O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti



Yüklə 1,4 Mb.
səhifə44/106
tarix27.09.2023
ölçüsü1,4 Mb.
#149763
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   106
Tilning «intellektuallashuvi» - umumiy muloqot tiliga ilmiy tilga xos xususiyatlarning keng miqyosda kirib kelishidir. Bu holatda lisoniy muloqotning aniqlikka, bir ma’nolilikka, ifoda vositalarini tejashga bo‘lgan intilishi kuzatiladi. Buning sabablaridan biri fan va texnika taraqqiyoti, jamiyatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning tobora chuqurlashib borayotganligidir. Intellektuallashuv til sistemasining leksik, fonologik va morfologik qatlamlarida o‘z aksini topadi. Masalan, hozirgi nemis tilida bu hodisani quyidagi jarayonlarda ko‘rish mumkin: 1) lug‘at tarkibiga maxsus ilmiy-texnikaviy atamalarning ko‘p miqdorda kirib kelishi (masalan, «Plast»- dastlab bu termin organik kimyoga mansub edi, hozirgi paytda u «sun’iy mato» ma’nosini anglatadi.); 2) tilda mavjud bo‘lgan lug‘at birliklarining maxsus semantik ma’noga ega bo‘lishi.
Tilning internatsionallashuvi – umumiy tilning bir necha tillarda mavjud bo‘lgan, bir xil shakl va ma’noda ishlatiluvchi yangi so‘zlar bilan boyishidir. Tillarning internatsionallashuvida ingliz tili muhim o‘rin tutadi. Lotin, yunon va boshqa tillar asosida ham yangi internatsional so‘zlar vujudga kelmoqda. Masalan, olmoncha: «Autopilot» - avtopilot, «Antikriegs film» - urushga qarshi film; o‘zbekcha: «monitoring», «liqey», «traffik», «gender» kabilar.
Tilning demokratlashuvi – bu yozma va so‘zlashuv tilining bir-birlariga yaqinlashuvidir. Bu hodisa so‘zlashuv tilidagi birikmalarning yozma nutqqa kirib kelishida o‘z aksini topadi. Masalan, nemis tili yozma nutqida mustahkam o‘rin olgan «Fernschen» - «televidenie» so‘zi yoshlarning so‘zlashuv tilida «Television» singari qo‘llaniladi, asos so‘z «Tele» esa ayrim qo‘shma otlarning yasalishida ishlatiladi: «Tele - Theater» - teleteatr, «Tele -Klub» - teleklub; Qiyoslang: o‘zbekcha «Teledebat», «Teleo‘yin».
YUqoridagilardan kelib chiqqan holda til va madaniyatning o‘zaro munosabatlarini ifodalovchi «til madaniyati» masalasining o‘rganilishi dolzarb muammo ekanligi haqidagi fikrga qo‘shilish mumkin.
Til va madaniyatning o‘zaro munosabatlari masalasini o‘rganar ekanmiz, madaniyatning ko‘p qirrali va ko‘p aspektli hodisa ekanligini unutmasligimiz lozim. O‘z navbatida, til ham murakkab qurilma sifatida madaniyatning turli qismlari bilan bir xil munosabatlarga kirishavermaydi. Ammo, tilning madaniyatning turli elementlariga ta’siri hal qiluvchi ahamiyatga ega emas (Safarov 2006).
Insonning til madaniyati uning ma’naviy olamida muhim va zalvorli o‘rin egallaydi. Unda tarixiy bosqichning, tizimning, u yoki bu ijtimoiy-iqtisodiy qurilmalarning o‘ziga xos xususiyatlari o‘z aksini topadi. Ular til qurilishida uning asosiy lisoniy xususiyatlarning o‘zgarishlarida, stilistik vositalarning idrok qilinishida, muloqotning o‘ziga xos (maxsus) shakllarida, shuningdek, tilning ijtimoiy faoliyatdagi vazifalarida ham o‘z ifodasini topadi. SHu sababli «til madaniyati» tushunchasi turli tarixiy davrlarda turlicha mazmunga ega bo‘lgan.
Til madaniyati, eng avvalo, ilmiy xulosalar va ijtimoiy amaliyot natijalari asosida o‘rnatilgan, lisoniy fikrlashning aniqligini ta’minlaydigan til normalari, uning lug‘at boyligi, frazeologik zahirasidir.
Til madaniyati hodisasini uning taraqqiyoti nuqtai nazaridan o‘rganish uchun quyidagi tadqiq yo‘nalishlariga murojaat qilish lozim:

  1. orfografiya (zamonaviy tizimni arxaik xususiyatlardan tozalash maqsadida orfografiyani ilmiy asoslarda isloh qilish borasidagi tadqiqotlar);

  2. nutqning tovush (ohang) tomonini o‘rganishga oid tadqiqotlar (bu tadqiqotlar faqat orfoepiyagagina doir emas, balki talaffuzning muloqotni amalga oshirishdagi vazifasini ham qamrab oladi);

  3. morfologiya. Til madaniyati muammosi grammatikaga ham daxldordir, biroq grammatik tizimda til madaniyati boshqacha yo‘nalish oladi. Zero, til madaniyati nazariyasi mustaqil ravishda morfologik norma yaratishga qodir emas. Norma til tizimining o‘zida vujudga keladi, til madaniyatining unga ta’siri bilvositadir;

  4. sintaksis. bu sohani til madaniyati doirasida o‘rganishda og‘zaki va yozma nutq sintaksisi o‘rtasidagi farqlarga alohida e’tibor berish talab qilinadi;

  5. til madaniyatini stilistik farqlar nuqtai nazaridan o‘rganish;

  6. til madaniyatini semantik nuqtai nazardan o‘rganish lug‘at tarkibini me’yorlashtirish va atamalar tizimini taraqqiy ettirish imkoniyatlarini aniqlash bilan bog‘liq.

Nutq uzusiga bog‘liq bo‘lgan sotsiolingvistik hodisalar quyidagilardan iborat:

  1. adabiy til faoliyat doirasining kengayishi;

2) milliy tilning alohida variantlarining ichki integratsiyalanishi; adabiy til va mahalliy dialektlar orasidagi farqlar tobora kamaya boradi. Bu ko‘plab mamlakatlardagi urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi, jamiyat tizimining o‘zgarishi tufayli ro‘y beradi.

    1. Nutq uzusi adabiy til normalariga katta ta’sir o‘tkaza boshlagan yangi ziyolilar avlodining shakllanishi.

Barcha tabiiy tillar fikr ifodalashning universal sistemalaridir. Til yordamida madaniyat rivojining turli bosqichlarida turgan har qanday jamoa barcha turdagi kommunikativ ehtiyojlarini qondiradi. Hozirgi zamon adabiy tillarining xarakterli xususiyatlaridan biri, masalan, yuqorida zikr qilingan «internatsionallashuv» va «intellektuallashuv»dir. Buning natijasi o‘laroq, barcha mamlakatlarda, nafaqat milliy o‘z-o‘zini anglash va ona tiliga, uning madaniyatiga, balki tillarning lug‘at tarkibini boshqa tillar orqali boyitishga ham e’tibor kuchaydi (Bushuy 2003: 120-124).
Tillararo munosabatlarga til madaniyati nazariyasi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu o‘rinda akademik L.V.Щerbaning quyidagi ibratli fikrini keltirmoq joiz: «YAngi tushunchalarni nomlash uchun tilning o‘zida so‘z topilmasa, o‘zga tillardagi tayyor so‘zlardan, ayniqsa, ular baynalminal ko‘rinishda bo‘lsa, foydalanishdan cho‘chimaslik kerak. Mabodo, yangi tushunchani o‘z vositalari bilan ifodalash imkoniyati bo‘lsa (so‘z yasash yoki qo‘shma so‘zlar tuzish), albatta, o‘z lug‘at tarkibini begona elementlar bilan to‘ldirmaslik yaxshi. Biroq, bu ikki holatning chegaralari shunchalik nozikki, uni maxsus lingvistlik, adabiyotshunoslik sezgisi bilangina payqash mumkin. Biroq, bu sezgi albatta mistik xarakterga ega emas va u filologik tarbiya natijasida shakllanadi» (Щerba 2000: 117).
Hozirgi paytda jahonda milliy tillarni atamalar yaratish hisobidan boyitish borasida katta tajriba to‘plandi. Masalan, malay tili quyidagi prinqiplar asosida yasalgan atamalar orqali o‘z tarkibini boyitmoqda:
1. Dastlab umumfoydalanishda bo‘lgan so‘zlar asosida atamalar yaratish. Masalan, «birga qochmoq» ma’nosidagi malaziycha «selari» so‘zi ilmiy tildagi «parallel» ma’nosida ishlatiladi;

  1. Mumtoz malaziy tilining lug‘at boyligi semantik o‘zlashtirma so‘z manbai vazifasini bajaradi. Masalan, «jism» - oldin «tana, vujud»ni anglatib, hozirda «osmon jismi» ma’nosidagi tushunchani ifodalaydi.

  2. Ilmiy atamalarning bir qismini atamalarga aylangan dialektga oid so‘zlar tashkil qiladi. Masalan, kedax va kelantan dialektlaridagi «oxir», «yakun» ma’nosidagi «sut» so‘zi ilmiy terminologiyada boshqa ma’noda ishlatiladi. SHuningdek, semantik derivatsiya, kalkalash, fonetik o‘zgartirish va boshqa so‘z yasash usullaridan ham foydalaniladi (Istilah pendiekan Melayu- Inggeris… 1996).

Til madaniyati sotsiolingvistik hodisa sifatida majmuaviy xususiyatga ega. Til madaniyati deganda, adabiy tilning asosiy qonuniyatlarini va o‘ziga xos xususiyatlarini, uning ijtimoiy normalarini (orfoepik, orfografik, leksik, morfologik, sintaktik vositalarini) ongli va mustahkam o‘zlashtirish tushuniladi. Bunga adabiy tilning funksional uslublarini ham kiritish mumkin. Til madaniyati doirasiga tilning jamiyatda tutgan o‘rniga bog‘liq bo‘lgan hodisalar ham mansubdir. Barcha dialektlari bilan munosabatda bo‘lgan adabiy til madaniylashadi.
Til madaniyati masalalarini o‘rganishda har bir adabiy til o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanishi va bu xususiyatlarning muloqot muhiti va vaziyati bilan bog‘liqligi hisobga olinadi. Adabiy til normalari ham dinamikdir va uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ifoda vositalarining variantliligidadir.
Til madaniyati uchun ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar, milliy ong, madaniy omillarning ta’siri tilning ichki tizimiy o‘zgarishlari faolligi, me’yorlashtirish siyosatining ta’sirchan-ligi katta ahamiyatga egadir.
Til normasiga ta’sir qiluvchi ichki jarayonlar qatoriga, birinchi navbatda, so‘zlar polimorfizmining cheklanganligini va analitik konstruksiyalar salmog‘ining oshib borayotganligini kiritish mumkin. Bu jarayonlar ta’sirida muqobillar miqdori oshib bormoqda. Ularni baholash va eng ma’qul variantlarini tanlash bugungi kundagi ko‘plab mamlakatlarning me’yoriylash-tirish borasidagi siyosatining dolzarb masalasi hisoblanadi.
«Til madaniyati» tushunchasi umumiy «madaniyat» tushunchasi doirasida uning boshqa sohalari bilan bog‘lab o‘rganiladi.
O‘tmishda til madaniyati eng avvalo purizm (tilni yot unsurlardan tozalash) g‘oyasi bilan bog‘liq holda o‘rganilgan va u nazariy tilshunoslik tamoyillaridan ancha yiroq bo‘lgan. Hozirgi paytda til madaniyati mustaqil ilmiy predmet sifatida shakllanayapti.
Til madaniyatining asosiy o‘lchovi sifatida, qandaydir bir mavhum me’yor (soflik) emas, balki tilning o‘z asosiy vazifalarini bajara olish qobiliyati qabul qilindi. Hozirgi zamon til madaniyati fani o‘z oldiga erkin va aniq nutqiy muloqotni ta’minlashni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Masalan, Evropada bu ishga Praga tilshunoslik maktabi o‘zining katta hissasini qo‘shdi (tilga funksional yondashuv, til tizimining dinamik muvozanati haqidagi ta’limotlar).
«Til madaniyati» tushunchasini unda so‘zlovchi shaxslar madaniyati bilan bog‘lab o‘rganish zarur. CHunki «til madaniyati» tushunchasida bir tomondan til sistemasi va nutq faoliyatining, ikkinchi tomondan, til va nutq orqali yuz beradigan ijtimoiy va individual faoliyatning dialektik munosabatlari o‘z aksini topadi.
Til madaniyatining bu tomonlari alohida shaxs fazilatlarining majmuasini tashkil qiladi. SHu sababli, til madaniyatini shakllantirish shaxsga ta’lim va tarbiya berish jarayonida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. SHu nuqtai nazardan quyidagi masalalar muhokamasi muhimdir: 1) shaxsning ta’lim va tarbiyasi jarayonida til madaniyati qanday rol o‘ynaydi? 2) ta’limning turli bosqichlarida til madaniyatini o‘rgatish borasida qanday vazifalar ilgari suriladi?
So‘zlovchi shaxs va tinglovchi nutqiy muloqot jarayonida o‘zaro to‘rt turdagi sotsiolingvistik munosabatlar pillapoyasini egallashi qayd qilingan, bular – yuqori, teng, past va neytral.
Bunday darajalanishda nutqiy muloqot ishtirokchilarining «ijtimoiy masofa» si (social distance) ham o‘z ifodasini topadi. Bu ko‘pincha muloqot jarayonining «yuqoridan pastga» qabilida, suhbatdoshni mensimaslik, buyruqona ohangda ro‘y berishiga olib keladi. Bundan tashqari, suhbatdoshlarning bir-birlarini yaxshi tanimasligi oqibatida ro‘y beradigan «betakalluf» muloqot turi ham mavjud. Muloqotda ishtirok etuvchi shaxslarni bir-biridan ajratib turuvchi bu holatlar nutqiy muloqot munosabatlarining darajasini belgilaydi. Masalan, o‘g‘ilning o‘z otasiga munosabati «pastdan yuqoriga» va «o‘zaro yaqinlik» darajalarida baholanadi. Bularning hammasi til madaniyatini belgilovchi muhim omillardir.
Nutq madaniyati til vositalaridan muayyan nutq vaziyatiga mos holda foydalanishni taqozo qiladi. So‘zlovchi turli funksional uslublardan erkin foydalanishi lozim. Ijtimoiy kommunikativ faoliyatni muayyan qonun-qoidalar asosida rivojlantirish, til madaniyati va til siyosatiga oid nazariy va amaliy masalalarni hal qilish umummadaniy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Nutq madaniyati g‘oyasi doirasida rivojlanayotgan nazariy yo‘nalishlar quyidagilardir:

  1. nutq normalarining variantliligi;

  2. normalarni baholashga vazifaviy yondashuv;

  3. adabiy til normalarining shakllanishi va rivojlanishida tashqi va ichki (lisoniy va nolisoniy) faktorlarning aloqasi;

  4. milliy til tarkibida adabiy til elementlarining o‘rni, roli va boshqalar.

Normativlik masalalariga til birliklari vazifalari nuqtai nazaridan yondashuv madaniy muloqot faoliyatining lisoniy tarbiya dasturiga aylanishiga, lisoniy hissiyotning shakllanishiga, muloqot malakasining rivojlanishiga, har qanday nutqiy vaziyatlarda jamiyatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarga mos ravishda obrazli ifoda vositalaridan unumli foydalanishga olib keladi. Bunday yondashuv til normasini, adabiy tilni, uning funksional aloqalarini va diaxronik o‘zgarishlarni tarixan, ijtimoiy va lingvistik jihatdan anglashni taqozo qiladi. N.Maxmudov ta’kidlaganidek. «madaniy nutq uchun faqat grammatik to‘g‘rilik emas, balki tanlangan ifoda variantining ijtimoiy maqbulligi, o‘rinliligi ham muhimdir» (Maxmudov 2007: 13). Til madaniyati nutq madaniyatiga nisbatan keng tushuncha; Birinchisi, nafaqat eshitiladigan nutqqa, balki matnga ham taalluqlidir. Nutq madaniyati esa avval eshitiladigan va keyin idrok qilinadigan hodisadir. Biroq ular orasidagi barcha ziddiyatlar lisoniy faoliyat jarayonida echiladi. Bu jarayonda til zahiralariga goh faol, goh ongli munosabatlar ko‘zga tashlanadi va aynan ular til madaniyatining mohiyatini tashkil qiladi.
Til madaniyati tushunchasining mazmuni ham ko‘p qirralidir. Masalan, milliy (masalan, nemis tili) adabiy tilning nutq madaniyati shu millatning an’analari va hozirgi ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liqdir va ular milliy madaniyatning umumiy shart-sharoitlari va ular tarqalgan hududdagi til qurilishi bilan ifodalanadi. Masalan, SHveqariyada nemis tilining sofligi nemis standart tilining sofligi deb emas, milliy xususiyatlarga ega bo‘lgan shveqar uzusining nemis adabiy tili me’yori deb tushuniladi.
SHunday qilib, madaniyat deganda, insoniyat jamiyati tomonidan yaratilgan va shu jamiyat amal qiladigan xulq-atvorlar majmuasi tushuniladi. Til umumiyligi deyilganda esa, tarixan shakllangan, bir xil lisoniy birliklardan foydalanish, shuningdek, foydalaniladigan tilga nisbatan mavjud umumiy soqial baholashlar sistemasi tushuniladi.
Insonning umumiy madaniyati til madaniyati bilan uzviy bog‘liq. Inson umumiy madaniyatining rivojidagi eng muhim yutuqlardan biri o‘z tilidagi qoloq elementlarni yo‘q qilishga intilishdir. Bu shaxsning o‘z fikrini samarali ravishda og‘zaki va yozma bayon qila olish, tilning zamonaviy leksik va frazeologik vositalaridan, stilistik zahiralaridan foydalana olish qobiliyatini ifodalaydi.
Til madaniyatining taraqqiyoti ham ijtimoiy, ham lingvistik omillarga bog‘liq. Ijtimoiy omillar qatoriga jamiyatning muayyan darajadagi taraqqiyoti, iqtisoddagi, xalqaro miqyosdagi, fan va madaniyat sohasidagi integratsiyalashuv an’analari kiradi. Bu omillar lingvistik faktorlar bilan birlashib, yagona butunlikni hosil qiladi, ya’ni milliy tilni, birinchi navbatda, adabiy tilni ilmiy anglash orqali til madaniyatining to‘liq nazariyasi yaratiladi.
Til madaniyatinng nazariyasini va amaliyotini, sotsioling-vistik asoslarini quyidagi vazifalar faollashtiradi:
- til madaniyatini tadqiq qilishni madaniyat tushunchasining umumiy doirasida tashkil qilish.
- tilni ongli ravishda madaniylashtirishga intilish (Germaniya, Vengriya, Polsha, CHexiya, Slovakiya, Bolgariya, Fransiya, Turkiya).
- fuqarolarning adabiy tilga nisbatan mustahkam va ijobiy munosabatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan til va madaniyat siyosatini qo‘llab - quvvatlash, chunki til madaniyati borasidagi har qanday faoliyat, so‘zlovchi shaxsning tilga munosabatini e’tiborga olishi lozim. Bundan tashqari, ushbu faoliyat muayyan, oldindan mavjud bo‘lgan qoida, yo‘l-yo‘riqlar, ob’ektiv baho shartlariga ham tayanadi.
SHunday qilib, norma shakllanishi jarayoni quyidagilardan iborat:
1. Deskriptiv (tavsiflovchi) bosqich;
2. Normani to‘g‘rilab borish bosqichi (bu bosqich baholash va kodlashtirishni ham o‘z ichiga oladi);
3. Performativ bosqich (til tizimini voqelikni etarli darajada ifodalay olishi nuqtai nazaridan tahlil qilish).
Ilm-fan, texnikaning beqiyos rivoji ijtimoiy hayot faoliyatlarining jadallashuv jarayoni murakkab ijtimoiy munosabatlarni va moddiy voqelikning barcha sohalarini lisoniy ifodalashda yangi muammolarini yuzaga keltiradi. SHu sababli hozirgi paytda turli xalqlar madaniyatining o‘zaro munosabatlarini ifodalagan til muammolarni tadqiq qilayotib, har bir jamiyatda tillar, madaniyatlar taraqqiyotining o‘ziga xos va umumiy xususiyatlarini, qonuniyatlarini hisobga olishi talab qilinadi.
Tillar va madaniyatlar o‘zaro munosabatlarining eng umumiy qonuniyatlari qatoriga turli tillarning o‘zaro aloqalarga kirishuvini va bir-birlarini boyitishlarini kiritish mumkin. Biroq bu turdagi aloqa tillar va madaniyatlarning nafaqat taraqqiyotiga yoki boyishiga, balki ayrim hollarda rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Bularga quyidagilar kiradi:

  1. Hech qanday asossiz boshqa tillardan so‘zlarning o‘zlashtirilishi;

  2. Milliy til va madaniyatning sofligini, milliy xususiyatini saqlash niqobi ostida puristik qarashlarning targ‘ib qilinishi. Bunday an’analar oxir-oqibatda tillarning «ihotalanib» qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

  3. Normalar va ilg‘or an’ana, g‘oyalarning buzilishi.

  4. Nozarur holatlarda lisoniy variantlar doirasini kengaytirish va foydalanish.

Xulosa qilib aytganda, til madaniyati nafaqat insoniyatning ma’naviy, madaniy hayotida, balki ko‘p millatli va ko‘p tilli jamiyatning ijtimoiy sohalarida ham zalvorli ahamiyatga egadir.



Yüklə 1,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   106




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin