O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti «O‘zbekiston tarixi» kafedrasi


O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish maqsadi, yo‘llari va usullari



Yüklə 1,8 Mb.
səhifə30/99
tarix15.01.2023
ölçüsü1,8 Mb.
#79271
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   99
UMK (2022-23)

3. O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish maqsadi, yo‘llari va usullari
Bozor munosabatlariga o‘tishning asosiy sharti ko‘p ukladli iqtisodiyotni va raqobat muhitini shakllantirish uchun shart-sharoitini vujudga keltirishdan iborat. Bunda asosiysi mulkchilik masalasini hal qilishdir. Shu sababli respublika Birinchi Prezidenti I.A.Karimov mulkchilik masalasini hal qilishni “...bozorni vujudga keltirishga qaratilgan butun tadbirlar tizimining tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi”31deb alohida ta’kidlab ko‘rsatadi. Uzoq yillar mobaynida respublikamiz iqtisodiyotida umumxalq mulki deb atalgan, aslida esa davlatlashtirilgan mulk to‘liq hukmronlik qilib keldi. Nazariya va amaliyotda umumxalq mulki deb hisoblangan mulk sub’ekti sifatida davlatning chiqishi jamiyat a’zolari o‘rtasida bu mulkka “hech kimniki”, “davlatniki”, “birovning mulki” deb qarashlarining shakllanishiga olib keldi.
Bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish vazifasi o‘tish davrida mulkchilikda davlat sektorining salmog‘i ancha yuqori bo‘lgan mamlakatlarda bu mulkning ma’lum qismini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda ham mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga muhim ahamiyat kasb etuvchi jarayon sifatida qaralib, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunida (1991 yil 19 noyabr) quyidagicha ta’rif beriladi:
Davlat tasarrufidan chiqarish – davlat korxonalarini va tashkilotlarini jamoa, ijara korxonalariga, aksiyali jamiyatlarga, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, davlatga qarashli mulk bo‘lmaydigan boshqa korxonalar va tashkilotlarga aylantirishdir.
Xususiylashtirish – fuqarolarning va davlatga taalluqli bo‘lmagan yuridik shaxslarning davlat mulki ob’ektlarini yoki davlataksiyali jamiyatlariningaksiyalarini davlatdan sotib olishidir.
Bundan ko‘rinadiki, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashtirishga qaraganda ancha keng tushuncha. Xususiylashtirish – davlat mulkiga egalik huquqiningdavlatdan xususiy shaxslarga o‘tishidir. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashtirishdan tashqari, bu mulk hisobidan boshqa nodavlat mulk shakllarining vujudga keltirishni ham ko‘zda tutadi. U bir qator yo‘llar bilan amalga oshiriladi: davlat korxonalarini aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish, davlat korxonasini sotib, uni jamoa mulkiga aylantirish; mulkni qiymatga qarab chiqarilgan cheklar (vaucher) bo‘yicha fuqarolarga bepul berish; mulkni ayrim tadbirkor va ish boshqaruvchilarga sotish; ayrim davlat korxonalarini chet el firma va fuqarolariga sotish yoki qarz hisobiga berish; davlat mol-mulkini auksionlarda kim oshdi savdosi orqali sotish vah.k.
Xususiylashtirishning usullari ham turli-tuman bo‘lib, ularni 3 guruhga ajratish mumkin: 1) davlat mulkini bepul bo‘lib berish orqali xususiylashtirish; 2) davlat mulkini sotish orqali xususiylashtirish; 3) davlat mulkini bepul bo‘lib berish hamda sotishni uyg‘unlashtirish orqali xususiylashtirish.
O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning dastlabki pallasidayoq mulkchilikning hamma shakllari teng huquqli ekanligi konstitutsion tarzda e’tirof etildi va davlat mulki monopolizmini tugatish hamda bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘pukladli iqtisodiyotni real shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Avvalo, mulkchilikning turli xil shakllari qaror topishi uchun teng huquqiy me’yorlar va amal qilish mexanizmlari yaratildi.32 O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga yondashuvning muhim xususiyati–uni maxsus dasturlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirishdan iborat. 1992-1993 yillar xususiylashtirishning birinchi bosqichini o‘z ichiga olib, bubosqichdaxususiylashtirishjarayoniumumiy-joyfondini, savdo, mahalliy sanoat, xizmat ko‘rsatish korxonalarini hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash tizimini qamrab oldi.
Yengil, mahalliy sanoatga, transport va qurilishga, boshqa tarmoqlarga qarashli ayrim o‘rta va yirik korxonalar keyinchalik sotib olinish huquqi bilan ko‘proq ijara korxonalariga, jamoa korxonalariga, yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Aksiyalarning nazorat paketi davlat ixtiyorida saqlab qolindi.
Xususiylashtirishning birinchi bosqichida davlat iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lgan, biroq butun mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydigan ayrim sektorlarni, ayrim korxonalarni saqlab turishni va mablag‘ bilan ta’minlash vazifalarini o‘z zimmasiga oldi.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning birinchi bosqichi natijasida kichik xususiylashtirish amalda tugallandi, davlat mulkini boshqarish va uni mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish uchun kerak bo‘lgan muassasalar tizimi vujudga keltirildi.
Savdo, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, mahalliy sanoat korxonalari xususiy va jamoa mulki qilib berildi. Natijada 1997 yilda savdo-sotiq hajmi va umumiy ovqatlanish yalpi mahsulotining 95 foizdan ortiqrog‘i davlatga qarashli bo‘lmagan sektorga to‘g‘ri keldi. Uy-joylarni xususiylashtirish jarayonida ilgari davlat ixtiyorida bo‘lgan bir milliondan ortiq kvartira yoki davlat uy-joy fondining 95 foizdan ortiqrog‘i fuqarolarning xususiy mulki bo‘lib qoldi.
Davlat ijtimoiy dasturida belgilab berilgan ikkinchi bosqich 1994-1995 yillarga to‘g‘ri keldi. Bu bosqichda ko‘plab o‘rta va yirik korxonalar aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi hamda ularning aksiyalari respublika qimmatli qog‘ozlar bozorining asosini tashkil etdi. Davlat mulki aksiyadorlikka aylantirilishi bilan bir qatorda kichik xususiy biznes korxonalarini tashkil qilish jadallashtirildi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning bu bosqichida ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlarini vujudga keltirish, davlat mulkini tanlov asosida hamda kimoshdi savdosida sotish amaliyotga joriy qilindi. Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlar bozorining yangi muassasalari barpo etildi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan keladigan samara ikkiyoqlama tavsifga ega. Bir tomondan, u aholining bo‘sh turgan mablag‘larini o‘ziga jalb qilib, ularning bozorga tazyiqini pasaytiradi. Ikkinchi tomondan, yangi mablag‘larni ishlab chiqarishga jalb etish va tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida raqobatni yuzaga keltirish uchun sharoit yaratadi. Bu erda shuni ta’kidlash lozimki, xususiylashtirish iqtisodiyotning davlatga qarashli bo‘lmagan sektorini shakllantirishning yagona yo‘li e mas. Tashabbuskorlik asosida yakka tartibdagi xususiy mulkchilikka asoslangan, shuningdek, turli xil kooperativlar, shirkatlar, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ko‘rinishidagi kichik va o‘rta korxonalarni tashkil qilish – ikkinchi qudratli jarayon hisoblanadi.
Respublika iqtisodiyoti 1996 yildan boshlab mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning uchinchi bosqichiga kirdi. Bu bosqich davrida (1996-1998 yillar) xususiylashtirilmaydigan ob’ektlar ro‘yxatiga kirmagan barcha ob’ekt va korxonalar (jami 3146 ta) davlat tasarrufidan chiqarildi.
Xususiylashtirish jarayonlarining to‘rtinchi bosqichi (1998-2003 yillar)ning asosiy vazifalari sifatida davlat byudjetiga xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni yo‘naltirish, xususiylashtirilgan korxonalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, boshqaruv samaradorligini oshirish va mulkchilik yangi munosabatlarini to‘laqonli amal qilishi uchun sharoitlar yaratish tadbirlarini amalga oshirish belgilandi.
O‘zbekistonda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarining beshinchi bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bog‘liq. Mazkur Farmon asosida iqtisodiy nochor korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish, shuningdek, mazkur korxonalarni modernizatsiyalash va barqaror rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish maqsadida xususiylashtirilgan ob’ektlarga narx belgilashning samarali mexanizmi joriy etildi. Xususan, xususiylashtirilgan korxonalar davlat aktivlarining boshlang‘ich narxlarini sekin-asta pasaytirib borish hamda davlat, iqtisodiy nochor korxonalarni va past likvidli ob’ektlarni nol darajadagi xarid qiymati bo‘yicha tanlov asosida investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan investorlarga sotish tartiblari tasdiqlandi33.
Respublikada xususiylashtirishning manzilli yo‘naltirilganligi uning navbatdagi xususiyatidir. Bu aholining barcha qatlamlariga mazkur jarayonda aniqroq va natijaliroq qatnashishi imkonini beradi. Xususiylashtirishning adresli yo‘naltirilganligi uy-joylarning o‘z egalariga imtiyozli yoki bepul berilishida, aholining ko‘proq muhtoj va zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning turli xil dasturlari byudjet mablag‘lari hisobiga qoplanishida, qishloq aholisi o‘z yordamchi xo‘jaligi uchun chek erlar olishi kabilarda ifodalanadi.
O‘zbekistonda xususiylashtirishning to‘lovliligi uning navbatdagi muhim xususiyatidir. Pulni to‘lash orqali davlat tasarrufidagi korxona va ob’ektlarni xususiylashtirishda mulkni bepul taqsimlash bilan bog‘liq salbiy holatlar bartaraf etilishi bilan birga qator muammolarni hal qilish imkoniyati yaratiladi. Bulardan asosiysi avvalo tadbirkorlikni, xususiylashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy manbalari paydo bo‘ladi, bozor infratuzilmasini barpo etish uchun resurslar vujudga keladi va aholini ijtimoiy muhofazalash dasturini ro‘yobga chiqarish uchun mablag‘lar jamlanadi.
Davlat mol-mulkini yangi mulkdorlarga sotish yo‘li orqali ularni mulkchilikningboshqa shakllariga aylantirilishi bilan birga xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘lar shu korxonaning o‘zini qo‘llab-quvvatlashga, yangi raqobatlashuvchi korxonalar barpo etishga ham sarflanadi.
Navbatdagi muhim xususiyat – respublikada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish chog‘ida aholi uchun kuchli ijtimoiy kafolatlar yaratildi va ta’minlandi. Ijtimoiy kafolatlar bir butun imtiyozlar tizimi orqali yaratildi. Bular xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasiga aksiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotish, yangi mulkdorga eskirgan asosiy fondlar hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini bepul topshirish, davlat korxonalarining mol-mulki, fermalar, bog‘lar va shu kabilarni imtiyozli shartlar asosida xususiylashtirish hamda soliq to‘lashda ayrim imtiyozlar berish kabilardir.
Respublikada davlat mulkini xususiylashtirishning o‘ziga xos boshqa jihatlari I.A.Karimov tomonidan bayon qilingan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy qoidalaridan kelib chiqadi. Bular quyidagilar:
a) davlat mulkini xususiylashtirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning ichki mantiqiga bo‘ysindiriladi va ularning asosini tashkil qiladi;
b) mulkni xususiylashtirish jarayoni davlat tomonidan boshqariladi;
v) xususiylashtirishni huquqiy-me’yoriy jihatdan ta’minlashda qonunlarga rioya etiladi.
Shuningdek, Birinchi Prezident I.A.Karimov o‘zining 2007 yil yakunlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida o‘tgan yilda davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sohasidagi yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqilgani, korxonalar kapitalida davlat ishtirokini keskin kamaytirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ayni vaqtda davlat mulkini baholash va keyinchalik xususiy mulk sifatida sotishni tartibga soladigan me’yoriy bazani erkinlashtirish yuzasidanishlar olib borilayotgani, davlat mulkini investitsiya kiritish va boshqa majburiyatlar asosida sotish uchun xorijiy va mamlakatimiz investorlari bilan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 3-4 barobar ko‘payib, 310 million dollar hamda 57 milliard so‘mni tashkil etgani, jami tushumlarning 65 foizdan ortig‘i xususiylashtirilayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashga yo‘naltirilganligi qayd etildi.
“Davlat ob’ektlarini xususiylashtirishda biz uchun eng asosiy tamoyil, – deb ta’kidladi I.A.Karimov, – bu ishning ko‘zini biladigan, omilkor mulkdorlarni jalb etish, korxonalarni xaqiqiy egasiga, xususiylashtirilgan zavod yoki fabrikani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, jahon bozorida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qodir bo‘lgan mohir menejerlarga topshirish kerak.
Shunday natijaga erishishimiz kerakki, bizning pirovard maqsadimiz amalga oshsin – barcha korxonalarni o‘z ishi uchun qayg‘uradigan haqiqiy mulkdorlar, haqiqiy mulk egalari boshqarsin».
Respublikamizda xususiylashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa, davlat sektori bozor sharoitida ham sezilarli rol o‘ynashi inkor qilmaydi. Chunki iqtisodiyotning davlat korxonalari saqlanib qolishi kerak bo‘lgan sohalar ham mavjud. Bunday korxonalar uchun ularning bozor sharoitlariga tarkiban moslashuviga imkon beradigan xo‘jalik yuritish mexanizmini ishlab chiqish talab qilinadi.
Birinchi Prezidentning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” nomli asarlarida ta’kidlanishicha, mahalliy organlar va tarmoq tuzilmalari rahbarlari tomonidan sifatsiz mahsulotni ishlab chiqarish, eskirgan texnika va texnologiya asosida zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni saqlab qolish uchun urinishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday korxonalar soni bugungi kunda 200 tadan oshib, ularning aksariyati engil va oziq-ovqat sanoati sohasida saqlanib qolmoqda. Holbuki, bu sohalarda tez o‘zgaruvchan bozor talabi texnika va texnologiyani uzog‘i bilan 5-7 yilda, rivojlangan mamlakatlarda esa bundan ham qisqa muddatlarda o‘zgartirishni talab etadi. Bunday vaziyatni mazkur korxonalarni bankrot deb e’lon qilish yo‘li bilan tubdan o‘zgartirish darkor34.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi BirinchiPrezidentining 2008 yil 18 noyabrdagi PF-4053 sonli “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘zda tutilgan iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayoniga tijorat banklarining mablag‘larini kengroq jalb qilishni yo‘lga qo‘yish tadbirlari muhim hisoblanadi.
Qarorda Respublika Komissiyasining qarori asosida bankrot korxonalarni tijorat banklariga sotish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri balansiga berishning 3 ta mexanizmi ko‘zda tutilgan:
1) bankrot korxona kreditorlik qarzi tarkibining 70% va undan ortiq qismini bank kreditlari tashkil etsa, u holda korxonani tijorat banklari balansiga berish;
2) bankrot korxonani auksion savdolari orqali eng yuqori narxni taklif qilgan va tegishli majburiyatni o‘z zimmasiga olgan tijorat banklariga sotish;
3) bankrot korxonani tanlov savdolari orqali tijorat banklariga “nol” qiymatda investitsion majburiyat sharti bilan sotish.
Ushbu tadbirlar mamlakatimizdagi bankrot korxonalarni tarkibiy qayta tuzish hamda yangi xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtiradi35.
Mulkchilik munosabatlari – shaxsiy, jamoa va davlat manfaatlarini o‘zida ifoda etib, ishlab chiqarish omillari va natijalaridan foydalanish borasida kishilar, jamoalar, tarmoqlar, hududlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar majmuasidir.
Mulkchilik munosabatlarining iqtisodiy mazmuni moddiy va ma’naviy ne’matlarni o‘zlashtirish borasidagi iqtisodiy munosabatlarni o‘zida aks etadi. Agar mulkchilikning iqtisodiy mazmuni u yoki bu ob’ektni o‘zlashtirish va foydalanish borasida sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarni bildirsa, mulkchilikning huquqiy mazmuni sub’ektning ob’ektga nisbatan bo‘lgan munosabatini aks ettiradi.
Mulkni davlat tasarrufdan chiqarish va xususiylashtirish – korxonalar ustav fondida davlat ulushining qisqarishi, ularning investitsion jozibadorligini oshirish va xorijiy investorlarni xususiylashtirish jarayoniga jalb etishni kengaytirishga qaratilgan kompleks dasturdan iborat jarayondir.



Yüklə 1,8 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   99




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin