O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti



Yüklə 1,4 Mb.
səhifə43/106
tarix27.09.2023
ölçüsü1,4 Mb.
#149763
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   106

TIL VA MADANIYAT24

Til - millatning tarixiy-madaniy merosi sifatida


Til – insoniyat tomonidan ajdodlardan meros qilib olingan «ma’naviy boylik», tarkibida turli elementlar, qoidalar, barcha sathlardagi munosabatlar saqlanayotgan imkoniyatlar xazinasidir.
Insonning lisoniy madaniyati uning ma’naviy olamida muhim o‘rinni egallaydi. Unda tarixiy davrlarning, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning eng muhim xususiyatlari namoyon bo‘ladi. Muhimi, bu xususiyatlar til strukturasida, uning lisoniy qurilishidagi o‘zgarishlarda, lug‘at va frazeologiya tarkibidagi semantik siljishlarda, shuningdek, ramziy-stilistik vositalar tizimidagi yangiliklarda, nutqiy muloqot normalarida va, umuman, til madaniyatining ijtimoiy-psixologik vazifalari qatorining kengayishida ham o‘z ifodasini topadi.
«Til madaniyati» tushunchasining mazmuni turli tarixiy davrlarda turlicha ko‘rinish olishi ehtimoli yo‘q emas (Щerba 2000: 114-115).
Til madaniyati – eng avvalo ijtimoiy amaliyot jarayonida shakllangan va jamiyat tomonidan e’tirof etilgan til normalari, uning lug‘at boyligidir. Ularning vazifasi til vositasida fikrlashning mantiqiy ravonligini, mazmunan aniqligini ta’minlashdir. Til normalarining buzilmasligini, muhimligini ta’minlash orfografiya, orfoepiya, fonetika, morfologiya, sintaksis, semantika kabi sohalar zimmasiga yuklangan. Nutq uzusi, shuningdek, sotsiolingvistik faktorlarn-ing harakatchanligiga ham bog‘liq. Masalan, adabiy faoliyat doirasining kengayishi, milliy til variantlarining umumlashuvi, adabiy til va dialektlar orasidagi farqlarning kamayishi, tilning «kasbiylashuvi», ya’ni ma’lum faoliyat sohasi talablariga moslashuvi kabilar ham til madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida o‘z aksini topadi (Mamatov 2005).
Umuman olganda, til normalarini aniqlash va farqlashda quyidagi holatlarga asoslanish mumkin: 1) til ko‘p qatlamli, ko‘p qismli qurilmadir, biroq u yaxlit voqelik sifatida doimiy rivojlanishda bo‘ladi va har doim muloqot jarayonining qiyinchiliksiz ro‘y berishini ta’minlash qobiliyatiga ega; 2) til normalari til tizimida mavjud bo‘lgan imkoniyatlar ichidan tanlab olingan birliklar majmuasidir; 3) til normasi muayyan uzusga asoslanadi; 4) til normalaridagi o‘zgarishlar mazkur tilda so‘zlovchi jamiyat a’zolarining kommunikativ ehtiyojlari o‘zgarishi tufayligina yuzaga kelishi mumkin; 5) til voqeligida muloqot muhitiga mos holda farqlanadigan norma qator o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lgan o‘lchamdir; 6) til normasini farqlash va uning xususiyatlarini tushunish uchun farqlovchi belgilar ikki asosiy turda bo‘lishini unutmaslik zarur: a) sohalardagi farqlar bo‘yicha (dialekt normasi, so‘zlashuv nutqi normasi, adabiy til normasi); b) xususiyatiga ko‘ra farqlash (variantli va variantsiz normalar, zaruriy va fakultativ normalar va hokazo).
Til madaniyati – sotsiolingvistik hodisa sifatida majmuaviy xarakterga ega. «Til madaniyati» tushunchasining o‘zida, birinchidan, til tizimi va kommunikativ faoliyat o‘rtasidagi munosabatlarning, ikkinchidan, til tizimida ijtimoiy va nutqiy faoliyatning individual xususiyatlari dialektik tabiati o‘z aksini topgan.
Til madaniyatining yuqorida qayd etilgan tamoyillariga shaxs umumiy xususiyatlarining tarkibiy qismlari deb ham qarash mumkin. So‘zlovchi shaxsning til madaniyati maqomini o‘rganishda esa, uning ijtimoiy-madaniy qoidalarga qanday rioya qilishi hisobga olinadi. Bu qoidalarni belgilashda shaxsning yoshi, jinsi, ma’lumoti, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va iqtisodiy holati kabilar inobatga olinadi.
«Til madaniyati»dan farqli o‘laroq, lisoniy «muloqot madaniyati» tushunchasi quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi: 1) bu tushuncha lisoniy faoliyatning ikki turi, ya’ni nutq yaratish va uni tushunish jarayonlarini nazarda tutadi; 2) to‘liq nutqiy axborotlarga taalluqli bo‘ladi (ma’lum mavzuga oid matnlar); 3) matnda bir emas, bir necha tildagi axborotlarning ishlatilishi kuzatiladi.
Keyingi davrlarda lisoniy muloqot madaniyatiga turlicha nolisoniy faktorlarning ta’siri kuchaymoqda. Bular qatoriga jamiyatdagi ijtimoiy va kasbiy munosabatlarning murakkablashuvi, mehnat faoliyatining o‘zgarishi, adresatga nisbatan diqqat-e’tiborning oshishi, ifoda vositalari zahirasining boyishi kabilar kiradi. Muloqot madaniyati kommunikantlar xarakteri bilan yoki muloqot vaziyatiga iloji boricha ko‘proq elementlarning qo‘shilishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu o‘z navbatida ijtimoiy hayot ko‘zgusi bo‘lgan lug‘atning lisoniy – madaniy rivojlanishiga olib keladi. Hozir u kundalik hayotdagi evfemizmlar va siyosiy muloqot jarayonida keng qo‘llanilayotgan konnotativ baholash birliklari hisobiga faol rivojlanmoqda. O‘zbek tilshunoslari M.Mirtojiev va N.Mahmudov-lar «oltin» so‘zining nutqiy tuzilmalarda epitet (sifatlash) vazifasida qo‘llanishida ifodalanadigan ma’no xususiyatlarini quyidagicha izohlashadi: Erdagi oltin soch va porloq yulduzlar nurini ichamiz (H.Olimjon) gapida muallif sochning rangini ifodalamoqchi bo‘lsa, «SHu oltin damlarni sezardim tanho» (G‘ayratiy) gapida shoir «qadrga egalik» va «huzur- halovatli» onlarni eslatmoqchi. Xuddi shuningdek, «Inim Yo‘lchi, oltin boshing bor» (Oybek) va «Kam bo‘lmang, oltin so‘zlarni aytdingiz» (I.Rahim) tuzilmalarida qimmatlilik, aqllilik, nasihatomuzlik mazmunlariga ishora bor (Mirtojiev, Mahmudov 1992: 42-43).
Tilning madaniy mazmunini ifodalovchi muhim xususiyat-lari qatoriga uning erkin ishlatilishini (o‘zi ifodalaydigan narsaga nisbatan hech qanday fizik va biologik ramziylikning yo‘qligi), mahsuldorligini (jumlalar tuzish imkoniyatining cheklanmaganligi), semantik universallikni (ifodalaydigan fikrning mavzusi cheklanmaganligi), qatlamlarning siljishini kiritish mumkin. Oxirgisi axborotni makon va zamonga nisbatan befarq uzatish mumkinligini ifodalovchi universal xususiyatlaridan biridir (Anderson 1976: 297-331).
Til umumiy va xususiy kategoriyalar bilan ish yuritish qobiliyatiga ega. Biroq, borliqni til vositalari bilan ifodalash u yoki bu predmet va hodisaning belgilarini turlicha idrok qilinishi natijasida turlicha kechadi.

Til madaniyati nazariyasi haqida


Til taraqqiyotining hozirgi bosqichida me’yorlashuv, namunalashish, tabaqalanish, «intellektuallashuv», globallashuv, internatsionallashuv va demokratlashuv kabi turli jarayonlar kechmoqdaki, ularning umumiy til tizimiga, u nutqiy muloqot faoliyatiga ta’siri bir xilda kechmaydi.
Me’yorlashtirish yoki standartlashtirish so‘zlashuv tili va yozma til uslublarini bir qolipga tushirish, ular orasidagi farqni yo‘qotish harakatidir. Bunda adabiy tilning dialektlarga ta’siri va o‘zaro ta’sir natijasida hududiy dialektlarning asta-sekin yo‘qolishi ko‘zda tutiladi. Bu xildagi jarayonning boshlanishi badiiy adabiyot tilining «kambag‘allashuvi», uning grammatikasi va lug‘atining namuna va norma vazifasini bajara olmay qolishiga sabab bo‘ladi, insonlar badiiy adabiyotdan ko‘ra matbuot, radio, televidenie, reklama tiliga ko‘proq duch kelishadi. Natijada ommaviy axborot vositalari tili bilan adabiy til normalarini muvofiqlashtirish muammosi kelib chiqadi. Bunday global hodisalarning asosiy sababi mehnat faoliyati jarayonidagi integratsiyadir va bu esa, o‘z navbatida, muloqot faoliyatini jadallashtiruvchi qandaydir bir «umumiy til» yaratish zaruratini ilgari suradi.
Tilning tabaqalanishi esa sotsiolektlar (muayyan hududdagi bir guruh, bir yoshdagi, bir xil madaniyat darajalaridagi odamlarning muloqotidagi o‘ziga xosliklar), «professiolektlar» (ma’lum shakldagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilarning muloqot tili) kabi qatlamlarning farqlanishidir. Til taraqqiyotidagi bu an’ana ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning, yangi kasblar, zamonaviy kommunikatsiya vositalarining vujudga kelishi natijasidir. Masalan, hozirgi davrda dunyodagi barcha tillarning lug‘at tarkibida yangi atamalarning yaratilishi, sinonim, omonim so‘zlarning keng tarqalishi, kontekstual ma’no rolining oshishi bilan bog‘liq lug‘aviy tabaqalanish hodisasi keng tarqalmoqda.

Yüklə 1,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   106




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin