Asosiy turizm hujjatlarini aniqlash.
Turistik sayohatning texnologik xaritasi – mazkur sayohat
bo‘yicha barcha zaruriy ma’lumotlar va xabarlarni yaqqol hamda
lo‘nda ko‘rinishda beradigan hujjat. Bir qator vaziyatlarda
(yo‘nalishning o‘ziga xosligi va xizmat xususiyatlariga ko‘ra) ba’zi
bandlar qoldirilishi mumkin. Yo‘nalish bo‘yicha turistik
tashkilotlarining yuklanganlik jadvali yo‘nalishi bo‘yicha turistik
tashkilotlari yuklanganligining aniq manzarsini aks ettiradi va uni
kuzatish hamda nazorat qilish imkonini beradi. (1- ilova)
Turistik sayohat yo‘llanmasidagi ma’lumot varaqasida turistlar
uchun yo‘nalish bo‘yicha zaruriy va qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud
bo‘lib, u yo‘llanma yoki vaucherning ajratilmas ilovasidir. (2- ilova)
Ma’lumot varaqasi o‘zida quyidagilarni aks ettiradi:
– turistik sayohatning turi va ko‘rinishi, sayohatdagi xizmat
dasturining asosiy mazmuni, butun yo‘nalish uzunligi va
davomiyligi, safarlar toifalari va boshqa xususiyatlar ko‘rsatiladi;
– sayohat yo‘lining bayoni – istiqomat manzillari, istiqomat vaqti
va har bir xizmat ko‘rsatish manziliga joylashish shartlari (bino tipi,
xonadagi o‘rinlar soni, uning sanitar-texnik jihatlari);
– sayohat hududining qisqa bayoni (e’tiborli joylar, tabiatning
o‘ziga xosligi), sayohatning har bir manzilida xizmat ko‘rsatish
dasturi;
– qo‘shimcha to‘lovlar talab taqdim etiladigan xizmatlar ro‘yxati;
– sport inshootlari va maydonchalari, avtoulov to‘xtash joylari,
dor yo‘llari, tomoshagohlar, bolalar o‘yin maydonchalari,
kutubxonalar, kinozallarning qisqacha tavsifi va mavjudligi haqida
ma’lumot;
– turizm sayohati boshlanadigan manzil va unga borish yo‘llari.
Qo‘shimcha ma’lumot ro‘yxatiga sayohatning o‘ziga xosligi bilan
bog‘liq ma’lumotlar kiradi:
– yoshga oid cheklovlar, farzandli kishilar, oilaviy juftliklarni
qabul qilish haqida;
– safarli turistik sayohatlar uchun maxsus ma’lumot;
– aniq biror sayohat yoki yo‘nalishning o‘ziga xos
xususiyatlaridan kelib chiqadigan boshqa ma’lumot va tavsiyalar.
Turizm yo‘llanmasining «Tur–1» shakli qat’iy hisob-kitob blanki
bo‘lib, u mijozga rejalashtirilgan sayohat haqida imkon qadar to‘liq
ma’lumot beruvchi rekvizitlar majmuyidan iborat. Yo‘llanmaning bu
shakli namunaviy hisoblanadi va turistik tashkilotlar yo‘llanmalarni
ko‘paytirganlarida ularni boshqa zaruriy ma’lumotlar bilan
to‘ldirishlari mumkin.
Mazkur yo‘llanma shaklidan mijoz bilan naqd pul orqali hisob-
kitob qilinganda qat’iy hisob-kitob blanki sifatida foydalaniladi.
Yo‘llanma yozilgan sana va uning amal qilish muddati buxgalteriya
hisobida aks ettiriladi. Mijoz yo‘llanma berilganida, uning yirtib
olinadigan talon qismi turizm mahsulotini amalga oshirish sanasi va
dalilini tasdiqlaydigan hujjat sifatida buxgalteriyada qoladi va u QQS
bo‘yicha imtiyozni qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Naqd
pul bilan hisob-kitob qilinganda yo‘llanma kareshoklari boshqa kassa
hujjatlari bilan birga saqlanadi. Naqd pulsiz hisob-kitobda tashkilot
hisobni ta’minlashi va berilgan yo‘llanmalar kareshoklarini saqlashi
lozim.
Bronlash varaqasi – bu bir guruh turistlarning vakili bo‘lgan shaxs
yoki turist turizm mahsulotini tashkil qilish uchun turoperatorga
bergan aniq buyurtmasidir. U oldindan kelishuv xususiyatiga ega
shartnomadek yozma ravishda rasmiylashtiriladi.
Shartnomaning muhim shartlari quyidagilar:
– turoperator (sotuvchi) haqida ma’lumot, jumladan turizm
faoliyatini yuritish huquqini tasdiqlovchi litsenziya, tashkilotning
yuridik manzili va bank rekvizitlari haqidagi ma’lumotlar;
– turizm tadbirini amalga oshirilishi hamda turist (haridor) haqida
ma’lumot;
– qabuldagi turoperator (sotuvchining sherigi) haqida, litsenziyasi,
yuridik manzili, bank rekvizitlari va aloqa telefonlari haqida
ma’lumotlar;
– turizm mahsulotining iste’mol xususiyatlari, istiqomat dasturi va
sayohat yo‘nalishi, sayohatlar xavfsizligi shartlari va turizm
mahsulot sertifikatlanganligi haqida ma’lumotlar;
– sayohatning boshlanish va tugallanish vaqti, uning davomiyligi;
– turistlarni kutib olish, kuzatish va ularga hamrohlik qilish
tartibi;
– tomonlarning huquqlari, burchlari va mas’uliyatlari;
– turizm mahsulotining chakana narxi va uni to‘lash tartibi;
– turistlarning guruhdagi minimal soni;
– guruh to‘lmaganligi sababli sayohat qoldirilishi, bu haqida
turistni ogohlantirish muddati;
– shartnomani o‘zgartish yoki bekor qilish shartlari, bu bilan
bog‘liq tortishuvlarni xal qilish va tomonlar zararini qoplash tartibi;
– turistning turistik mahsulot yuzasidan e’tiroz bildirish muddati
va tartibi (turist turoperator yoki turagentga shartnoma vaqti
tugaganidan so‘ng 20 kun davomida yozma shaklda bildirilishi
mumkin va ushbu e’tiroz turistik tashkilot tomonidan 10 kun
davomida ko‘rib chiqilishi zarur).
Shartnomaning boshqa shartlari tomonlar kelishuviga binoan
belgilanadi. Hamkorlikda xizmat ko‘rsatuvchilar (mehmonxonalar,
aviakompaniyalar, avtotransport tashkilotlari va boshqalar) bilan
tuzilgan shartnomalar tegishli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini
tasdiqlaydi.
Kalkulatsiya yoki sayohat narxining hisobi bronlash varaqasida
ko‘rsatadi. Bunda sayohatning umumiy narxi har bir xizmat
tannarxini jamlash va unga daromadning me’yoriy belgilangan
foizini (u, odatda, turoperator xizmati uchun sayohat tannarxining
15–20 foizini tashkil qiladi) qo‘shish yo‘li bilan chiqariladi.
Yo‘nalish bayoni menejerlar yoki yo‘nalish bo‘yicha
supervayzerlar, gidlar ishining qulayligi, shuningdek, turagent bilan
shartnomaga ilova qilinish va yo‘llanma ma’lumot varaqasi matniga
kiritish uchun erkin shaklda tuziladi.
Yo‘nalish bo‘yicha harakat jadvali yo‘nalish bo‘ylab borish va
kelish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan jadval shaklida tuziladi.
Sayohatning texnologik xususiyatlari tavsifi – bu transportga,
ekskursiyalarga, mehmonxonalarda joy band qilish, ovqatlanish
kabilarga buyurtma berish muddatlari hamda viza va sug‘urtalarni
rasmiylashtirish qoidalari va muddatlari, transport almashtirish,
kutish, qabuldagi gidlar yoki xorijiy vakillar, hamrox gidlar haqidagi
eslatma tarzidagi hujjat. Ishni qulaylashtirish uchun sanab o‘tilgan
xizmatlar uchun ariza blankalari maxsus tayyorlanadi. Bularning
barchasi mazkur sayohat o‘tkazilishini nazorat qilayotgan
xodimlarning tezkor ishlashi uchun zarurdir.
Turistlar uchun eslatmalar matni alohida zaruriy vaziyatlarda
tuziladi. Masalan, maxsus sayohatlar tashkil qilinganida (sarguzasht,
sport-sog‘lomlashtirish yoki turistlarning epidemik mamlakatlarga
safar qilish holatlarida. Xavfli infeksiyalar (vabo, o‘lat, sariq bezgak,
OITS, bezgak kabilar) tarqalganligi bois karantin e’lon qilingan
davlatlarga boradigan har bir turistga turaperator imzosi va firma
muhri bilan tasdiqlangan individual eslatma berish zarur. Bunday
eslatmalar bojxona tekshiruvida, albatta, talab qilinadi.
Yo‘nalish bo‘yicha ma’lumot materiallari – bu har xil
ma’lumotnomalar, bukletlar, transport harakati jadvali, muzeylar ish
vaqti, mehmonxonalar manzili va ularga olib boruvchi yo‘llar
haqidagi hamda sayohatninng o‘ziga xosligini eslatadigan boshqa
materiallar.
Reklama va bukletlar sayohatlar bo‘yicha turoperator xizmatlari
bilan turistlarni tanishtirish uchun zarur (sayohat yo‘nalishlari
bo‘yicha muvofiq rekvizitlar bilan tizimli reklama ma’lumotlari).
Prays sahifa (varaqa). Har bir turistik firma uchun prays sahifa
eng muhim ishchi hujjatlardan biri hisoblanadi. Turagentlar bilan
hamkorlikning omadli kechishi ko‘p jihatdan prays sahifada
ma’lumot nechogli lo‘nda va savodli bayon qilinganligiga bog‘liq.
Prays sahifalar varaqa, buklet va katalog (turli turistik xizmatlarning
narxi ko‘rsatilgan holda) shaklida bo‘lishi mumkin.
Mufassal narxlar taklifi katta hajimli nashrlar (katalog, buklet)
bo‘lib, ular nafaqat taklif qilinayotgan sayohatlarning mavsumiy
narxlari, balki tavsiyaviy va tavsifiy tarzdagi qo‘shimcha
ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi: sayohatni rasmiylashtirish uchun
zaruriy hujjatlar ro‘yxati, viza va bronlarni rasmiylashtirish qoidalari,
aviaparvozlar jadvali, avtomobillar ijarasi, mehmonxonalar va
ularning narxlari haqida ma’lumot.
Dostları ilə paylaş: |