3. V-XII – asrlardagi Markaziy Osiyo davlatlari Markaziy Osiyoda milodiy IV-VI asrlar ko‘chmanchi qabilalarning kirib kelishi, qabilalar ittifoqi (konfederatsiya)ning yuzaga kelishi-yangi siyosiy kuchlarning paydo bo‘lishi bilan izohlanadi. Shunday kuchlardan biri – Kidoriylar xususidagi asosiy ma’lumotlar Xitoyning Beyshi solnomasida hamda g‘arb tarixchilaridan biri Prisk Paniyskiy ma’lumotlarida uchraydi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra Kidoriylarning yuechjilar hukmdori Sidolo yoki tadqiqotlar fikricha Kidor (ba’zan “Kidara”) IV asrda hukmronlik qilgan. Hindistonga (456 y) ketib Gupta davlatini bosib olganlaridan keyin 75 yil hukmronlik qilgan.
IV asr o‘rtalarida Turon o‘lkasiga shimoldan ko‘chmanchi xion qabilalarining hujumi boshlanadi. Tarixda ular xiyonit yoki xioniylar nomi bilan tanilganlar. Xioniylarning 353 yil So‘g‘d ustiga yurish qilganliklari ma’lum. Umuman olganda, xioniylar kidoriylar bilan ko‘pincha ittifoqda harakat qilgan bo‘lishlari kerak. Chunki tadqiqotlarda ularning nomi ko‘pincha birgalikda uchraydi. Ularni ba’zida eftalitlarning bir qismi deb ham hisoblashadi. Fikrimizcha, ulardagi o‘zaro farqlanish etnik emas, faqat sulolaviy bo‘lgan. Chunki ularning hammasi qon-qardosh turkiy xalqlardan bo‘lishgan.
Eftalitlar tarixi yuzasidan ma’lumotlar, rim, vizantiya, suriya va arman tarixchilari asarlarida hamda Xitoy solnomalarida, pahlaviy matnlarida, Firdavsiyning “Shohnoma” asarida ham uchraydi. Ushbu manbalarning ma’lumot berishicha, o‘sha davrda eftalitlar bilan Eron sosoniylari o‘rtasida bir necha marta to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi. Sosoniylar qudratiga eftalitlar tomonidan chek qo‘yilаdi. Eronning o‘zida shu vaqtga kelib ichki siyosiy ahvol keskinlashib ketgan edi. Og‘ir iqtisodiy ahvol, qulchilikning emirilishi, soliqlarning o‘sishi, quyi tabaqalarning qashshoqlanishi, urushdan keyingi xonavayronliklar natijasida bu hududlarda norozilik harakatlari boshlanib ketadi. Xalq g‘alayonlari diniy tus olib keng tarqaladi. Mazdak Hamdadon (470-529) zardushtiylikning asl g‘oyalarining hayotga tadbiq qilmoqchi bo‘lib, o‘z harakat mafkurasini yaratdi. Mazdak ta’limoticha, kishilar bu dunyoning ne’matlaridan barobar foydalanishlari lozim, Uning fikricha, ijtimoiy hayotga jamoa huquqlarini tiklash, er-suv, mol-mulkka barobar egalik qilish hammaning o‘zaro tengligiga erishish lozim edi. Mazdak ta’limoti asosida uch “zlik-zan”, “zar”, “zamin” tengligi g‘oyasi yotar edi. Mazdak tarafdorlarining soni Eronda juda ko‘payib ketdi. 529 yilda Mazdak qatl ettirilib, uning tarafdorlariga qarshi ayovsiz kurash olib boriladi. Kubodning o‘g‘li Xusrav I Anushervon (531-579) davrida keng miqyosli islohotlar o‘tkazilishi bilan birga mazdakiylar harakatiga butkul chek qo‘yiladi.
Turon davlatchiligi tarixida Turkiy hoqonlik davlati davri katta va muhim o‘rinni egallaydi. 551 yili Markaziy Osiyodagi eng kuchli bo‘lgan jujanlar xonini mag‘lub etadi. O‘sha yili Bumin yangi davlat – Turkiy hoqonlikka (551-744) asos soladi.
VII asrdan to IX asrgacha Movaraunnahr arab xalifaligi ta’sirida bo’lgan. IX asrga kelib O‘rta Osiyo, xususan Movaraunnahrda arab xalifaligiga qarshi olib borilgan kurashlar natijasida mahalliy sulola vakillarining mustaqillikka bo‘lgan intilishlari kuchayib, Tohiriylar va Somoniylar davlati tashkil topadi. Bu davrda yana G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati faoliyat yuritgan. XIII asrdan to XIV asrning 2-yarmigacha Movaraunnahr mo’g’ullar istilosi ostida bo’lgan. Jaloliddin Manguberdi – yurt himoyachisi sifatida maydonga chiqdi va mo’g’ullarga qarshi 11 yil davomida kurash olib bordi.
Islom omili o‘tmish asrlarga qarshi o‘laroq, jamiyat boshqaruvining yagona mafkurasini shakllantirdi.
Boshqaruvning klassik shakllarining yuzaga kelishi, siyosiy-iqtisodiy munosabatlar, ilm-fan rivoji (Ilk Uygonish davri), xalqaro munosabatlarda tutilgan katga mavqega ko‘ra X—XIII asrlar (mo‘g‘ullar bosqiniga qadar) ni davlatchiligimiz tarixidagi o‘ziga xos «oltin davr» deyish mumkin.