiga o‘tishida kishilardagi amaliy tafakkurning ahamiyati oshmoqda. Amaliy tafakkur tizimiga quyidagi aqliy sifatlar kiradi:
- tadbirkorlik, tejamkorlik, hisob-kitoblik, yuzaga kelgan muammolarni tez yecha olishlik va boshqa shu kabi sifatlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina amaliy tafakkurni rivojlangan deb hisoblash mumkin. Bu sifatlarni 1-sinfdanoq rivojlantira borish nihoyatda muhim. O‘smirlik davrida ishbilarmonlik sifatini o‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarishni yo‘lga qo‘yishi, umumiy foydali tadbirkorlik ishlarida ishtirok etishi orqali rivojlantirish mumkin. Bu borada o‘quvchi ijrochi rolida emas balki boshqaruvchi, mustaqil yo‘l tanlovchi va tadbirkorlik munosabatlarida o‘zi ishtirokchi bo‘lgan taqdirdagina rivojlanish amalga oshishi mumkin. Bu yoshda tadbirkorlikni rivojlantirishda ko‘proq mustaqillikning berilishi o‘smir amaliy tafakkurining rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘smir yoshdagi bolalarda tejamkorlikni rivojlantirish aqlning boshqa sifatlariga nisbatan osonroq kechadi, buni ko‘proq ularni qiziqtiradigan narsalarga mustaqil ravishda hisob-kitob qilib borishga yo‘llash orqali amalga oshirish mumkin, o‘smirlarda yuzaga kelgan muammolarni tez va operativ holda yechish malakasini shakllantirish birmuncha qiyinroq kechadi. Albatta, bu bolaning temperamentiga ham bog‘liq. Barcha o‘smirlarni ham tez yo‘llab, tez harakat qilishga o‘rgatish mushkul, lekin ularni biror muammo yuzaga kelishi bilan orqaga chekinmay, zudlik bilan yechishning umumiy qoidalariga o‘rgatib borish mumkin. O‘smirlik davrida iitellektning yuqori darajada rivojlangan bo‘lishi qimmatli va obro‘li hisoblanadi. O‘smir shaxsida va uning bilishga qiziqishidagi o‘zgarishlar o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Ixtiyoriy psixik jarayonlarning rivojlanishi o‘smirdagi shakllanib kelayotgan shaxs mustaqilligiga tayanadi, o‘zining shaxsiy xususiyatlarini anglash va shakllantirish imkoniyatlari esa undagi tafakkurni rivojlanishi bilan belgilanadi. Jinsiy yetilish o‘smirning bu yoshdagi hulq-atvoriga asosiy biologik vosita sifatida ta’sir o‘tkazadi. Lekin, bu bevosita ta’sirdir. Ijtimoiy omillar esa quyidagilardir: kichik maktab yoshidan o‘rta maktabga o‘tish, ya’ni yakka o‘qituvchi rahbarligidan ko‘pchilik o‘qituvchilar tasarrufiga o‘tish va muloqotdagi o‘zgarishlar ijtimoiy foydali ishlarni kengaytirib borish, mustaqil va amaliy ishlarni ko‘proq bajarish, shu bilan birga bolaning oiladagi o‘rni ham o‘zgarishidir. Ushbu o‘zgarishlar ta’sirida bolalar jismoniy va aqliy imkoniyatlarini o‘sib borishi munosabati bilan o‘zlariga ko‘proq ishona boshlaydilar, u endi oilaviy muammolar muhokamasida ham ishtirok eta boshlaydi. Katta o‘smirlarga nisbatan kichik o‘smirlarda paydo bo‘ladigan kelisha olmaslikni ulardagi jinsiy yetilishi bilan emas, balki atrofdagi shart-sharoitlar, oiladagi ota-ona, aka-ukalarning unga munosabati, mahalla-ko‘y, ya’ni ijtimoiy sharoitlar ta’siri bilan bog‘lash zarur.
Shu ijtimoiy sharoit ulardagi psixologik iqlimni o‘zgartirish bilan, kichik o‘smirdagi yomon xulq-atvor, o‘jarlik, kamchiliklarini tan olmaslik kabi salbiy xislatlarning oldini olishi mumkin.
Ba’zi o‘qituvchilar kichik o‘smirdagi bu o‘zgarishlar - urushqoqlik va salbiy alomatlar o‘jarliklarining iddizlari qaerdan kelib chiqqani va nima bilan bog‘langanligi, nimaning ta’siri ekanligini bilmay turib, noto‘g‘ri tashxis va xulosalar chiqaradilar va bu esa aksariyat holda fojiaga olib kelishi mumkin.
Aslida o‘smir yoshidagi bolalarning psixik holatlarini va psixik rivojlanish xususiyatlarini hisobga olish , psixik muammolarini erkin va to‘g‘ri yechishlari uchun yordam berish, ularga psixologik yondashish zarur. Kichik o‘smir yoshdagilar bilan ishlayotganda o‘quvchining har bir tashqi va ichki reaksiyasi ortida uning o‘z psixologik sabablari borligini bilish muhimdir. Bu "madaniyatsiz", "zararli", "tushunib bo‘lmaydigan” deb nom olgan xatti-harakatlar bir qarashda shunday baholanadi, lekin bu hatti-harakatlar shaxs qaror topishi maxsus bosqichi uchun xos xususiyatdir. Kichik o‘smir psixologik "mexanizmi" sxematik ravishda quyidagicha baholanadi. Endokrin garmonlarini paydo bo‘lishi va ularning markaziy nerv sistemasiga ta’sir qilishi bilan bog‘lik bo‘lgan jinsiy yetilishning boshlanishi bolalarning faolligini jismoniy va psixologik imkoniyatlarini oshiradi, hamda bolada o‘zini kattalardek his etish, mustaqil bo‘lish tuyg‘ularini tuyush uchun qulay shart-sharoitlarni olib keladi. Biroq, psixik rivojlanishning bu bosqichida ham bola hali mustaqil harakat qilishga to‘la tayyor bo‘lmaydi. Asosiy ziddiyatni keltirib chiqaruvchi omillardan biri o‘z mustaqilligini imkoniyatidan ortiq darajada baholashdir. O‘z imkoniyatlarini ortiqcha baholash bilan kichik o‘smirning psixik imkoniyatlari o‘rtasida tafovut paydo bo‘ladi. Bu ziddiyatni hal etilishi qanday sodir bo‘ladi va u bolani tashqi ko‘rinishi xulq-atvorida qanday namoyon bo‘ladi?
Ma’lumki, har bir bolaning munosabatlari aniq ishlarda ko‘rinadi, mustahkamlanadi va qayd etiladi. Bola o‘zidagi mustaqillikni shakllantirish uchun o‘zi mustaqil ishlarni bajarishga to‘g‘ri keladi. Lekin, ikkinchi tomondan bir marta mustaqil ish bajarish uchun mavjud shart-sharoitlardan holi bo‘lishga harakat qiladi. Bola boshqa mexanizmlarga ega emas. Bular o‘smirning o‘z kuchiga ichki bir ishonchni mavjud emasligini bildiradi. Bu belgilar mana shu yoshda kishini mustaqil harakat qilishga kodir bo‘lishga, ayni hollarda tevarak atrofdagi kishilarga qarshi borib, o‘zini haq ekanligini qattiq turib himoya qilishga, boshqa hollarda esa vaziyatni vazminlik bilan qabul qilishga dav’at etadi, Kichik o‘smirda o‘z-o‘zini hurmat qilish va o‘zini anglashni shakllantirishni bir qancha yo‘llari mavjud. Masalan: bu davrda kattalarga taqlid qilish yoki oilada o‘z hurmatini talab qilish, o‘z so‘zini o‘tkazish, o‘zini hurmatli, obro‘li katta yoshli kishini obraziga o‘xshatib rivojlantirish kuchli bo‘ladi. Ularga biror so‘z yoki tanbeh bilan murojaat qilsangiz,u o‘zini mustaqil fikrlay olishi va biror ishni albatta uddasidan chiqa oladigandek ko‘rsatadi. Vaholanki, hali o‘smirni psixologik imkoniyatlari yetarli emas yoki rivojlanmagan bo‘lishi mumkin. Kattalar, o‘qituvchilar o‘smirdagi bu jarayonni psixologik nuqtai nazaridan baholay olishimiz, unga soxta pedagogik, yuzaki yondashmay, aksincha, unga o‘z imkoniyatlarini o‘stirishga o‘z ichki va tashqi qobiliyatlarini to‘g‘ri rivojlantirishga yo‘naltirishimiz muhim. O‘smir yoshdagi bolani birinchi galdagi intilishi , u o‘zini endi kichkina bola emas,balki katta bo‘lib qolganligini atrofdagilarga ishontirishdan iborat. Bu yoshda kattalar o‘smirlarni bilib-bilmay qo‘yayotgan kamchilik va xatolarini ko‘pchilik ichida uyaltirib, kamsitib, qoralab emas, balki psixologik yo‘l bilan yondashgan holda yordam berish uni "katta bo‘lib qolganlik”' tuyg‘usini so‘ndirib emas, balki katta odam qanday bo‘lishi va qanday talablarga javob berishi kerakligini anglatishi zarur. Demak, bu o‘smirni to‘laqonli psixik rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan hayotiy bir xislat ekanligini bilgan holda shu bilan bog‘liq salbiy ishlarni psixologik tabiatini to‘g‘ri tushunmog‘i va bolalarni o‘zlarini katta tutishlariga to‘sqinlik qilmaslik, aksincha ularning bunday hatti-harakatlarini ijobiy baxolashga intilishi kerak. O‘smirlarni o‘z tengdoshlari bilan muloqotda bo‘lishi g‘oyat katta ahamiyatga egadir.
O‘z tengdoshlari bilan tenglik asosida qilingan munosabat asosida o‘smir alohida bir ijtimoiy munosabatlar maktabini o‘taydi. O‘zaro qiziqishlar, atrof dunyoni, bir-birlarini o‘zligini anglashlari va tushunishlari ular uchun juda qimmatlidir. O‘smirlar uchun uy vazifalari, uy ishlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga qaraganda tengdoshlari bilan muloqot qilish muhimrokdir. O‘z sirlarini bola endi ota-onasiga emas, balki tengdoshiga ko‘proq ishonadi. U endi salbiy va ijobiy tomonlariga alohida bir urg‘u bermagan holda o‘zi xoxlagan kishisi bilan do‘st bo‘lish xuquqini talab etadi. O‘z tengdoshlari bilan muloqot va munosabat jarayonida o‘z shaxsini erkinlik bilan to‘la namoyon eta oladi. Shaxsiy erkinlikni u katta bo‘lish xuquqi deb anglaydi. Ota- onalarning o‘smirga shu erkinlikni bermasligi yoki o‘smirning shunday deb bilishi natijasida, ular ota-onaga qarshi pozitsiyada bo‘ladilar. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ana shu muloqot va munosabat asosida o‘smirlarda g‘urur hissi shakllana boshlaydi. Albatta, g‘urur me’yor va qoidalari kattalardan o‘rganiladi, lekin o‘z g‘ururini qanday himoya qilishi o‘smirlarning alohida nazoratida bo‘ladi. O‘smirlar orasida sodiqlik va to‘g‘rilik kabi xislatlar yuqori baholanib, sotqinlik o‘z so‘ziga bevafolik, egoizm, qizg‘anchiqlik qattiq qoralanadi va qattiq jazolanadi. Bu jazo u bilan urishish, kaltaklash unga qarshi baykot e’lon qilish va uni yolg‘izlatib qo‘yish shaklida bo‘lishi mumkin. O‘smirlar o‘zini hurmat qilishini, o‘z fikrini va qiziqishini himoya qilishni bilmagan tengdoshlariga juda past baho beradilar.
O‘smirlik davrida, asosan, bilish jarayonlari yuqori darajada rivojlanadi. Bu yillarda o‘smirlar uchun hayot davomida kerak bo‘ladigan asosiy shaxsiy va tadbirkorlik xususiyatlari ochiq ko‘rina boshlaydi. Xotira, mexanik xotira darajasidan mantiqiy xotira darajasiga ko‘tariladi. Nutq rivojlangan, xilma-xil va boy tafakkur esa o‘zining barcha ko‘rinishlari: harakatli, obrazli, mantiqiy darajasida rivojlanadi. O‘smirlarni endi turli amaliyot va aqliy faoliyatlarga o‘rgatish mumkin. Shuningdek, bu davrda umumiy va maxsus layoqatlar shakllanadi va rivojlanadi.
O‘smirlik davriga juda ko‘p ziddiyatlar va qarama-qarshiliklar xos. Maktab dasturini o‘zlashtirish va boshqa ishlar bilan bog‘liq turli masalalarni yechishda ko‘zga tashlanadigan o‘smirlarning intellektual rivojlanganligi kattalarni ular bilan birga jiddiy muammolar bo‘yicha fikrlashga undaydi, o‘smirlarning o‘zlari ham bunga harakat qiladilar. Boshqa tomondan esa ayniqsa, kelajak kasb, xulq-atvor etikasi, o‘z majburiyatlariga mas’ullik kabi muammolar muhokamasida infantillik (yosh bolarlarga xos jismoniy va psixologik holat)ni kuzatish mumkin.
5-6 sinf o‘quvchilariga sinfdagi o‘zi egallagan mavqeiga katta e’tibor berish xususiyati xos. Ayniqsa, 6 sinfdan boshlab, o‘quvchilar o‘z tashqi ko‘rinishlariga, shuningdek qarama-qarshi jinsdagi bolalar va ular bilan o‘zaro munosabatlariga e’tibor bera boshlaydilar.
7-sinf o‘quvchilarida esa o‘z layoqatlarini rivojlantirishga xos qiziqish yuzaga keladi. 8-sinf o‘quvchilari esa mustaqillik, o‘ziga xoslik, do‘stlik va o‘rtoqlik bilan bog‘liq bo‘ladigan shaxsiy xislatlarni yuqori baholashadi. O‘smirlarning ana shu ketma-ket yuzaga keladigan qiziqishlariga asoslangan holda faol ravishda irodaviy ishbilarmonlik va boshqa foydali sifatlarni rivojlantirishi mumkin.
O‘smirlik davrida o‘quv fanlarini turli o‘qituvchilar o‘qitishlari bilan kattalar shaxsi va faoliyatni baholashning yangi mezonlari ham shakllana boshlaydi. O‘smirlik asosan, bilimli, talabchan, haqqoniy, o‘quv materialini qiziqarli va tushunarli yo‘l bilan yetkaza oladigan, o‘quvchilarni ajratmaydigan, o‘qituvchilarni ko‘proq hurmat qiladilar va yaxshi ko‘radilar. Ular o‘qituvchi bilan munosabatlariga ham katta z’tibor beradilar.
10-15 yoshli bolalarning faoliyat motivlarida ham o‘zgarishlar amalga oshadi. Ilk o‘smirlik davrida ko‘pchilik o‘smirlar o‘zlariga salbiy shaxsiy xarakteristika beradilar. Katta bo‘lgan sari o‘smirning o‘z-o‘ziga bergan bahosi differensial xarakter (xulq-atvoriga, ijtimoiy vaziyatlarda o‘zini tutishga va ayrim xatti-harakatlari)da namoyon bo‘la boshlaydi.
Dostları ilə paylaş: |