O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti «O‘zbekiston tarixi» kafedrasi


XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar



Yüklə 1,8 Mb.
səhifə7/99
tarix15.01.2023
ölçüsü1,8 Mb.
#79271
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   99
UMK (2022-23)

5.XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
O‘zbekiston Respublikasida mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab yoshlarga nisbatan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga oid davlat siyosati izchil ravishda amaliy hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bu siyosatning mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari, yoshlarga beriladigan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy kafolatlar O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 20 noyabrdagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunida belgilab qo‘yilgan6.
Yoshlarning bilim olishi, ta’lim-tarbiyasi, kasbiy tayyorgarligi masalalari O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, ushbu jarayonlar, ya’ni O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, yuksak bilimli hamda intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalashda davlatning roli va bu borada to‘plangan tajriba bilan xalqaro hamjamiyatni keng tanishtirish maqsadida ko‘plab xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazilib kelinmoqda. O‘zbekistonda Ta’lim sohasini isloh qilish, yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash bo‘yicha 1997 yil amalga oshirilgan, dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan “Ta’lim to‘g‘risidagi qonun”7 va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”8, katta ahamiyat kasb etadi. SHuningdek, O‘zbekistonda zamonaviy ilm-fanni puxta egallagan raqobatdosh kadrlarni tayyorlash, ta’lim-tarbiya ishlarini tubdan o‘zgartirish, xalqaro tajribalar asosida ta’lim sifatini yangilash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ta’lim va fan sohasini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish masalalari belgilab berilgan bandlarida, jumladan, uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish yo‘lini davom ettirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq, yuqori malakali kadrlar tayyorlash; ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish; ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish”9ga alohida ahamiyat qaratilgan. Shu bois, O‘zbekistonda milliy ta’lim-tarbiya sohasiga jiddiy e’tibor berilib, ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar qilish va erishilgan natijalarni tahlil etgan holda, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish muhim o‘rin tutadi.
Bugungi hayotimizni Internet, kompyuter tarmog‘isiz tasavvur etib bo‘maydi. Axborot texnologiyalari tufayli uzog‘imiz yaqin, mushkulimiz oson bo‘lmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda yoshlarning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada Prezident Sh.Mirziyoyev shunday deydi: “Bugungi kunda yon-atrofimizda diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” degan turli balo-qazolarning xavfi tobora kuchayib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu so‘zlarning chuqur ma’nosi va ahamiyati yanada yaqqol ayon bo‘ladi. Haqiqatan ham, hozirgi vaqtda yoshlar tarbiyasi biz uchun o‘z dolzarbligini va ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan masala bo‘lib qolmoqda”10. Binobarin, hukumatimiz bunday yoshlarni tarbiyalash va ular bilan ishlashda, istiqbol rejalarini tuzishda asosiy e’tiborni, avvalo, ularni tabiatimizga begona bo‘lgan turli ko‘rinishdagi ijtimoiy illatlardan asrab, zamonaviy bilim va tajribaga, intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalarga ega, ma’naviy yuksak, komil insonlar etib voyaga etkazish, jamiyatda o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarga erisha olishiga qaratadi.
Mustaqillik tufayli milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, Vatan uchun iftixor, g‘ururlanish va shu singari boshqa tuyg‘ular yana bir bor cho‘qqiga ko‘tarildi, xalqimizning mustaqil fikrlashi, ma’naviy dunyosi, ijtimoiy-siyosiy faolligi o‘sib bordi, bu esa yangidan-yangi yutuqlar garoviga, kuch-qudrat manbaiga aylandi, intellektual salohiyatni yuksaltirishga imkon yaratildi.


6. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta ishi” “O‘zbek ishi” nomli kampaniyalar.
Ma’lumki, XX asrning 80-yillarida O‘zbekiston sovet davrining “qayta qurish” davrlarini boshidan kechirdi, jumladan, bu davrga kelib, sobiq Ittifoqning qurollanish poygasi sohasida AQSHga tenglashish, lekin mamlakatda inson huquq va erkinliklarining mavjud emasligi, fuqarolarni qonunlar o‘rniga yakkahokim partiya qarorlari boshqarishi, qayta qurish davrida esa e’lon qilingan demokratik qadriyatlarning qog‘ozlarda qolib ketganligi, millatlararo to‘qnashuv va qirg‘inlarning avj olishi, oziq-ovqat taqchilligi va ekologik halokatlarning boshlanganligi kabi muammolar kelib chiqdi. Sovetlar davrida respublika ijtimoiy-iqtisodiy hayotida etilgan ziddiyatlar va muammolarni hozirgi kunda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarini erkinlashtirish bilan qiyosiy taqqoslash yaqin o‘tmishda xalqimiz boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar mohiyatini ochib berishga yordam beradi.
1985 yil aprelda bo‘lib o‘tgan Markaziy Komitet Plenumida “sotsializm” va “kommunizm” to‘g‘risidagi safsata va yolg‘ondan iborat “nazariya” va “g‘oyalar”ning turg‘unlik holatiga kirib qolganligini, kommunistik partiya strategiyaviy faoliyatining pirovard yakuniy inqirozi ekanligi ta’kidlandi. Bu jarayonning sabablari quyidagicha namoyon bo‘ldi:
Birinchidan, 70 yildan ortiq vaqt mobaynida sovetlar davrida amal qilib kelgan kommunistik partiyaning yakkahokimlikka asoslangan ma’muriy-buyruqbozlik ish yuritish uslubi hayot sinoviga bardosh bera olmadi. Davlatning asosiy siyosiy negizini tashkil etuvchi “sovetlar” endi amalda ikkinchi darajali qo‘g‘irchoq rasmiy bir tashkilotga aylanib qolgandi. Davlatning taqdirini hal etuvchi kuch KPSS, uning Markaziy qo‘mitasi, Siyosiy byurosi edi. Ichki va tashqi siyosatga oid barcha masalalar, yillik va besh yillik rejalar, kadrlar tanlash va joy-joyiga qo‘yishlargacha dastlab KPSS MK Siyosiy Byurosida hal bo‘lardi va so‘ng sovetlarning mas’ul organlari uni shunchaki tasdiqlar edi. Ish shu darajaga borib etgandiki, partiya safidan chiqarilgan xodim o‘z ish vazifasidan ketishi u yoqda tursin, u albatta jazolanar edi. Kommunistik partiyaning yakkahokimlikdan iborat ish uslubi shaxsga sig‘inishidan iborat ijtimoiy-siyosiy hodisalarni keltirib chiqarib qolmasdan, ayni paytda sovetlar jamiyatining ichdan emirilishini tezlashtirgan omillardan bo‘ldi.
Ikkinchidan, Kommunistik partiyaning “lenincha milliy siyosati”da ham nazariya va amaliyot bir-biriga muvofiq kelmay qoldi. Kompartiyaning milliy siyosatdagi bosh maqsadi – rus bo‘lmagan boshqa millatlarni millat sifatida yo‘q qilib yuborish-assimilyasiyalashdan iborat edi. Xullas, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida sof shovinistik, mustamlakachilik siyosati olib borildi. Milliy nizo va fojealar avj olib ketdi. Bularning barchasi sovet imperiyasining inqiroziga olib keldi. Natijada 1985 yilda e’lon qilingan “Qayta qurish” siyosati sovet imperiyasi tanazzulini yanada tezlashtirdi.
Markaziy partiya-sovet apparati cheklanmagan oliy hokimiyatni saqlab qolishga urinib, xalqning taqdirini bundan keyin ham hal qilib borish uchun O‘zbekiston rahbariyatining mavjud ijtimoiy-siyosiy tartibotini o‘zgartirish va respublikaning milliy mustaqilligini qaror toptirish zarurligini tushungan muxolif kayfiyatdagi qismini shu respublika oliy partiya organlarining qo‘li bilan badnom qilishga, ularga tuhmat toshlarini yog‘dirishga urindi. Respublikaga har xil yugurdaklar yuborildi, ular partiya, sovet va sud organlarida muhim o‘rinlarni egallab, chinakam terrorni avj oldirdilar. “Paxta ishi” degan ish to‘qilib, maydonga olib chiqildi. Bu ish biroz vaqt o‘tib, ayniqsa markaziy matbuotda kishining izzat-nafsiga teguvchi “o‘zbek ishi” degan nom bilan ataldi. YUqoridan maxfiy topshiriq bilan yuborilgan Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi guruh bir necha yuz minglab halol kishilarni va umuman respublikani badnom qila boshladi. Chunonchi, o‘zbek xalqining baxti-saodati yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatgan, o‘sha yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Birinchi sekretari bo‘lgan Sh.R.Rashidovning nomi bilan badnom qilindi, u bilan birgalikda esa butun respublikaning sha’ni-Shavkati va qadr-qimmati qoralandi. Markazda g‘ayri tabiiy ravishda tug‘ilgan fikr respublikada uning itoatkor ijrochilari bo‘lgan Sh.R.Rashidovdan “ranjigan” kishilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ular markazdan kelgan jazo komandasi bilan mahkam aloqada bo‘lib, ko‘pgina halol va vijdonli kishilarni “fosh qilish” bilan shug‘ullandilar va ularning qamoqqa olinishiga erishdilar. Buning natijasida talaygina insonlar taqdirining qaddi bukildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olish arafasida, ya’ni 2016 yil 18 noyabrda Jizzax viloyati saylovchilar vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida: “...O‘zbekistonni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqargan, yurtimiz sha’niga ham, o‘z nomiga ham gard yuqtirmasdan o‘tgan kamtarin va donishmand davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning shaxsiga nisbatan turli bo‘htonlar uyushtirilganida ham bunday nohaqlikdan yurak-bag‘ri ezilgan, lekin unga bosh egmagan Jizzax elining sabr-bardoshi va matonati oldida ta’zim qilsak, arziydi”11, shuningdek, “Rashidovchilik” degan soxta iborani o‘ylab topib, uning xotirasini yomonotliq qilganliklarini ham ta’kidlab o‘tdi. 2017 yil 27 mart kuni “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi12. Avvalroq Oliy Majlis Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilib, uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi va haykali o‘rnatildi.
1983 yil fevralda KPSS MQ Siyosiy byurosi qarori bilan O‘zbekistondagi paxtachilik sohasidagi suiiste’molchiliklarni tekshirish uchun Bosh prokuratura xodimlari T.Gdlyan va N.Ivanov boshchiligida komissiya tuzildi. Ular shu yil 25 apreldan ish boshladi. Bu tekshiruvlar “paxta ishi” nomini oldi. Markaz tergov guruhi tomonidan respublikada 1978-1983 yillarda sodir bo‘lgan 780 ta qo‘shib yozish, o‘zlashtirish va poraxo‘rlikka doir 780 ta ish tergovdan tugal ravishda o‘tib sudlarga yuborildi, 4 ming kishi, jumladan 600 ta rahbar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Hukm etilganlar orasida O‘zbekiston paxta tozalash sanoatining sobiq vaziri, uning 5 ta o‘rinbosari, vazirlik boshqarmalari boshliqlari, viloyat boshqarmalarining boshliqlari, hokimiyat tarmog‘ining yuqori vakillari – 2 ta O‘zKP MQ sobiq kotibi, 400 ta mahalliy sovetlar deputatlari, 8 ta SSSR va respublika Oliy Soveti deputatlari, respublika vazirlar kengashining sobiq raisi, 6 ta ichki ishlar vazirligi generallari bor edi13.
1985 yilda “paxta ishi” bo‘yicha 2272 kishi ustidan 338 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, jinoiy javobgarlikka tortilganlarning 213 tasi kolxoz raislari va sovxoz direktorlari, 49 tasi paxta tozalash zavodi direktorlari, 13 tasi partiya va sovet organlari xodimlari bo‘lgan14.
“Paxta ishi” bo‘yicha paxtachilikka aloqasi bo‘lmagan soxa vakilari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hatto, maktab o‘qituvchilarini ham paxta ishi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish holatlari yuz bergan. 1982 yilda Qashqadaryo viloyati SHahrisabz tumanidagi 27-maktab o‘qituvchilari To‘raev, Sultonov, Ahmedov, Raximov, Ismoilov, Qayumov, Po‘latovlar paxtaga qo‘shib yozish bo‘yicha to‘lov vedomostlariga imzo qo‘yganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan15.
1986 yil 1 yanvar holatiga “paxta ishi” yuzasidan ochilgan 110 ta jinoiy ish tugallanib, bu bo‘yicha aybdor deb topilgan 679 kishi ustidan sud qarori e’lon qilingan. 679 nafar sudlanganlarning 363 tasi KPSS a’zosi, 14 tasi VLKSM a’zosi, 37 tasi esa ilgari sudlanganlar bo‘lgan. Ushbu ko‘rilgan ishlar 40 ta kolxoz, 25 ta sovxoz, 45 ta paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish punktlarida sodir etilgan. Sudlanganlarning 53 nafari Ittifoq ordenlari bilan, 97 nafari medallar bilan taqdirlanganlar va 21 nafari mahalliy Sovet xalq deputatlari bo‘lgan16.
Albatta, “paxta ishi” – bu KPSSning so‘nggi bor o‘zini saqlab qolishga intilishi, totalitar rejimni sog‘lomlashtirishga urinishi edi. Lekin vaqt boy berilgan, sovet jamiyati endi eskicha yashashni xohlamay qo‘ygan edi. Dissidentlar, g‘arb tashviqoti, axborot urushlari SSSRni ichidan emirib bo‘lgan edi. Bu davrda amalga oshirilgan partiya siyosati, hukumatning bu sohadagi chora-tadbirlari o‘z samarasini bermadi. O‘zbekiston SSR bu davrda ijtimoiy jihatdan ancha orqada qolgan mintaqa sifatida qoldi.
O‘zbekistonda “qayta qurish” davrida ham Markaz tomonidan uyushtirilgan “paxta ishi” va “o‘zbek ishi” kabi korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida qatag‘onlik siyosati davom etdi. Bu davrda minglab xo‘jalik rahbarlari va partiya xodimlari uyushtirilgan ayblovlar bilan mansablaridan olindi, aksariyati ustidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Mustaqillikning birinchi yilida ulardan 3000 dan ortig‘ining avf etilishi bu ishlarning noqonuniy bo‘lganini ko‘rsatdi17. “Paxta ishi” kampaniyasi yuzasidan o‘tkazilgan tergovlarda 20 mingdan ortiq kadrlar aybdor deb topildi18.
“Paxta ishi”ning chindan ham mavjud bo‘lgan kamchiliklar va hatto jinoyatlarni ochib tashlashga yordam berganligini aytib o‘tmaslik adolatdan bo‘lmaydi, lekin bu narsaning o‘zbek xalqiga hech bir aloqasi yo‘q edi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishishi bilan “paxta ishi”ning tamomila sharmandasi chiqdi, gunohsiz ozor chekkan necha minglab kishilar oqlandi va haq-huquqlari tiklandi.


7. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari. 1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi.

Sovet hukumati xalqning real daromadlarini oshirish, yashash sharoitlarini yaxshilash, tibbiy xizmat va sog‘likni saqlash sohasidagi imkoniyatlarini yarata olmadi. Xolbuki bu davrda AQSHda bir yilda bitta maktab o‘quvchisiga 3386 dollar, Angliyada 2285 dollar sarflangani holda SSSRda 257 rubl sarflangan, bog‘cha tarbiyalanuvchisiga AQSHda 3000 dollar, YAponiyada 11 000 dollar saflangani holda SSSRda 533 rubl mablag‘ ajratilgan19. Bu ko‘rsatkich ittifoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar bo‘lib, O‘zbekistondagi ahvol o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past edi.


O‘zbekistonda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi texnikasi va hatto to‘qimachilik maxsulotlari import qilina boshladi. Natijada, import eksportdan ikki barobarga oshib, sut, go‘sht, tuxum va baliq va boshqa iste’mol mahsulotlari aholi jon boshiga ittifoqdagi o‘rtacha me’yorning yarmini tashkil qildi. Markaz tomonidan aholini asosiy iste’mol mollariga bo‘lgan ehtiyojini qondirolmaganligi oqibatida qora bozor O‘zbekiston umumiy savdo aylanmasining 20 foizini tashkil qildi. Vaholanki, qora bozorda mahsulotlar ancha baland narxda sotilgan, ushbu hol aholi turmush darajasining pasayishiga olib kelgan omillardan biri edi20. O‘zbekistonda 1975 yilda kishi boshiga go‘sht va go‘sht maxsulotlari iste’moli 31 kg, sut va sut mahsulotlari 165 kg, tuxum iste’moli 93 dona, baliq iste’moli 4,0 kg ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1990 yilga kelib bu ko‘rsatkich mos ravishda go‘sht va go‘sht mahsulotlari bo‘yicha 32 kg, sut va sut mahsulotlari bo‘yicha 210 kg, tuxum 120 dona, baliq 4,9 kg ni tashkil etdi21.
Sovet imperiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli yillar osha mustahkamlanib borgan paxta yakkahokimligi Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham tabiat muvozanatining buzilishiga, suv manbalari – daryolar o‘zanlarining kamayib ketishiga sabab bo‘ldi. Tabiat muvozanati buzilib, er, suv, havoning zaharlanishi inson naslu nasabiga, ruhiyatiga salbiy ta’sir etib, jismoniy va hatto ma’naviy barkamol kishilar paydo bo‘lishiga to‘siq bo‘ldi. Bu sohadagi salbiy illatlar, turg‘unlik hodisalari va buzilishlar 70-80-yillarning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda yanada kuchaydi.
Ittifoqning bir guruh taniqli olimlari L.I.Brejnevga yo‘llagan xatida O‘rta Osiyoda yangi o‘zlashtirilayotgan erlarni sug‘orishda suv taqchilligining oldini olish uchun Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga burish taklifini bildirganlar. Xatda keltirilishicha, agar mintaqadagi suv resurslaridan foydalanish shu darajada davom ettirilsa, 1980 yilda Sirdaryoning, 1985 yilga borib esa Amudaryoning suvlari to‘la sug‘orish uchun olinishi haqida ogohlantirilgan22. Lekin, bu o‘rinli taklif ham Ittifoq rahbarlari tomonidan e’tiborga olinmagan.
XX asr oxiriga kelib Quyi Amudaryo hududidagi ekologik fojianing salbiy oqibatlari ma’muriy-buyruqbozlik tizimining nuqsonlari bilan uyg‘unlashgan holda yuzaga keltirgan “nosog‘lom muhit” katta ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar tug‘dirdi:
Birinchidan, dengiz sathining pasayishi va u bilan bog‘liq holda 3 mln. gektardan ortiq erlarning sahrolarga aylanishi bu hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy, sanitariya-gigiena va tibbiy-biologik holatlarning yomonlashuviga bilan birga, ekologik nuqtai nazardan atrof-muhitning ifloslanishi va iqlimning o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi.
Ikkinchidan, suvning ko‘p miqdorda sarflanishi, suvdan foydalanishning va erlarni o‘zlashtirishning ilmiy jihatdan asoslanmaganligi, qishloq xo‘jaligining ekstensiv rivojlanishi kabi omillar uyg‘unlashgan holda ekin maydonlarining sho‘rlanishiga, juda katta ekin maydonlarining yaroqsiz holga kelishiga olib keldi va xalq xo‘jaligiga katta iqtisodiy talafot etkazdi.
Uchinchidan, Orol dengizining 3 mln.gektardan ortiq qurigan o‘zani tuz ko‘tarilishining o‘chog‘iga aylandi. Tuz changlarini 15 km balandlikka ko‘taruvchi va 200 km kenglikda harakatlantiruvchi kuchli bo‘ronlar vujudga kela boshladi. Har yili atmosferaga 150 mln. tonna tuz changgi ko‘tarilib, 800 km uzoqlikka etib boradigan bo‘ldi. Havodagi tuz miqdori 5-12 % ga etdi. Bu holat qumlik maydonining kengayishiga, to‘qayzorlar, turli o‘simliklar, qushlar va hayvonlar turlarining yo‘qolishiga olib keldi. SHuning ta’sirida yaylovlarning tabiiy potensiali keskin pasayib, taxminan 5 mln. tonnaga yaqin qimmatli ozuqabop o‘simliklar yo‘qotildi.
80-yillar oxirida respublika ijtimoiy hayotida jonlanish boshlandi. Odamlar xilma-xil fikrlar bildirish, dillaridagini oshkora ayta olish imkoniyatiga ega bo‘la boshladilar. Mustaqillik uchun harakatda yangi to‘lqin boshlandi. Ammo yurtimizda hukmron bo‘lgan Markazdan yuborilgan “kadrlar to‘dasi” ularning qosh-qovog‘iga qarab ish yuritadigan ayrim mahalliy ojiz rahbarlar bu g‘oyaga, uni amalga oshirishga to‘sqinlik qildilar. Milliy qadriyatlarimizga nisbatan yana qatag‘onlik uyushtirildi, to‘qib chiqarilgan “paxta ishi” bahonasi bilan o‘n minglab kishilar jinoiy javobgarlikka tortildi va ularning aksariyati qamaldi. Tarix taqozosi bilan elim deb, yurtim deb, yonib yashayotgan Islom Karimovdek fidoiy inson O‘zbekistonning birinchi rahbari lavozimiga saylanishi bu sohadagi adolatsizliklarga barham berilishiga olib keldi, adolat tiklandi.
1989 yilning may-iyun oylarida Farg‘ona vodiysida bo‘lib o‘tgan millatlararo mojarolar siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi. 1989 yil 24 may kuni Quvasoy shahrida mahalliy yoshlar bilan yosh mesxeti turklar o‘rtasida bezorilik to‘qnashuvi kelib chiqadi. To‘qnashuvda mesxeti turklardan 150 kishi va mahalliy xalq vakillaridan 250-300 kishi qatnashgan23. Bu to‘qnashuv tez orada Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari aholisi orasida ham tarqalib, yoshlarning ommaviy chiqishlariga, yana boshqa millatlararo ziddiyatlarning ro‘y berishiga olib keldi.
Bu kabi chiqishlarni bartaraf etish uchun namoyishchilarga qarshi harbiy qismlar olib kelindi. 1989 yil 8 iyun kuni Qo‘qon shahrida asosan yoshlardan iborat bo‘lgan tinch namoyishchilar harbiy qism askarlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 50 dan ortiq namoyishchi o‘ldirildi, 200 dan ortiqroq namoyishchi esa yarador bo‘ldi.
O‘zbekiston Kompartiyasi MQ tomonidan tuzilgan maxsus komissiya hisobotida ko‘rsatilishicha, iyun voqealarida 103 ta odam nobud bo‘lib, (bu ko‘rsatkich 112 taga etdi) shundan 52 tasi mesxeti turklari, 36 tasi o‘zbeklardan iborat bo‘ldi. 1011 ta odam shikastlandi, 137 ta harbiy ichki qo‘shin askarlari va 110 ta militsiya xodimlari yarador bo‘ldi. 757 ta yashash uylari, 27 davlat ob’ektlari, 275 ta transport vositalari talandi va yoqib yuborildi. SSSR bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra 1989 yil iyul oxirida 2000 dan ortiq shaxsga huquqbuzarlikka oid jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi, shulardan 600 tasi Farg‘ona qirg‘inlarida faol ishtirok etgan shaxslar edi. 1989 yil oktyabr oxiriga kelib 225 ta qirg‘in ishtirokchilari qamoqqa olindi, ulardan 41 tasiga qasddan odam o‘ldirganligi uchun aybnomalar qo‘yildi24.
1990 yilning 2-yarmida O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan Farg‘ona oblastidagi ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq jinoiy ishlar o‘rganilib, 277 kishi bo‘yicha ochilgan 107 ta jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Ko‘rib chiqilgan 107 ta ishdan 168 kishi bo‘yicha ochilgan 72 ta jinoiy ish yuzasidan hukm chiqarilgan, 94 kishi bo‘yicha ochilgan 35 ta jinoiy ish qayta tergov o‘tkazilishi uchun qaytarilgan25.
Ko‘p o‘tmay Farg‘onadagi kabi voqealar Andijon bilan chegaradosh O‘sh shahri o‘zbek aholisining boshiga tushdi. 1990 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatining O‘zgan va boshqa shaharlarida o‘zbek-qirg‘iz millatlararo urushi kelib chiqdi. Millatlararo to‘qnashuvlarda 30-35 ming aholi ishtirok etdi. Jinoiy ishga 300 ta odam tortildi26.
1990 yil 24 martda XII chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining birinchi sessiyasi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentlik lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Sessiya yakdillik bilan Islom Abdug‘anievich Karimovni O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidenti etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu erda alohida shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda Prezident lavozimining ta’sis etilishi respublikaning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi uchun kurash borasida qo‘yilgan dadil qadamlardan dastlabkisi edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Mustaqillik Deklaratsiyasi” mustaqillikka erishishida qo‘yilgan navbatdagi muhim qadamlaridan biri edi. Bu umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan Deklaratsiyani qabul qilishda Respublika Oliy Soveti deputatlari faollik ko‘rsatdilar. Natijada, bu masala respublika Oliy Sovetining (XII chaqiriq) 1990 yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 12 chaqiriq ikkinchi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. O‘zbekiston rahbariyati va xalqining O‘zbekistonning mustaqillik sari dadil qadam qo‘yayotganligini 1991 yil 17 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Referendumda O‘zbekiston xalqining mutlaq ko‘pchiligida O‘zbekistonni mustaqil respublika sifatida ko‘rish xohishi borligining o‘ziyoq respublika rahbariyatining bu boradagi dadil kuch g‘ayratini qo‘llab-quvvatlash ifodasi edi.



Yüklə 1,8 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   99




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin