Reja 1. Ta'lim sohasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati.
2. Maktabgacha ta’lim va umumiy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar.
3. Oliy ta’lim tizimi va xalqaro hamkorlik.
4. Mustaqillik yillarida ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar.
Ta'lim sohasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati.
Madaniy-ma’naviy rivojlanishning eng muhim poydevori – ta’lim tizimidir. Chunki zamon talablariga javob beradigan, ilg‘or fan-texnika, texnologiya yutuqlarini egallab olgan kadrlarni yetishtirmasdan jamiyatni yuksaltirib bo‘lmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, shu asnoda davlat bepul umumiy ta’limni kafolatlashi belgilab qo’yilgan. O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi siyosati 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topdi.
O’zbekistonda shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi rivojlanishning ustuvor sohasi deb qonunan e’tirof etildi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining eng muhim tomoni shundaki, unda yaxlitlik va tizimli yondashuv mavjud bo’lib, shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish jarayoni bir-biri bilan yagona tizimga bog’langan. Ta'lim O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e'lon qilingan.
Ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
- ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik harakterda ekan-ligi;
- ta'limning uzluksizligi va izchilligi;
- umumiy o'rta, shuningdek, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining majburiyligi;
- o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo'nalishini: akademik liseyda yoki kasb-hunar kollejida o'qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
- ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
- davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;
- ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
- bilimli bo'lishni va iste'dodni rag'batlantirish;
- ta'lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg'unlashtirish.
Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e'tiqodi, dinga mu-nosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O’zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganidan qat'i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.
Bilim olish huquqi:
- davlat va nodavlat ta'lim muassasalarini rivojlantirish;
- ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta'lim olishni tashkil etish;
- ta'lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o'qitish, shuningdek, ta'lim muassasalarida shartnoma asosida to'lov evaziga kasb-hunar o'rgatish;
- barcha turdagi ta'lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o'quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo'lishi;
- oilada yoki o'zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga ak-kreditasiyadan o'tgan ta'lim muassasalarida eksternat tartibida at-testasiyadan o'tish huquqini berish orqali ta'minlanadi.
Boshqa davlatlarning fuqarolari O’zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bilim olishda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
Uzluksiz ta'lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta'lim standartlari asosida, turli darajalardagi ta'lim dasturlarining izchilligi asosida ta'minlanadi va quyidagi ta'lim turlarini o'z ichiga oladi:
- maktabgacha ta'lim;
- umumiy o'rta ta'lim;
- o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi;
- oliy ta'lim;
- oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim;
- kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
- maktabdan tashqari ta'lim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil dekabrdagi qarori bilan 1-oktabr – «O‘qituvchilar va murabbiylar kuni» deb belgilandi hamda bu kun bayram sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi 3 bosqichdagi islohotlar asosida amalga oshirildi.
I bosqich – 1997-2001 yillarda dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy-me’yoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shartsharoitlar yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan qo‘shimcha ravishda 65 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi.
II bosqich – 2001-2005 yillarni o‘z ichiga olib, milliy dastur keng miqyosda joriy etildi.
III bosqich – 2005-yildan 2017-yilgacha. Bu bosqichda Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi natijasida erishilgan natijalar, to‘plangan tajribalar umumlashtirilib, shu asosda yurtimizda ta’lim tizimi takomillashtirilib borildi. 2009-yildan boshlab, yurtimizda to‘liq 12 yillik majburiy ta’lim joriy etildi.
So‘nggi yillarda ta’limning nodavlat shakli rivojlanish yo‘liga kirdi. Maktabgacha ta’lim tizimi bo‘yicha alohida vazirlik tashkil etildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilishi bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ta’limning majburiy etib belgilanishi, 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’limning joriy etilishi va ular bitiruvchilarga murakkab bo‘lmagan kasblar o‘qitilishi qonunni yangi tahrirda qabul qilishga ehtiyoj yuzaga kelganini bildiradi. Shuningdek, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida ta’lim berish muddati va mazmunining o‘zgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga barcha ta’lim turlari bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi ham qonun loyihasini yaratishga asos bo‘ldi.
Pedagoglar, ta’lim muassasasi xodimlari, ta’lim oluvchilarning huquq va erkinliklari kengaytirilib, mas’uliyati kuchaytirilishi, rag‘batlantirilishi ishga bo‘lgan munosabatni yanada oshirdi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga ta’lim xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berilgani, rivojlangan xorijiy davlatlarning ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalari yurtimizda joriy etilayotgani va bir qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilingani ham «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririga zaruratni kuchaytirdi.
2020-yil 20-sentabrda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun 11 bob, 75 moddadan iborat bo‘lib, unga yangi yo‘nalishlar kiritildi. Xususan, katta yoshdagilar ta’limi, maxsus ta’lim, inklyuziv ta’lim, yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish, davlat-xususiy sherikchiligi, ta’lim sohasiga investitsiyalarni kiritish, ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi baholashi, ta’lim ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari, ta’lim sohasida eksperimental va innovatsion faoliyat kabi muhim masalalar qamrab olindi.
Shuni alohida qayd etish joizki, qonunning yangi tahririda davlat xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarini tuzish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tuzish, ta’lim sohasiga investitsiyalarni jalb etish, ta’lim tashkilotlarining xalqaro hamkorligi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki yakka tartibda xorijda ta’lim olish huquqiga ega ekanligi ham belgilab qo’yildi.
Shuningdek, qonunda pedagog kadrlarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etilishi taqiqlandi, bu masalada ta’lim muassasalari rahbarlari javobgar qilib belgilangan. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va ta’lim muassasalari erkin faoliyati kengaytirilgan.
Bakalavriat yo‘nalishida ta’lim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilandi.
Qonunga ta’lim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi prinsipi kiritildi;
11 yillik ta’limning hamda 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bir yil davomida umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashning majburiyligi o‘rnatildi;
Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlandi;
Ta’lim olishning quyidagi shakllari belgilandi:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish (kunduzgi);
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish (sirtqi, kechki, masofaviy, dual);
oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish;
katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish;
mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash;
inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta’lim;
eksternat tartibida ta’lim olish.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarining sinflarida ta’lim oluvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilandi;
Bakalavriat yo‘nalishida ta’lim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilandi;
Oilada ta’lim olgan va mustaqil ta’lim olgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilishi mumkinligi belgilandi.
Bugungi kunning dolzarb talablaridan biri mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalari va hayoti jabhalari uchun yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida ta'lim, fan va ishlab chiqarish, yoshlarning ma'naviy, axloqiy tarbiyasini samarali birlashtirishni ta'minlashdan iboratdir.