O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti «O‘zbekiston tarixi» kafedrasi


O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar va o‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati, ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni



Yüklə 1,8 Mb.
səhifə25/99
tarix15.01.2023
ölçüsü1,8 Mb.
#79271
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   99
UMK (2022-23)

4. O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar va o‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati, ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni.
O‘zbekistonda aholining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va salohiyaini qo’llab-quvvatlash maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlar va o‘z-o‘zini boshqaruv organlari faoliyat ko‘rsatmoqdalar.
Shu nuqtai nazardan 2001-yil 25-aprel kuni tashkil etilgan „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakatining asosiy maqsadi yoshlarni birlashtirish (14 yoshdan 28 yoshgacha), sog‘lom turmush talablari asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rnini egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning o‘z aql-zakovati, kuch-g‘ayratini to‘la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berish, yosh avlodning tayanchi va suyanchisi bo‘lishdan iboratdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari esa turli kasb egalari bo‘lgan xodimlarning jinsi, diniy e’tiqodlari, irqiy va milliy munosabatlaridan qat’i nazar ixtiyoriy birlashtiruvchi mustaqil ommaviy jamoat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 1996-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 53 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlariga ixtiyoriy ravishda birlashgan 7,5 milliondan ziyod a’zosi bor.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibida 21 tarmoq kasaba uyushmalari, hududiy jihatdan esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi,12 viloyat hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari Kengashlari mavjud.
Mustaqillik sharoitida ayollarni, ko‘p bolali onalarni har tomonlama muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, mehnatkash va ijodkor ayollarni bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni hal etishga keng safarbar etish, ilm-fan sohasidagi ayollarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 1-martdagi farmoyishiga muvofiq Xotin-qizlar qo‘mitasi tuzildi.
1996 yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Faxriylar kengashi „Nuroniy” jamg‘armasiga aylantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 16martdagi „1941-1945 yillardagi urushda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 50 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash to‘g‘risida“gi Farmonida o‘zbekistonliklarning urush yillaridagi jasoratini hamda qurbon bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan ko‘p jildli „Xotira“ kitobini nashr etish vazifasi qo‘yildi, etarli miqdorda mablag‘ ajratildi va barcha shart-sharoit yaratib berildi.
„Xotira“ kitobida katta tarix, achchiq hayot haqiqati tiklangan. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholining keng qatlamlarini birlashtiruvchi 5 mingdan ortiq jamoat birlashmalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari shakllandi va faoliyat ko‘rsatdi. Shular jumlasiga “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, „Sog‘lom avlod uchun“ va „Ekosan“ xalqaro jamg‘armalari, “Mahalla” va “Navro‘z” xayriya jamg‘armalari, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” va “Iste’dod” jamg‘armalari, „Mehr-shafqat va salomatlik“, „Bolalar“, „Amir Temur“, „Alisher Navoiy“, „Abdulla Qodiriy“ jamg‘armalari va boshqalar kiradi.
Ommaviy axborot vositalari xalqqa ilmiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlar, ma’lumotlar tarqatuvchi manbadir. Ular tarkibiga gazeta va jurnallar, radio va televidenie hamda boshqa axborot tarqatuvchi vositalar kiradi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasida har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno, deb belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisida 1997-yil 24-aprelda „Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida“ va „Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida“, 1997yil 26 dekabrda „Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida“ Qonunlar qabul qilindi.
Davlat organlari, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari senzurani amalga oshirganlik, jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning professional faoliyatiga aralashganlik uchun javobgar bo‘lishlari qonunan mustahkamlab qo‘yildi.
Mustaqillik yillarida respublika ommaviy axborot vositalarining soni ko‘paydi, sifati yaxshilandi. 1990-yilda 376 nomda gazeta va jurnallar chop etilgan bo‘lsa, 2010-yilda ommaviy axborot vositalari va elektron ommaviy axborot vositalari soni 1200 taga etdi. 4 ta axborot agentligi, 55 ta nashriyot, 100 ga yaqin davlat va nodavlat teleradiostudiyalari va uning hududiy bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatdi.
Ko‘pmillatli O‘zbekiston Respublikasida gazetalar, jurnallar, telera-diostudiyasi 12 tilda - o‘zbek, rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq va boshqa tillarda chop etiladi, eshittiriladi. 6 ta gazeta va 8 ta jurnalda o‘zbek tili bilan birga ingliz, arab, turk, urdu, forsiy, hind tillaridan foydalaniladi.
1996 yilda respublikamiz AQSHda joylashgan „Internet“ global tarmog‘i bilan bog‘landi va jahon yangiliklarini qabul qilib olish va axborotlar uzatish yo‘lga qo‘yildi.
Internet tizimidan foydalanuvchilar safi kengayib bormoqda. 2004-yil aprel oyida „uz“ hududida ro‘yxatga olingan WEB saytlar soni 2600 taga etdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining WEB sayti (WWW. press-servise. uz) Internet tarmog‘ida mashhur bo‘lib ketdi. Undan mamlakatimiz aholisi, shuningdek, jahondagi 80 dan ortiq mamlakat fuqarolari foydalanmoqdalar.
„Mahalla“ so‘zi arabcha „Mahallun“ so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, aholi yashaydigan joy, guzar, uy-joy mavzelari degan ma’noni anglatadi.
Mahalla shaharlar ichidagi kichik hududiy birlik bo‘lib, o‘tmishdan meros bo‘lib kelmoqda. Ma’lum bir mahallada istiqomat qiluvchi odamlar faqat qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalari bilangina emas, balki ichki tartib-qoida, ma’naviy-axloqiy normalar, urf-odatlar, an’analar, umumiy manfaatlar va majburiyatlar bilan ham bog‘liqdir.
Agar Yevropa mamlakatlaridagi shaharlarda odamlar ijtimoiy kelib chiqishiga qarab „aslzodalar kvartali“, „kambag‘allar kvartali“ va hokazolarga bo‘linib yashasa, bizning Vatanimizdagi mahallalarda aholining turli ijtimoiy tabaqalari yonma-yon yashab kelmoqda. Mahalla hayotining jamoa bo‘lib yashash tarzi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan o‘zini o‘zi boshqarish tizimini keltirib chiqardi.
Nihoyat mustaqillik sharofati bilan 1992-yil boshlaridan boshlab bunday mavze (kvartal)larga ham mahalla maqomi berilib, ularning har biriga joylashgan hududining tarixiy atalishiga mos keladigan nomlar qo‘yildi.
Yangi mahallalarda fuqarolar yig‘ini o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va mas’ul kotiblar saylandi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, mahallaga munosabat tubdan o‘zgardi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi. Bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan ajratish tomon yo‘l tutildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o‘zini o‘zi boshqarish organlarini shakllantirishning huquqiy asoslari o‘z ifodasini topdi.
Konstitutsiyaning 105-moddasida „Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqaro-larning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi“, deb belgilab qo‘yildi.
1993-yil 2-sentabrda „Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida“ O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Unga binoan, qishloq, posyolka (shaharcha)larda davlat hokimiyati vakillik organlari – qishloq, posyolka sovetlari tuzilmaydigan bo‘ldi, ularning o‘rniga o‘zini o‘zi boshqarish organlari - mahalla qo‘mitalari tuzildi.
Shunday qilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy hokimiyat tizimidan ajratildi. Biroq ular bir-biridan mutlaqo ajratilgan holda faoliyat ko‘rsatmaydi, ularning bog‘liq tomonlari mavjud. Ular o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonunda belgilab qo‘yilgan. Har ikkalasi ham mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qiladi.
1994-yilda barcha mahallalarda fuqarolar yig‘ini bo‘lib, mahalla oqsoqollari va mas’ul kotiblar saylandilar. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, vazifalari O‘zbekiston Respublikasining „Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida“ gi Qonunda aniq belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vazifalari:
• fuqarolarga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda qatnashish huquqini amalga oshirishda ko‘maklashish;
• o‘z hududlarida ijtimoiy va xo‘jalik vazifalarini hal qilish, ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazish;
• davlat hokimiyati organlariga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident va hukumat hujjatlarini, xalq deputatlari kengashlari va hokimliklarning qarorlarini bajarishda yordamlashish maqsadida fuqarolarni birlashtirish.
Fuqarolar yig‘ini kollegial organ bo‘lib, uni rais (oqsoqol) tegishli xalq deputatlari Kengashi yoki hokim bilan kelishgan holda, zaruratga qarab chaqiradi. Fuqarolar yig‘ini, barcha aholini yig‘ishning iloji bo‘lmagan hollarda, belgilangan vakillik me’yorlari asosida o‘tkaziladi.
Rais (oqsoqol), uning maslahatchilari fuqarolar yig‘inida saylanadi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqol) doimiy ishlovchi bo‘g‘in. Rais o‘z mahkamasiga ega bo‘lib, uning miqdori rais o‘z vazifasini bajarishga imkoniyat yaratadigan darajada tuziladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘iniga: aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan qarorlar qabul qilish; qonun hujjatlarining, shuningdek, o‘z qarorlarining ijro etilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish yuzasidan o‘z hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish huquqlari berildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlaraholining ijtimoiy faolligi, siyosiy ongi tobora yuksalib borayotganligidan guvohlik beradi.
2010-yilda fuqarolar yig‘inlari va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari – mahallalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi.



Yüklə 1,8 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   99




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin