Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an’analarning qayta tiklanishi. Milliy istiqlol g‘oyasi va mafkuraviy masalalar.
Madaniy taraqqiyot inson maʼnaviy kamolotining asosiy koʼrsatkichi hisoblanib, mamlakat ravnaqi har bir fuqaroning ongliligi, ularning madaniy-tarixiy boyliklarini yaratish, saqlash va rivojlantirish jarayonlariga boʼlgan munosabatlariga har tomonlama bogʼliqdir. Prezident Sh.M. Mirziyoyev ta'kidlaganidek, «Har bir suveren davlat oʼzining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa xaqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi».
Mustaqillik arafasida ma’naviyat sohasiga beqiyos e’tibor qaratilib, o’zbek tili, jamiyat tafakkuri va dunyoqarashida ma’naviy boyliklar, ma’naviy tarbiya, ma’naviy burch kabi tushunchalar yangidan shakllandi. Vaholanki, o‘tgan asrning 70-80-yillarida chop etilgan ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ham, o‘n to‘rt jildlik “O‘zbek sovet ensiklopediyasi”ga ham “ma’naviyat” so‘zi kiritilmagan, demakki, bu tushunchaga ta’rif berilmagan bo‘lsa, 2009 yilda nashr etilgan “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘ati” nomli alohida kitobda ma’naviyatning ma’no-mazmuni, uning inson va jamiyat hayotidagi tutgan o‘rni, ahamiyati bilan bog‘liq eng asosiy tushuncha va atamalarning keng izohi berilgan.
O’zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari mustaqillikning dastlabki yillarida ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. Dastlabki, eng muhim qadam «Oʼzbek tili xaqidagi» qonunning qabul qilinishi boʼldi. Bu bilan oʼzbek tilidagi xalqning bebaxo madaniy, milliy boyligi maqomi tiklandi, oʼzligiga qaytdi. Davlat tili haqidagi qonunda o’zbek tili o’zbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo’llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo’yildi. Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish geografik o’rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va o’zbek tilida yozib qo’yildi. Natijada o’zbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tili, qadr-qimmati ham o’z o’rniga qo’yilgan.
Xalq turmush tarzi va ma’naviyatining tarkibiy qismini uning azaliy udumlari, odat, marosim va bayramlari tashkil qiladi. Qadimiy «Navro‘z» bayramini xalqimizga qaytib berilishi mamlakat tarixida katta voqea bo‘ldi. 1991-yildan boshlab mamlakatda Prezident farmoniga ko‘ra, 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida xalqqa uning maʼnaviy va madaniy boyliklarini qaytarish borasida koʼplab ishlar qilindi. Buxoro va Xiva shaharlaridagi meʼmorchilik yodgorliklarini taʼmirlash borasida faol ishlar olib borilib, yodgorliklar bugungi kunda jahon ahamiyati maqomiga ega boʼldi. Bu shaharlarning 2500 yilligi, Toshkentnint 2000 yilligi kabi sanalar katta tantana bilan nishonlandi.
O’zbek xalqi barcha zamonlarda o’zining rang-barang va yuksak madaniyati, urf-odat va an’analari bilan ajralib turgan. Ma’lumki, milliy, urf-odat, an’analar va udumlar ming yillar davomida yaratilgan va xalqning turmush tarziga aylanib ketgan. Ular millatning hayot tomiri, mustahkam ildizlaridir.
Barcha davrlarda bosqinchi-mustamlakachilar xalqning ustidan hukmronlik qilish uchun ularni milliy urf-odatlari, an’analari, qadriyatlari, tili, dini, umuman, milliy o’zligidan ayirishga harakat qilganlar. Bizning xalqimiz ham o’zining uzoq tarixiy taraqqiyoti davomida mana shunday harakatlarni boshidan o’tkazdi. Birgina qadimgi yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy yurtimizga bostirib kelgan vaqtida ajdodlarimizning ma’naviy boyligi bo’lgan «Avesto» kitobini yoqib, yo’q qilishi bunga yorqin misol bo’la oladi.
Xalqimizni milliy an’ana va urf-odatlaridan mahrum qilish siyosati sho’rolar mustamlakachiligi davrida ham yaqqol namoyon bo’ldi. Ular xalqimiz turmush tarzining tarkibiy qismiga aylanib ketgan udumlar, urf-odat va an’analari, turli bayramlari, marosimlari, hattoki, do’ppisi, sumalagi, beshigini cheklab qo’yish uchun turli bahonalarni o’ylab topdilar va ustalik bilan amalga oshirdilar.
«Hosil bayrami», «Xirmon bayrami», «Qovun sayli», gap-gashtaklar, ko’pkari, nikoh to’yi va boshqa udumlarimiz «eskilik sarqitlari» deb qoralandi. «Dorboz» kabi milliy xalq o’yinlarimizga e’tibor berilmadi.
O’rta Osiyo mutafakkirlarining ilmiy merosida o’zbekona axloq-odobga oid ma’naviy fazilatlar haqida ko’plab qimmatli fikr, ma’lumotlar mavjud. Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida o’zbeklarga xos bo’lgan ko’plab ma’naviy-axloqiy sifatlarni tasvirlaydi. Bular iymon va e’tiqodli bo’lish, oilaga muhabbat, xalollik, qarindosh-urug’chilik, diniy qadriyatlarga rioya qilish, savodxonlik, mardlik, odamiylik, mehnatsevarlik va boshqalardir.
Mintaqamizga sayohat qilgan mojor olimi German Vamberi «Buxoro yohud Movarounnahr tarixi» asarida Oltin O’rdadagi o’zbeklarning musulmoncha tarbiyalanganini, savdo-sotiqda og’ir vazminligi, oq ko’ngillilik va samimiyligini, kamgapligi, sadoqatliligi, dovyurakligi, shinavandaligini, oilaviy munosabatlarda pokligini, mulohazaliligi, andisha bilan to’g’ri so’zlashishini, ota-onaga hurmati va e’tiqodi kuchliligini, birinchi bo’lib o’tirmaslik va birinchi bo’lib so’z boshlamasligini, mug’ombirlikni bilmasligini, dinga e’tiqodi kuchli ekanligini ko’rsatib o’tadi.
O’zbek xalqining hozirgi milliy ma’naviyati va qadriyatlari o’tmish milliy ma’naviyatining davomi bo’lib, ularga mehmondo’stlik, insonparvarlik, ota-ona va kattalarni hurmat qilish, mehnatsevarlik, o’tmishga hurmat, milliy g’urur, mustaqillikni qadrlash, vatanparvarlik va boshqa milliy, ma’naviy-axloqiy fazilatlar kiradi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi dolzarb muammolardan biri – yangi tarixiy sharoitda jamiyatga munosib kishilarni tarbiyalash edi. O‘zbekiston suveren davlat sifatida ijtimoiy-siyosiy hayotda ma’naviy yangilanish jarayonini amalga oshirmasdan, sivilizatsiyaga erishmasdan mustaqillikni har tomonlama mustahkamlab bo’lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Shunday qilib, madaniyat, ma’naviy meros, sivilizatsiyalar yutug’i jamiyat va inson manaviyatining rivojlanishida, ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan 2000- yil milliy g’oyaning asosiy tushuncha va tamoyillari bilan bog’liq konsepsiyasi ishlab chiqildi. Islom Karimov rahbarligida Oqsaroyda bo’lib o’tgan milliy g’oya konsepsiyasini ishlab chiqishga bag’ishlangan anjumanda bu masala ko’rib chiqildi. Bir so’z bilan aytganda amaliy ishga o’tish jarayonini yanada tezlashtirdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoillari” fani bo’yicha “ta’lim dasturlarini yaratish va respublika ta’lim tizimiga joriy etish to’g’risida” gi Farmoyishi (2001-yil 18-yanvar), 2006-yil 25- avgustdagi “Milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to’g’risida”gi Farmoni milliy g’oyani hayotga tadbiq etishda alohida ahamiyatga ega bo’ldi. “Milliy g’oya va mafkura ilmiy amaliy markazi” va “Ma’naviyat targ’ibot markaz”lari tashkil etildi. Ular tomonidan milliy g’oyani ilmiy va amaliy masalalarini o’rganish hamda ma’naviy ishlar targ’ibotini tashkil etishda ko’plab amaliy ishlar amalga oshirilgan. Xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimining barcha yo’nalishlari bo’yicha tuzilgan dasturlar, o’quv qo’llanmalar, milliy g’oyaga tayangan holda, yangi avlodning shakllanishida muhum ahamiyat kasb etgan.
Ta’kidlash joizki, milliy g’oya «Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot» qurish maqsadi bilan hamohang ravishda yoshlar tarbiyasida katta ahamiyat kasb etib keldi. Mustaqillik yillarida erishilgan ulkan o’zgarishlar, bunyodkorlik ishlarida milliy g’oya maqsadi, asosiy tushuncha va tamoyillari bilan uzviy bog’liqlik yoki o’zaro mushtaraklikni ko’rish mumkin.
Xullas, o’zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari mustaqillikning dastlabki yillarida ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. O'zbek xalqining ma'naviy merosida insonparvarlik g'oyalari singdirilgan. Ajdodlarimiz insonparvarlikni fan darajasiga ko'tarishgan. Forobiy - «fozil inson», Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband - «Orif inson», Alisher Navoiy - «komil inson» ta'limotlariga asos solishgan. Bugun ham, o'tmishda bo'lganidek, insonparvarlik borasida xalqimiz boshqa xalqlarga saboq berishi mumkin. Ommaviy madaniyat, axborot hurujlari kuchayotgan sharoitda asosiy muammo yot, buzg'unchi g'oyalar ta'siriga tushmasdan, g'oyaviy bo'shliqqa yo'l qo'ymasdan, ma'naviy merosimizga, milliy g'oyamizga sodiq qolish hisoblanadi.