Fanni o‘qitishdan maqsad – mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida yuz bergan muhim o‘zgarishlar, tub islohotlarning mazmun-mohiyatini ko‘rsatish va jamiyat hayotida talabaning o‘rnini, o‘zligini anglatishdan iborat.
Fanni o‘qitishning vazifalari – mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab vaziyatni hamda mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hamda boshqa sohalardagi islohotlarning mazmun-mohiyatini talabalarga tushuntirib berish, ularni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash hamda milliy g‘ururni shakllantirishdan iborat.
II. Asosiy nazariy qism (ma’ruza mashg‘ulotlari) II.I. Fan tarkibiga quyidagi mavzular kiradi:
1-mavzu. Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. (2 soat) O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari. Yuksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ma’naviy yetuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikrlari. XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida amalga oshirilgan ishlar.
XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat. Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta ishi” “O‘zbek ishi” nomli kampaniyalar. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari. 1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi. I.Karimov – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti. Mustaqillik deklaratsiyasi va uning tarixiy ahamiyati. 1991 yil avgust voqealari. GKChP. Sovet davlatining tanazzulga yuz tutishi.
2-mavzu. O‘zbek davlatchiligining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari. (2 soat) Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi. Davlatchilik tushunchasi. Markaziy Osiyo hududidagi ilk davlat uyushmalari. O‘zbek davlatchiligi va uning tarixiy bosqichlari. Qadimgi Xorazm, qadimgi Baqtriya. Eramizning IX asriga qadar davlatchilik rivoji. IX-XII asrlarda hukmronlik qilgan davlatlar. Amir Temur – buyuk davlat arbobi va sarkarda. O‘rta Osiyoning xonliklarga bo‘linib ketishi, uning sabab va oqibatlari. XVI-XIX asrlar birinchi yarmida O‘rta Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy ahvol. Turkiston o‘lkasida Rossiya imperiyasi mustamlaka tuzumi. Milliy ozodlik harakatlari. Mustamlaka boshqaruv tartiboti va uning mohiyati. Sovet hukmronligi davrida O‘zbekistonning markazga ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy qaramligi va uning oqibatlari. Sovetlarning qatag‘on-zo‘ravonlik siyosati va uning mohiyati. Mamlakatimiz erki va ozodligi uchun kurashganlar: Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi. Jadid maʼrifatparvarlari.