7-ma’ruza. Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanishi. O’zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi. (2 soat)
REJA:
O‘zbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirish va uning asosiy yo‘nalishlari.
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning tamoyillari va xususiyatlari.
O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish maqsadi, yo‘llari va usullari
1. O‘zbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirish va uning asosiy yo‘nalishlari.
Iqtisodiy munosabatlar va tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarining bir turidan butunlay boshqa yangi turiga o‘tish, iqtisodiy islohotlar strategiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olishni taqozo qiladi. Iqtisodiy islohotlar–iqtisodiyotda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlar majmui.
Iqtisodiy islohotlardan ko‘zda tutilgan maqsad mamlakat aholisi uchun yashash va faoliyat qilishning eng yaxshi sharoitlarini yaratish, ularning ma’naviy-axloqiy yetukligiga erishish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Islohotlarni amalga oshirishdan oldin bozor iqtisodiyotiga o‘tishning nazariy modeli yaratildi (bu boradagi ma’lumotlar mazkur bobning 2-bandida bayon etildi).
Bu modelda yangi iqtisodiyotga o‘tishning umumiy tomonlari va milliy xususiyatlari nazarda tutiladi, islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
Iqtisodiy islohotlarning bosh bo‘g‘ini mulkchilik munosabatlarini tubdan o‘zgartirishdir, chunki shu orqali ko‘p ukladli iqtisodiyot va raqobatlashish muhiti shakllantiriladi hamda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. Shu sababli Respublikada mulkiy munosabatlarni isloh qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad davlat mulki monopolizmini tugatish va bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni real shakllantirishdan iborat.
Mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor munosabatlariga o‘sib o‘tishida moliya-kredit sohasini isloh qilish alohida o‘rin tutadi. Moliyaviy munosabatlarda davlat byudjeti taqchilligini kamaytirib borish, byudjetdan beriladigan dotatsiyalar va subsidiyalarni bosqichma-bosqich qisqartirish, birinchi darajali, eng zarur umumdavlat ehtiyojlari uchungina byudjetdan mablag‘ ajratish, iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiya kreditlaridan keng foydalanish islohotlarning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Iqtisodiyotni isloh qilishning eng asosiy muammolaridan biri narxlarni erkinlashtirishdir. Narxlarning erkin shakllanishi uchun narxlar tizimini isloh qilish ham zarurdir. Dastlab davlat xarid narxlarining amal qilish doirasi qisqartiriladi va keyin ichki narxlar jahon narxlariga muvofiqlashtirib boriladi. Shuningdek, narxlarni erkinlashtirishda ayrim turdagi xom ashyo va mahsulot narxlari bilan aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasidagi tenglikka erishishga harakat qilinadi. Narxlar islohoti boshlangandan 1994 yilgacha hamma turdagi xom ashyo va mahsulotlar bo‘yicha erkin narxlarga o‘tildi, barcha iste’mol mollari narxi ustidan davlat nazorati bekor qilindi.
Ko‘plab markaziy iqtisodiy organlar va vazirliklar tugatildi (Davlat reja qo‘mitasi, Davlat ta’minot qo‘mitasi, Davlat narxlar qo‘mitasi, Davlat agrosanoat qo‘mitasi va boshqa qo‘mita hamda vazirliklar) yoki ularning faoliyati tubdan qayta qurildi. Faoliyati tugatilgan ma’muriy apparatlar o‘rniga bozor iqtisodiyotiga xos yangi boshqarish bo‘g‘inlari tuzildi.
Boshqarishning mahalliy darajasida (viloyat, tuman, shahar) ijroiya-boshqaruv vazifalarini bajarish uchun hokimliklar joriy qilindi. Quyi bo‘g‘in boshqaruvida korxona va tashkilotlarga iqtisodiy erkinlik berilib, ular yangicha ish uslubiga o‘tdi.
Isloh qilish natijasida tarkib topgan boshqaruv tizimi bozor iqtisodiyotiga o‘tib borish bilan yanada takomillashib va rivojlanib boradi.
Bozor islohotlari bozor infratuzilmasini yaratish chora-tadbirlarini ham qamrab oladi. Bunda moliya, bank-kredit tizimi muassasalari, sug‘urta, auditorlik, yuridik va konsalting firmalari hamda kompaniyalarini, birja tizimini yaratish taqozo qilinadi.
Respublikada bozor infratuzilmasini yaratish bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha bordi. Birinchi yo‘nalish bo‘yicha tovar-xom ashyo birjasi tizimi rivojlandi. Bu, o‘z navbatida, brokerlik va dilerlik idoralari, savdo uylari, vositachi firmalar paydo bo‘lishiga olib keldi.
Ikkinchi yo‘nalishda kapital bozorining ishini ta’minlaydigan tuzilmalar vujudga keltirildi. Kredit resurslari bozori va valyuta bozori vujudga keltirildi hamda davlatga qarashli bo‘lmagan sug‘urta kompaniyalari tuzildi.
Uchinchi yo‘nalish ishchi kuchi bozorini shakllantirishdan iborat bo‘lib, bu sohada 240 dan ortiq mehnat birjasini o‘z ichiga oluvchi katta tarmoq tuzildi.
Bozor islohotlari ashqi iqtisodiy aloqalarga ham tegishlidir. Bu sohada islohotlarni amalga oshirish borasida respublikaning zamonaviy tashqi iqtisodiy kompleksi mutlaqo yangidan shakllantirildi, tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning mohiyat e’tibori bilan yangi mexanizmi vujudga keltirildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi zarur bo‘lgan muassasalar (Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, bojxonalar xizmati) barpo etildi. Respublikaning barcha vazirliklari va idoralari, korxonalarida tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi maxsus bo‘limlar, tashkilotlar va firmalar tuzildi.
Shunday qilib, islohotlarning barcha yo‘nalishlari mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor iqtisodiyotiga o‘sib o‘tishiga qaratildi. Bu islohotlar O‘zbekistonning mustaqilligini iqtisodiy jihatdan ta’minlash, uni iqtisodiy jihatdan rivojlangan va xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborli mamlakatga aylantirishga xizmat qildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan munosib baholanmoqda. Misol uchun, har yili dunyoning 162 ta mamlakati bo‘yicha iqtisodiy erkinlik indeksini e’lon qiladigan “Nasledie” fondi xalqaro reyting agentligining bu boradagi xulosasi e’tiborga sazovor. Bu tashkilot 2000-2007 yillarda O‘zbekistonda erkinlashtirish indeksi 18 punktga yaxshilanib, 53 foizni tashkil qilganini e’tirof etadi. Hech shubhasiz, bu ko‘rsatkich milliy iqtisodiyotimizni erkinlashtirish sohasida sezilarli darajada rivojlanishga erishganimizdan dalolat beradi.
Dostları ilə paylaş: |