Madaniyat va san’at, milliy sport sohalarining rivojlanishi.
Madaniy taraqqiyot inson maʼnaviy kamolotining asosiy koʼrsatkichi hisoblanib, mamlakat ravnaqi har bir fuqaroning ongliligi, ularning madaniy-tarixiy boyliklarini yaratish, saqlash va rivojlantirish jarayonlariga boʼlgan munosabatlariga har tomonlama bogʼliqdir. Davlatimiz rahbari Sh.M. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Har bir suveren davlat oʼzining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa xaqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi».
Markaziy Osiyo mintaqasida yashovchi xalqlarning madaniyati qadim zamonlarda ham Gʼarb va Sharq mamlakatlari bilan yaqin madaniy aloqalar asosida rivojlangan. Mustaqillik yillarida milliy madaniyatni tiklashga va rivojlantirishga asosiy eʼtiborini qaratgan holda Oʼzbekiston xalqi jahon madaniyati va sivilizatsiyasining zamonaviy yutuqlarini egallashga, ayni paytda jahon madaniyati rivojiga hissa qoʼshib kelmoqda. Bu borada xalqaro tanlov va festivallar, turli millatlarning madaniyat kunlari, sanʼat asarlari koʼrgazmalari namoyish qilindi, Hind madaniyat markazi, Fransuz madaniyat uyi singari doimiy faoliyat koʼrsatuvchi 140 ga yaqin madaniyat markazlari ochildi; oʼz oʼrnida Oʼzbekistonda madaniyat rivojlanishining oʼziga xos xususiyatlarini ifodolovchi uni jahon madaniyatida tutgan oʼrnini koʼrsatuvchi xalqaro anjumanlar boʼlib oʼtdi. Xususan, «Mirzo Ulugʼbek va uning jahon sivilizatsiyasiga qoʼshgan hissasi» (1994), «Oʼzbekistonning jahonda tutgan oʼrni va roli. Buxoro va jahon madaniyati» (1995), «Oʼrta Osiyo va jahon sivilizatsiyasi» (1998) mavzularida oʼtkazilgan xalqaro konferentsiya va seminarlar shular jumlasidandir. Oʼzbekiston oʼzining boy madaniy anʼanalari va jahon madaniyati jarayonlaridagi faol ishtiroki tufayli uning xalqaro miqiyosdagi mavqei yuksalib bordi. Buning yaqqol misoli 1997 yilda Oʼzbekistonning YuNESKO ijroiya kengashi aʼzoligiga Oʼzbekistonning saylanishi va 1998 yil noyabrda Toshkentda YuNESKO ijroiya kengashining 155-sessiyasini oʼtkazilishidir. Unda Oʼzbekistonning taklifi bilan “Jahon madaniyati” va YuNESKO ning aʼzo davlatlaridagi faoliyati» degan xujjat qabul qilindi. Jahon madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan milliy madaniy merosni asrash va oʼrganish rejasi boʼyicha Oʼzbekiston YuNESKO bilan uzaro munosabatlarini yanada kengaytirdi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yildagi qarori bilan har ikki yilda bir marotaba Samarqand shahrida «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tkazila boshlandi. Festivalning hudud qamrovi ham tobora kengayib bormoqda. Birinchi festivalda dunyoning 31 mamlakatidan vakillar ishtirok etgan bo’lsa, 2019-yili bo’lib o’tgan XII festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashdi.
Mustaqillik yillari musiqa san’atini akademik, an’anaviy va zamonaviy yo‘nalishlarida rivojlanishiga zarur shart-sharoitlar yaratish qatorida ta’limiga ham e’tibor berildi. 2002-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirildi. Konservatoriyaning yangi binosi qurildi.
Shuningdek, yosh iqtidorli qizlarning adabiyot, madaniyat, san'at, fan va ta'lim yo'nalishlarida o'z iste'dodini, salohiyat va qobiliyatlarini namoyon etish maqsadida 1999 yilning 10 iyunda qabul qilingan “Zulfiya nomidagi davlat mukofotini ta'sis etish bo'yicha takliflarni qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi Prezident Farmoni jamiyat hayotida yetuk mutaxassislar, yetakchi va iqtidorli qizlarning shakllanishiga zamin yaratdi. Bu o’rinda, 2000 yil 25 avgustdagi VM Qaroriga asosan ta'sis etilgan “Nihol” mukofoti san'at sohasidagi qobiliyatli yoshlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilganligini qayd etish ham maqsadga muvofiqdir.
O’zbekistonda tasviriy san’at sohasida ham juda katta o’zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 1997-yilda O‘zbekistonda birinchi bor Badiiy akademiya tashkil etildi. 2002-yili Toshkent foto uyi, 2004-yili O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, 2005-yili O‘zbek liboslari galereyasi, 2006-yili Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi ish boshladi.
Prezidentning 1997-yil «Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonida amaliy bezak san’ati ahamiyatini oshirish, qo‘lda ishlanadigan badiiy buyumlarni tayyorlash davlat tomonidan madad berilish choralari belgilandi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi» faxriy unvoni ta’sis etildi, «Hunarmand» uyushmasi tashkil qilindi. Hunarmandlar daromad solig‘idan ozod etildi. Bu tadbirlar badiiy kulollik, kandakorlik, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, gilamdo‘zlik, yog‘och va ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik, lakli miniatyura kabi turlarini rivojlanishiga qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Milliy kino san’atini rivojlantirishga qaratilgan dastlabki davrdagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2004-yili «O‘zbekkino» milliy agentligi tashkil etilgandan keyin yangi bosqichga ko’tarildi. «Abdullajon», «O’tkan kunlar», «Yozning yolg’iz yodgori», «Voiz», «Osmondagi bolalar», «Chashma», «Yo‘l bo‘lsin», «Vatan», «O‘tov», «Parizod», «Unutma meni», «Aldangan ayol», «Tubanlik», «Qo‘rg‘oshin», «Baron» kabi badiiy filmlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Bundan tashqari, «To’maris», «Bulbul», «Kulol» singari multfilmlar jahonning nufuzli festivallarida ham e’tirof etildi.
Badiiy adabiyotda milliylik, ming yillik tarixiy ijodiy an’analar, umuminsoniy qadriyatlar, erkin fikr yuritish tamoyillari tiklandi. Badiiy adabiyot sinfiylik, partiyaviylik, kommunistik mafkuraviylik kabi aqidalar hukmronligi illatlaridan ozod bo’ldi. Badiiy adabiyotda mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan qurish, barkamol insonni tarbiyalash, milliy o‘zlikni anglash kabi masalalar bosh mavzu bo‘lib qoldi. Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov, Xurshid Davron kabi ijodkorlarning tarixiy roman, pyesa va qissalarida ulug‘ bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqalarning siymolari umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mos tarzda yangicha talqinda yoritildi.
Millatimizning o‘zligini anglashda milliy, tarixiy qadriyatlarimizni tiklashda muzeylar alohida o‘rin tutadi. 1996-yili Toshkentda Temuriylar tarixi, Olimpiya shon-shuhrati, 2002-yili Qatag‘on qurbonlari xotirasi, Surxondaryo viloyatining markazi – Termiz shahrida Arxeologiya muzeyi ish boshladi. Aholining muzeyshunoslik madaniyatini oshirishga ko’maklashuvchi «Moziydan sado» jurnali ta’sis etildi va u 1999-yildan boshlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etila boshlandi.
Mustaqillik yillarida haykaltaroshlik san’ati jadal o’sdi. Haykaltarosh I.Jabborov va K.Jabborovlar tomonidan Toshkentda Amir Temurning otliq haykali, Samarqand va Shahrisabzda Amir Temur haykallari, Farg’ona va Quvada al-Farg’oniy (1998), Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykallari (1999) yaratildi. Haykaltarosh R.Mirboshiyev ijodiga mansub «Z.M.Bobur» (1993, Andijon), «Abdulla Qodiriy» (1994, Toshkent), «Cho’lpon» (1997, Andijon), «Ona» (1999, Jizzax shahri) kabi bir qator haykal va yodgorliklar yaratildi. 1999-yilda Termizda «Alpomish» haykali va majmua-kompozitsiyasi (A.Rahmatullayev va boshqalar) bunyod etildi.
O‘zbekistonda davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, madaniyat, ta’lim, ilm-fan bilan bir qatorda jismoniy tarbiya va sport ishlariga katta e’tibor qaratildi. Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘ning muttasil ortib borishi ham mamlakatda jismoniy tarbiya va sport sohasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralib, sohaga bo‘lgan katta e’tibor ko‘rsatkichidir. Darhaqiqat, nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sportchilarining muvaffaqiyatli ishtirok etishlarining eng asosiy sabablaridan biri ham ushbu sohaning dalat tomonidan muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlanganligidir.
1992-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, 2015-yilda yangi tahriri tasdiqlanishi sport sohasini yanada rivojlanishiga xizmat qildi. Sohani boshqarishni takomillashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tashkil etilganligi ham sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga asos bo’lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-avgustda “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini Toshkent viloyati, Chirchiq shahriga ko‘chirildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi bo‘limi tashkil etildi.
Toshkentda 1996-yil avgustda Olimpiya shon-shuhrati muzeyi tashkil etildi. 2000-2016-yillar oralig‘idagi yozgi Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyat bilan ishtirok etishdi. A.Taymazov, M.Ibragimov (erkin kurash), A.Doktorashvili (yunon-rum kurashi), R.Sobirov (dzyudo), O‘.Haydarov, A.Atoyev, B.Sultonov (boks), A. Fokin (sport gimnastikasi), Yekaterina Xilko (tramplin) kabi sportchilarimiz mamlakatimiz sporti shuhratining xalqaro maydonda yanada oshishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Xususan, erkin kurashchi Artur Taymazov bir necha karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan yagona sportchi bo‘ldi.
Respublikada sport inshootlarini qurishga ham ulkan e’tibor qaratilgan. Jumladan, hozirgi kunga kelib 500 dan ortiq sport klublari, 536 sport maskanlari, 5 ta olimpiya klublari, 8ta Respublika oliy sport maktablari va jismoniy tarbiya instituti ishlab turibdi. Sport bilan shug‘ullanuvchilarga 233 stadion, 135 suzish havzasi, 32.865 sport maydonchalari xizmat ko‘rsatmoqda. 4841 futbol maydoni, 168 tennis, voleybol, basketbol maydonlari mavjuddir.
Mustaqillik yillarida eng tez rivojlanib borayotgan sport turlaridan biri shaxmatdir. Sobiq Sovetlar davrida shaxmat bo‘yicha bitta grossmeyster tayyorlangan bo‘lsa, endilikda ularning soni 11 nafar bo‘ldi. Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat olimpiadasida hamyurtlarimiz 120 dan ortiq mamlakatlar ichida farqli 11-o‘rinni egalladilar. Respublika chempioni Rustam Qosimjonov o‘z taxtasida bronza medaliga ega bo‘ldi. 2004 yili dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida o‘tgan jahon chempionatida R.Qosimjonov jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Mustaqillik sharofati bilan milliy sport turlarining qayta tiklanishiga va ularning sport turi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga imkoniyatlar yaratildi. 2016-yilgi Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada mamlakatimiz tarixidagi eng sermahsul musobaqa bo‘ldi. Ushbu Olimpiadada eng ko‘p medalni bokschilarimiz qo‘lga kiritishdi.Charm qo‘lqop ustalarimizning 7 nafari Riodan medal bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldilar. Ular: Hasanboy Do‘stmatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov (oltin), Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev (kumush), Rustam To‘laganov (bronza), Murodjon Ahmadaliyev (bronza). Ushbu natija Olimpiadadagi boks musobaqalaridagi eng yuqori natijadir. Sportning ushbu turida medal jamg‘arish bo‘yicha ular Kuba, Qozog‘iston va Rossiyadan tashrif buyurgan raqiblarini ortda qoldirib, mazkur sport turida birinchilikka erishdilar. Og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinov Olimpiada rekordini qayd etgan holda, oltin medal sohibiga aylandi.
Dunyoga O‘zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon etayotgan o‘zbek hakami Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, 2003-yildan FIFA hakami statusini olgan. U o‘z faoliyati davomida futbol bo‘yicha jahon chempionatlari fi nal bosqichida eng ko‘p 9 uchrashuvni boshqarib (2014-yilga qadar), dunyo rekordini o‘rnatdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil fevraldagi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, uning negizida Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Shu bilan birga, yurtimiz vakillari 2018 yilgi Osiyo oʻyinlarida jami 70 ta, jumladan, 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 5-oʻrinni qo’lga kiritishgan.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan xotin-qizlar sportini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilib, ayniqsa, sportning badiiy gimnastika va sinxron suzish turlari rivojlantirilmoqda. Buni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar xotin-qizlarni sonining muntazam ortib borishi ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida sport maktablari va turli jamoalarda mahalliy millat qizlarining qiziqib, faollik bilan shug‘ullanishlari ko‘paydi. Masalan, 1996-yilda 1180 xotin-qizlar sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2016-yilga kelib ularning soni 3 milliondan ortdi.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha muhim hujjatlar qabul qilindi, amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi, muayyan natijalarga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, 2019-yil 19-martda “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi va O’zbekiston Prezidenti tomonidan sohalarga taalluqli 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bular quyidagilar: