6-Ma’ruza. O’zbekiston Respublikasidagi ijtimoiy o’zgarishlar. (2 Soat)
REJA: Davlatning ijtimoiy siyosati. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlari.
Aholi daromadlari va uning tarkibi. Aholi turmush darajasi va uning ko‘rsatkichlari.
Davlatning ijtimoiy siyosati. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlari.
Amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning asl maqsadi insonga munosib yashash va faoliyat ko‘rsatish sharoitlarini vujudga keltirishdan iborat. Shu sababli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning butun davri davomida aholini ijtimoiy himoyalash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish ob’ektiv zaruratdir.
Respublikada aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirildi:
birinchi yo‘nalish – narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish;
ikkinchi yo‘nalish – Respublikaning ichki iste’mol bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish;
uchinchi yo‘nalish – islohotlarning dastlabki bosqichida aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash.
Respublika uchun ijtimoiy himoyalash tizimini tanlab olishda xalqning uzoq yillar davomida qaror topgan ma’naviy ahloqiy qadriyatlari, turmush tarzi va dunyoqarash xususiyatlari hisobga olinadi.
Davlatning ijtimoiy siyosati tabaqalashgan soliq solish yo‘li bilan muayyan markazlashgan daromadlarni shakllantirish va ularni aholi turli guruhlari o‘rtasida byudjet orqali qayta taqsimlashdan iborat. Davlat daromadlarni qayta taqsimlashda ijtimoiy to‘lovlar bilan birga bozor narxlarini o‘zgartirish (masalan, fermerlarga narxlarni kafolatlash) va ish haqining eng kam darajasini belgilash usullaridan foydalanadi.
Ijtimoiy to‘lovlar – kam ta’minlanganlarga pul yoki natural yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar tizimi bo‘lib, bu ularning iqtisodiy faoliyatda qatnashishi bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Ijtimoiy to‘lovlarning maqsadi jamiyatdagi munosabatlarni insonparvarlashtirish hamda ichki talabni ushlab turish hisoblanadi.
Aholi real daromadlari darajasiga inflyasiya sezilarli ta’sir ko‘rsatishi sababli daromadlarni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vazifasi iste’mol tovarlari narxlarining o‘sishini hisobga olish va daromadlarni indeksatsiyalash, ya’ni nominal daromadlarni narxlar o‘sishiga bog‘liqlikda oshirib borish hisoblanadi.
Shaxsiy daromadni himoya qilishda ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi aholi kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Amaliy hayotda qashshoqlikning o‘zi hayot kechirish minimumi yordamida aniqlanadi. Bu ijtimoiy va fiziologik (jismoniy) minimumda ifodalanadi. Ijtimoiy minimum jismoniy ehtiyojlarni qondirishning minimal me’yori bilan birga ijtimoiy talablarning minimal xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Fiziologik minimum esa faqat asosiy jismoniy ehtiyojlarni qondirishni ko‘zda tutadi.
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda aholining ijtimoiy yordamiga muhtoj qismini aniqlashda turli xil mezonlar asos qilib olinadi. Ular jumlasiga daromad darajasi, shaxsiy mol-mulki miqdori, oilaviy ahvoli va shu kabilar kiritiladi.
Ijtimoiy siyosat – bu davlatning daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni yumshatishga va bozor iqtisodiyoti qatnashchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan siyosatdir.
Respublikada bozor munosabatlariga o‘tish davrida ijtimoiy siyosat aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga qaratiladi hamda alohida yirik yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishlar I.A.Karimovning «O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida»1 kitobida to‘liq bayon qilib berilgan.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimidagi eng asosiy yo‘nalish – bu narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish hisoblanadi. Bunda respublikaning o‘ziga xos yondashuvi ishlab chiqilib, daromadlar nisbatini o‘zgartirish, ish haqi, pensiyalar, stipendiyalarning, jamg‘arma banklardagi aholi omonatlari stavkalarining eng oz miqdorini bir vaqtning o‘zida qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Daromadlar nisbatini o‘zgartirishda 1993 yil joriy etilgan yangi yagona tarif setkasi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu barcha toifadagi xodimlarning mehnat haqi miqdorlarini tarif koeffitsientlari orqali, eng kam ish haqi vositasi bilan bevosita o‘zaro bog‘lash imkonini berdi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yo‘nalishi – ichki iste’mol bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish bo‘ldi. Bunga erishishda muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali nazorat qilish va ularga yuqori boj to‘lovlari joriy etish, kundalik zarur tovarlarni me’yorlangan tarzda sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy valyuta joriy etilishi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini me’yorlangan tarzda sotishdan voz kechish erkin narxlarga o‘tish imkoniyatini yaratadi.
Iqtisodiy islohotlarning ilk bosqichida ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning uchinchi yo‘nalishi – aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida kuchli chora-tadbirlar o‘tkazilganligi bo‘ldi. Bu yo‘nalishda aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlari – pensionerlar, nogironlar, ko‘p bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, o‘quvchi yoshlar hamda qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilar turli xil yo‘llar bilan himoya qilib borildi.
«Ma’lumki, mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni bepul sigir ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2006 yildan hozirga qadar ana shunday oilalar uchun 103 mingdan ziyod qoramol berildi. Natijada 2009 yilning 1 yanvarigacha shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boquvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarning umumiy soni 1 million 100 mingdan ko‘proqni tashkil etdi. Shulardan 54 ming kishiga yangi mehnat daftarchasi berildi, 111 ming fuqaroning esa mavjud mehnat daftarchasiga ish staji tegishli tartibda qayd etildi»36.
Yalpi ijtimoiy himoyalash tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga izchillik bilan o‘tish – ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga, ijtimoiy himoya vositasini kuchaytirishda sifat jihatdan yangi bosqich boshlashini bildiradi.
Yangilangan ijtimoiy siyosat adolat tamoyillariga izchillik bilan rioya qilishga asoslanib, ijtimoiy ko‘maklashishning mavjud usullarini va pul bilan ta’minlash manbalarini tubdan o‘zgartirishni taqozo qiladi. Bu siyosat ijtimoiy himoya aniq maqsadi va aholining aniq tabaqalarini qamrab olishni ko‘zda tutadi. Yordam tizimi faqat kam ta’minlangan va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nisbatan qo‘llanilib, shu maqsad uchun davlat manbalari bilan bir qatorda mehnat jamoalari, turli tashkilot hamda jamg‘armalarning mablag‘laridan ham foydalaniladi.
Ijtimoiy ko‘maklashishning yangi tizimida bolalar va kam daromadli oilalar yordamdan bahramand bo‘luvchi asosiy kishilar hisoblanib, ular uchun hamma nafaqa va moddiy yordamlar faqat mahalla orqali etkazib beriladi. Shu maqsadda mahallalarda byudjet mablag‘lari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik tuzilmalari va ayrim fuqarolarning ixtiyoriy o‘tkazgan mablag‘lari hisobidan maxsus jamg‘armalar hosil qilindi.
Ijtimoiy ko‘maklashishning yangi tizimi mehnatga rag‘batlantiradigan omillar va vositalar yangi tuzilmasi paydo bo‘lishini ham taqozo qiladi. Shunday qilib, islohotlar davrida davlat aholining muhtoj tabaqalarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, o‘z mehnat faoliyati orqali oilasining farovonligini ta’minlashga intiluvchi kishilar uchun teng sharoit va qulay imkoniyat yaratishga harakat qiladi. O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar buning yaqqol dalilidir.
Jumladan, yaqin uch yil ichida ish haqini 2-2,5 barobar oshirish bo‘yicha qo‘yilgan strategik vazifaga muvofiq, 2007 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 1,5 barobar ko‘paytirildi. 2007 yilning dekabrida o‘rtacha oylik ish haqi, xo‘jalik sub’ektlari va byudjet sohalarini hisobga olganda, 210 AQSH dollari miqdoriga teng, 2008 yilda esa 300 AQSH dollaridan ortiq bo‘ldi. 2006 yildan boshlab umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va shifokorlar mehnatiga haq to‘lashning yanada takomillashtirilgan tizimi joriy etildi. Natijada keyingi ikki yilda ularning ish haqi miqdori tegishli ravishda 2,8 va 2,7 barobar oshirildi.
Mamlakatimiz aholisi pul daromadlarining oshib borishi o‘z navbatida ular turmush sharoiti va sifatining bosqichma-bosqich yaxshilanib borishiga zamin yaratmoqda. Bu esa, o‘tgan davrda qator ijobiy o‘zgarishlarni qo‘lga kiritish imkonini berdi. Jumladan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati, Samarqand va Buxoro, Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha yirik investitsion loyihalar amalga oshirildi;
- qishloq joylarda 1,6 ming kilometrdan ortiq suv quvurlari va 710 kilometr gaz tarmoqlari foydalanishga topshirildi;
- aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash 84 foizga, shu jumladan, qishloq joylarda 77 foizga etdi;
- tabiiy gaz bilan ta’minlash 82 foiz, qishloqlarda esa 77 foizgacha o‘sdi.
Ta’lim sohasida ham aniq maqsadli umummilliy ijtimoiy dasturlar amalga oshirilib, o‘tgan yil davomida quyidagi salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi:
- yangi qurilish va kapital rekonstruksiya qilish hisobdan eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish asbob-uskunalari jihozlangan 169 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta akademik litsey hamda 336 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 558 ta umumta’lim maktabi ishga tushirildi;
- 170 ta bolalar sporti ob’ekti, jumladan, 27 ta sport inshooti, 143 ta maktab sport zali barpo etildi.
Prezidentimiz o‘tgan yil davomida yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi ishlarni sarhisob qilib, bu borada quyidagi erishilgan natijalar hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni alohida ta’kidlab o‘tdi:
- mamlakatimizda umumiy o‘lim ko‘rsatkichi keyini 10 yilda qariyb 20 foizga kamaydi;
- go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi yangi tug‘ilgan har 1000 nafar chaqaloqqa nibatan 23 tadan 13 taga tushdi va birgina 2007 yilning o‘zida 11 foizga kamaydi;
- 2007 yilda Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilinib, u hozirda amalga oshirilmoqda;
- tibbiyot sohasi boshqaruv tizimining barcha bo‘g‘inlari qayta ko‘rib chiqilmoqda;
- davolash-profilaktika muassasalari tarmog‘ini qayta tashkil etilmoqda;
- viloyatlarda kattalar va bolalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari barpo etilmoqda;
- qishloq vrachlik punktlari mustahkamlanib, ularning, avvalo, qishloq joylarda kasalliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyati kuchaytirilmoqda;
- aholiga yuksak texnologik, noyob tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘i kengaytirilmoqda.
Shuni e’tiborda tutish lozimki, respublikamizda keyingi yillarda aholining kam ta’minlangan va muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasida aniq yo‘naltirilgan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, ta’lim, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohalarida maqsadli umummilliy dasturlarni hayotga tatbiq etish yanada faollashtirildi.
Bu borada Prezidentimiz I.Karimov «Ijtimoiy himoya yili» davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan quyidagi ishlar hamda qo‘lga kiritilgan natijalarni ta’kidlab o‘tdi:
- aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida barcha manbalar hisobidan jami 483600 mln. so‘m, jumladan, 213200 mln. so‘m byudjet mablag‘i, 270400 mln.so‘m miqdorida grantlar, ijrochilar hamda homiylar mablag‘i sarflandi;
- 15 ta maxsus maktab-internat va «Mehribonlik» uylarida jami 4800 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari bajarildi;
- davlat byudjetidan 4600 mln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflanib, 28 ta «Mehribonlik» uyi hamda 86 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatga 114 ta zamonaviy avtobus, 4 ta oilaviy bolalar uyiga «Damas» mikroavtobusi berildi;
- yosh oilalarning muammolarini echish, avvalo, uy-joy sotib olish va imorat qurish, ro‘zg‘orni butlashga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan 57500 mln. so‘mlik ipoteka va iste’mol kreditlari ajratildi va h.k.
Shuningdek, Prezidentimiz aholini ijtimoiy himoyalash borasidagi ishlar 2008 hamda kelgusi yillarda ham davom ettirilishini ta’kidlab, bu yo‘nalishda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, agar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar davlat byujetining umumiy xarajatlariga nisbatan 2006 yilda 51,9 foizni, 2007 yilda 53,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2008 yilda 54,6 foiz darajasida bo‘lishi ta’kidlandi.
2008 yilda «ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va foydalanishga topshirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilishi natijasida 113 ming 200 o‘quvchiga mo‘ljallangan 169 ta kasb-hunar kolleji va 14 ming 700 o‘rinli 23 ta akademik litsey qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shu bilan birga, 69 ta yangi maktab barpo etildi va 582 ta maktab kapital rekonstruksiya qilindi. Shular qatorida 184 ta bolalar sporti inshooti, 26 ta qishloq vrachlik punkti va 7 million 240 ming kvadrat metr turar-joy binolari va boshqa ob’ektlar qurildi». Bularning barchasi mamlakat aholisini ijtimoiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, uning turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholi pul daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad, nafaqa, pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan foiz, dividend, renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini sotishdan va har xil xizmatlar ko‘rsatishidan kelib tushadigan daromadlarni o‘z ichiga oladi. Natural daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo‘jaliklarining o‘z iste’mollari uchun ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo‘ladi.
Aholi turmush darajasi tushunchasini ularning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlar bilan ta’minlanishi hamda kishilar ehtiyojining bu ne’matlar bilan qondirilishi darajasi sifatida aniqlash mumkin.
Farovonlikning eng quyi chegarasini oila daromadining shunday chegarasi bilan belgilash mumkinki, daromadning bundan past darajasida ishchi kuchini takror hosil qilishni ta’minlab bo‘lmaydi. Bu daraja moddiy ta’minlanganlik minimumi yoki kun kechirish darajasi (qashshoqlikning boshlanishi) sifatida chiqadi.
Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar aholisining daromadlari darajasi o‘rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi.
Davlatning ijtimoiy siyosati tegishli markazlashgan daromadlarni tabaqalashgan soliq solish yo‘li bilan shakllantirish va uni byudjet orqali aholi turli guruhlari o‘rtasida qayta taqsimlashdan iborat.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimidagi eng asosiy yo‘nalish – bu narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish hisoblanadi.