4. Mustaqillik yillarida ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar. Mamlakatimizda yuzaga kelgan yangi tarixiy shart-sharoit ilm-fan sohasini tub islohot qilishni taqozo etdi. Zero, dolzarb ilmiy-texnik muammolar hal qilinishi respublikaning rivojlanishini ta’minlar edi.
Avvalo, 1992-yil martdagi Prezident farmoni bilan ilmiy kadrlar tayyorlanishini tashkil etuvchi vakolatli organ – Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tashkil etildi. Prezidentning 1992-yil iyuldagi «Ilm-fanni davlat yo‘li bilan qo‘llabquvvatlash va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida respublika olimlari xorijiy mamlakatlarga tajriba oshirishga yuborilishi yo‘lga qo‘yildi. Ilmiy natijalarni ichki va tashqi bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi Respublika ilmiy ishlanmalarni innovatsiya tijorat markazi Fanlar akademiyasi tarkibida tashkil etildi.
1997-yil Xorazm Ma’mun akademiyasi qayta tiklanib, Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘linmasi sifatida tashkil etildi.
2000-yili Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi dunyoning eng boy qo‘lyozmalar xazinasidan biri sifatida YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Prezidentning 2006-yil avgustdagi «Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etildi (bugungi kunda vazirlik). Qo‘mitaga fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, akademik va oliy ta’lim muassasalari fani integratsiyalashuviga, ilmiy sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish kabi vazifalar belgilab qo‘yildi.
2008-yildan buyon Toshkentda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. 2008-2015 yillar davomida o‘tkazilgan I – VIII yarmarkalar doirasida jami 4000 dan ortiq ishlanmalar taqdim etildi. 2008-yildan buyon umumiy qiymati 113 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 3000 dan ziyod shartnomalar tuzildi.
O‘zbekiston olimlari demokratik va huquqiy jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy rivojlanishini tadqiq qilish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, energetika va energiya xomashyoni tejash, axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya, kimyo, bio va nanotexnologiyalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiyot, farma-kologiya, geologiya, geofizika, seysmologiya bo‘yicha ma’lum yutuqlarga erishib kelmoqda.
Arxeologiya fani sohasida ham ma’lum siljishlar bo‘ldi. Jumladan, 2002-yildan «O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar» yillik to‘plamlari nashr etilib, ularda respublikamiz hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarning umumlashma ilmiy xulosalari berib boriladi. 2010-yildan esa «O‘zbekiston Arxeologiyasi» ilmiy jurnali chop etila boshlandi. Fanning boshqa yo‘nalishlaridagi olimlar ham yirik natijalarni qo‘lga kiritishmoqda. Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan tayyorlangan 10 jildlik «Tabiiy birikmalar (O‘simlik zaxiralari, tuzilishi va xossalari)» nomli noyob ma’lumotnoma ingliz tilida Londonda chop etildi. Bu ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanayot-ganidan ham dalolat beradi.
Mustaqillikning dastlabki yillari birgina Fanlar akademiyasining ilmiy mahsulot eksporti 8,2 martaga ko‘paydi.
Ilm-fan va ta’lim integratsiyasi. O‘zbekiston fani va ta’limi integratsiyasini ta’minlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon 2012-yilga qadar Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy-o‘quv markazlari tashkil etilishi orqali amalga oshirildi. Jumladan, 2011-yili Fanlar akademiyasining Fizika-texnika institutida «Qayta tiklanadigan energiya manbalari» ilmiy-o‘quv markazi, 2012-yili Immunologiya institutida «Biotibbiyot» ilmiy-ta’lim innovatsion markazi ish boshladi.
2012-yildan esa, oliy ta’lim tizimida ilmiy sektor rivojini ta’minlash maqsadida Fanlar akademiyasning 5 ta ilmiy tadqiqot instituti, 4 ta mintaqaviy ilmiy markazlar ilmiy bo‘linma tarzida qayta tashkil etilib, yo‘nalishi va ixtisosliklariga ko‘ra ular tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘tkazildi. Fanlar akademiyasi tuzilmalarini qisqartirish va akademik fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish maqsadida 2014-yilda 2 ta institut va 1 ta bo‘linma oliy ta’lim muassasalari qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazlari sifatida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yildagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi joriy qilindi. Lekin bu tizim mavjud xalqaro ilm-fan standartlariga to‘la mos kelmaganligi, respublikadagi mavjud ilmiy salohiyatning tushib ketganligi sababli, 2017-yil fevraldan Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqaro standartlariga mos keluvchi, falsafa doktori va fan doktori darajalarini beruvchi ikki bosqichli tiz imga o‘tildi.
Ilm-fandagi tub islohotlar. 2016-2017-yillar O‘zbekiston ilm-fanida tom ma’noda tub islohotlar davri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni ilk bor mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilm-fanga e’tibor yanada kuchayishi belgilandi. Prezidentning 2017-yil 17-fevraldagi «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida 9 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarildi, qator ilmiy tashkilotlar qayta tashkil etildi, Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yilda imzolangan «Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida» qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlikning davlat va jamiyat qurilishiga, iqtisodiyot tarmoqlariga, qishloq xo‘jaligiga, ijtimoiy rivojlanishga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish hamda ilg‘or texnologiyalar joriy etilishini tashabbus qilish, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish sohasidagi asosiy vazifalari belgilab berildi.
Fanlar Akademiyasi haqiqiy a’zoligiga oxirgi saylovlar 1995-yilda o‘tkazilgan edi. O‘tgan yillar mobaynida akademiklarning soni ikki martadan ko‘proqqa qisqardi va 2017-yilga kelib akademiyaning atigi 63 nafar haqiqiy a’zosi qolgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi tarixiy farmoni bilan 22 yillik uzoq tanaffusdan so‘ng Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi haqiqiy a’zolari tasdiqlandi. Bugungi kunda ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanuvchi 400 ta muassasa ro‘yxatga olingan bo‘lib, fan sohasida 36 ming mutaxassis, jumladan, 2 mingdan ortiq fan doktori va 9 mingdan ortiq fan nomzodi faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston zamini azaldan bashariyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan, jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyoti yo‘nalishini ma’lum darajada belgilab bergan ulug‘ allomalari, buyuk mutafakkirlari bilan shuhrat qozongan. O‘zbek zaminidan Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi va jahon ilm-fani xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan boshqa ko‘plab buyuk olimlar, mutafakkirlar yetishib chiqqan. Bugun O‘zbekiston olimlari mamlakatimiz ilm-fanini yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda va fan-texnika taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shishga xizmat qiladi.