Ekinni parvarish qilish. Ertagi kartoshka odatda 20-25 kundan keyin
koʻkarib chiqadi. Bu vaqt ichida ekinni begona oʻt bosib ketadi, bahorgi
yogʻingarchiliklar tufayli tuproq zichlashib qatqaloqlashadi. Natijada endi una
boshlagan urugʻlik tuganak yotgan tuproqning havo va issiqlik rejimi
yomonlashadi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun ertagi kartoshkaning birinchi va
asosiy parvarishi unib chiqqungacha yerni 1-2 marta boronalash hisoblanadi.
Kartoshka toʻrsimon boronalar yoki zig-zag borona yordamida koʻndalangiga
ishlanadi. Bu bilan tuproqning havo va suv rejimi yaxshilanadi, maysalarning
qiygʻos unib chiqishi uchun qulay sharoit ta‘minlanadi, qatqaloq va begona
oʻsimliklar ancha yoʻqotiladi.
Maysalar unib chiqquncha qator oralari toʻrsimon borona osilgan kultivator
bilan 1-2 marta ishlov berilsa ham hosil 12- 15 % gacha oshadi. Bunda bir vaqting
oʻzida ekin qator oralari va egatlar yumshatilib, yoppasiga ishlanadi. Toʻrsimon
borona juda yengil, uning tishlari bir-biriga sharnir usulida biriktirilgan boʻladi.
Shu boisdan boronalayotganda egatni sira buzmaydi, urugʻlik va una boshlagan
maysalarni shikastlamaydi, u egat marzasini 5-7 sm. chuqurlikda yumshatadi.
Ertagi kartoshka ekilgan yer 10-12 kundan keyin boronalanadi va kultivasiya
qilinadi, keyinchalik bu ish yana 10-12 kundan keyin takrorlanishi mumkin.
Maysalar toʻliq koʻkarib chiqqandan keyin boronalash toʻxtatilib, qator oralari
birinchi marta 12-14 sm. chuqurlikda, keyingi martalarida esa 14-16 sm
chuqurlikda kultivasiya qilinadi.
Kartoshka hosil toʻplashga toʻla kirguncha, har galgi sugʻorishdan yoki
yogʻingarchilikdan soʻng, kultivasiya qilib turiladi.
Ertagi kartoshka yetishtirishda gerbisidlar foydalanilmagan maydonlarda
ekinni begona oʻtlardan toza holda saqlash uchun chopiq qilish ham zarur tadbir
hisoblanadi. Kartoshkani chopiq qilishning yana ahamiyati shundaki, tuproq
yumshab, koʻproq hosil tugish uchun qulay sharoit tugʻilibgina qolmay, balki
96
tuganaklarni yozgi issiqning zararli ta‘siridan ham saqlaydi. Ekin oʻsuv davrida
holatiga va navning tezpisharligiga qarab bir-ikki marta chopiq qilinadi.