-ma’ruza. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati. O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li. (2 soat)
3-ma’ruza. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati. O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li. (2 soat)
REJA: 1. Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol.
2. O‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi. Siyosiy tizimdagi o‘zgarishlar.
3. Mustaqillikning e’lon qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining tashkil etilishi.
4. Mustaqil O‘zbekiston davlatining yuzaga kelishi va mustahkamlanishida I.Karimovning tarixiy xizmatlari.
5. Mustaqil taraqqiyotning dastlabki bosqichidagi muammolar.
6. O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlashi. Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
7. O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish strategiyasi: yangilanish va taraqqiyot yo‘li. O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan strategiya asoslari.
8. Mustaqillik – me’yoriy-huquqiy asoslarining yaratilishi. Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati. Davlat ramzlari.
Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol.
1985-yil aprel plenumida SSSR MK Bosh kotibi M.S.Gorbachyov tomonidan Ittifoqda “qayta qurish” siyosati e’lon qilindi. Qayta qurishning asosiy mohiyati jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarida to‘planib qolgan inqirozli holatlarni bartaraf etish rejasidagi siyosat edi. Aslida qayta qurishni amalga oshirish ikki bosqichga bo‘lingan.
Birinchi bosqich 1985-1987-yillarda bo‘lib, ikkinchi bosqichi – 1987-1990 -yillarni o‘z ichiga olgan. Biroq, qayta qurish o‘zining birinchi bosqichidayoq inqirozga yuz tutdi. Buning sabablari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
1. Qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan aniq dasturi yo‘q edi.
2. Mamlakatdagi partokratik rahbariyat “nomenklatura”ni saqlab qolishdan manfaatdor edi, chunki mamlakatni boshqarish ma’muriy-buyruqbozlik usuli orqali oson kechardi.
3. M.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga xos mulkiy munosabatlar, ijtimoiy sohadagi siyosat, yakkapartiyaviy rahbarlik, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi. Bir so‘z bilan aytganda, qayta qurish mustaqillikka intilishni yanada tezlashtiruvchi omil bo‘ldi.
80-yillar oxiri - 90-yillar boshlarida O‘zbekistonda mustaqillikka intilish harakatlari kuchaya borib, uni qo‘lga kiritish shart-sharoitlari vujudga keldi.
1989-yil oktyabrda “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun”ning qabul qilinishi mustaqillik yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Qonunni amalga oshirish maqsadida O‘zbek tilini o‘qitish maxsus kurslari tashkil etildi, o‘zbek tilidagi adabiyotlar, darsliklar nashr etilishiga va o‘quv yurtlarida o‘qitilishga e’tibor kuchaydi. 1990 -yil bahorida Markazning qattiq qarshiligiga qaramasdan, O‘zbekistonda Prezidentlik lavozimi ta’sis etildi. Bu o‘zbek davlatchiligi va mustaqilligining prinspial yangi bosqichi bo‘ldi. O‘zbekiston rahbariyati ba’zi yuqori rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilingan shaxslarni Moskvada suhbatdan o‘tkazish amaliyotini tugatdi.
I.A.Karimov 1990-yil 14-martda O‘zbekiston Oliy Kengashida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti qilib saylandi. 1990-yil 20-iyunda Mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaning qabul qilinishi xalqning davlat mustaqilligiga intilishini huquqiy, iqtisodiy va siyosiy mazmun bilan to‘ldirdi va g‘oyat katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.