Daftar hoshiyasidagi bitiklar Ushalmas orzu Qaniydi, yoshligingda keksalardek donishmand, keksayganda yoshlardek baquvvat bo‘lsang…
Aql va til Goho aql qancha qisqa bo‘lsa, til shuncha uzun bo‘ladi…
Tuhfa emas Mustaqillik berilmaydi. Mustaqillik olinadi!
Unutmang Ona tilini unutmoq –o‘z onasini unutmoq demakdir.
Vatan tuyg‘usi Qaysi yurtda non arzon bo‘lsa, o‘sha erga ko‘chib yuradigan odamda Vatan tuyg`usi bo‘lmaydi.
Tanishuv “Jiring-jiring!”
--Labbay, eshitaman.
--Allo, kim bu?
--Assalomu alaykum. Kechirasiz kim kerak sizga?
--Kim bu o‘zi?
--Uzr, kimni chaqiray?
--Kim bu deb so‘rayapman?
--Kim kerak axir?
--Sendan so‘rayapman: kim san?
--E. Bor-e o‘zing kimsan?
--Esh-sh-ak!
--Tanishganimdan xursandman, ammo bu erda sizning qavmlaringiz yo‘q. Xex!
“Tut-tut-tut…”
SHukr qilgan… Bir sinfdoshim bor edi. Otasi “katta joy”da ishlar, badavlat yashashardi. Mahallada birinchi bo‘lib televizor olishgandi. Sinfdoshim yaxshi o‘qirdi. Ettinchi sinfni bitirgan kuni motoqiklli bo‘ldi. Maktabni oltin medal bilan tugatdi.
Yillar o‘tdi. Bir kuni ko‘rishib qoldik.
-Ishlar qalay? –desam, Zarda bilan qo‘l siltadi:
-Rasvo! Domlam o‘lgudek maraz! Kandidatlik ishimni cho‘zib yotibdi.
Yillar o‘tdi. Tag‘in ko‘rishdik.
-Ishlar qalay?
-Rasvo! O‘g‘lim ko‘p ichadi. Kecha yap-yangi mashinani pachag‘ini chiqarib keldi!
Yillar o‘tdi. YAna ko‘rishdik.
-Ishlar qalay.
-Rasvo! Qizimning turmushi notinch. Qaynonasi yomon. Sudlashmoqchiman.
-Yillar o‘tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. SHifoxonaga borsam, rangi bir xolatda yotibdi.
-Ishlar qalay!
-Rasvo! Qand kasali degan palakat adoyi-tamom qildi. O‘lib o‘lmayman, tuzalib tuzalmayman!
Tavba, deb gapiray-ku, farishtalar omin, degan ekanmi, uzoqqa bormadi, bechora…
YAna bir sinfdoshim bor edi. Otasi urushdan yarim jon bo‘lib qaytgan, to‘kilib ketay deb turgan kulbada turishardi. YAxshi o‘qirdi. Lekin medalga “ilinmada”.
Yillar o‘tdi. Bir kuni ko‘rishib qoldik.
-Ishlar qalay!
-Xudoga shukr, zo‘rman! Mebel fabrikasida ishlayapman. Kunduzi duradgorlik qilaman. Kechasi uch kunda bir qorovulman. YAqinda velosiped oldim.
Yillar o‘tdi. YAna ko‘rishdik.
-Ishlar qalay!
-Xudoga shukr zo‘rman! Qizim farzand ko‘rdi. Nevaramga beshik olishga ketyapman!
Yillar o‘tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Xuddi o‘sha, boshqa sinfdoshim yotgan shifoxonada ekan. Rangi bir holatda.
-Ishlar qalay!
-Xudoga shukr, zo‘rman. Buyrak jinday shamollabdi. Bergan dardiga shukr!
YAqinda uni tag‘in ko‘rdim.
-Ishlar qalay!
Xudoga shukr, zo‘rman! To‘ng‘ich nevaramning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Xudo xohlasa, besh-olti yilda nevara kuyov ko‘raman. To‘yga borasan-a?! (O‘.Hoshimov)